O‘zA O`zbek

20.02.2018 20:40 Chop etish versiyasi

Andijonda yana bitta tabiiy gaz koni aniqlandi

Andijonda yana bitta tabiiy gaz koni aniqlandi Yaqin kunlarda Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida yana bir gaz qudug‘i ishga tushiriladi. Ma’lumki, o‘tgan yil noyabr oyida Buloqboshi tumani Uchtepa qishlog‘i hududida tabiiy gaz koni topilgani haqida xabar tarqalgan edi.

Mamlakatimizda neft, tabiiy gaz zaxiralarini aniqlash, geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa yangi-yangi yer osti boyliklari zaxiralarini aniqlash imkonini berayotir.

“O‘zneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik jamiyatining “Andijonneft” hamda «Qo‘qon parmalash ishlari» aksiyadorlik jamiyatlari mutaxassislari tomonidan olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida Buloqboshi tumani Uchtepa qishlog‘i hududida tabiiy gaz koni mavjudligi aniqlanib, belgilangan tartibda qazish va parmalash ishlari amalga oshirildi.

4.JPG

– Hududda to‘rtta quduq qazildi, – deydi “Andijonneft” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi M.Davlatov. – Bugungi kunga kelib, 3-quduq ishga tushirildi. Mazkur quduq orqali ayni kunda 80-90 atmosfera bosimi miqdorida gaz qazib olinmoqda. Yana bir quduqni ishga tushirish bo‘yicha zarur ishlar olib borilayotir.

Qazib olinayotgan gaz esa, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining Andijon viloyati gaz ta’minoti hududiy filiali tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilmoqda.

Hududda mavjud yer osti tabiiy gaz zaxiralarini aniqlash maqsadida geologiya-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Fahriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
9 547