Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 18:28 Chop etish versiyasi

Andijonda 55 valyuta almashtirish shoxobchasi tashkil etilib, belgilangan tartibda faoliyat yuritmoqda

Andijonda “Valyuta siyosatini liberallashtirish – erkin iqtisodiyotni ta’minlashning muhim omili” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, partiya faollari, bank, soliq, bojxona tizimi xodimlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Mustaqillik yillarida valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini barqaror rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni  yangi bosqichga ko‘tardi.

– Ushbu farmon mamlakatimizda valyuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilishda muhim ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Tohirjon Tolipov. – Aholi, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga valyutani erkin xarid qilish va ishlatish uchun keng imkoniyat yaratadi. Yurtimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mahsulot va xizmatlar eksportini oshirish, umuman, iqtisodiyotimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan qator muammolarni bartaraf etadi.

Tadbirda farmon mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlar o‘rtasida keng targ‘ib etishning ahamiyati, ushbu hujjatning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti, iqtisodiyoti rivojidagi o‘rni xususida atroflicha fikr almashildi. Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyatda olib borilayotgan ishlar, xususan, banklarning valyuta ayriboshlash shoxobchalari faoliyati, tadbirkorlar hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, yaratilgan qulaylik va imtiyozlar xususida ma’lumotlar berildi.

– Viloyatimizda 55 valyuta almashtirish shoxobchasi tashkil etilib, belgilangan tartibda faoliyat yuritmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Andijon viloyati bosh boshqarmasi valyuta bo‘limi boshlig‘i Jahongir Qo‘chqorov. – Fuqarolarimiz emin-erkin, hech qanday muammolarsiz o‘z mablag‘larini almashtirmoqda. Bundan tashqari, xorijdan mahsulot olib kelmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar nomiga plastik kartalar ochilmoqda, xarid qilingan valyuta ularning hisoblariga hech qanday moneliksiz o‘tkazib berilmoqda.

Anjumanda "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar”, “Tijorat banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishning zamonaviy tamoyillari hamda mexanizmlarini joriy etish”, “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda valyuta siyosatini liberallashtirishning o‘ziga xos jihatlari”, “Valyuta siyosatini liberallashtirish va soliq siyosati” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

Farmon targ‘ibotini kuchaytirish, ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
863






Все о погоде - Pogoda.uz