Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 14:53 Chop etish versiyasi

Amudaryolik fuqaro bankdan kredit olib, ishsiz yurgan o‘g‘lining bandligini ta’minladi

Aholini tadbirkorlikka jalb etish, ularning daromad manbalarini ko‘paytirishga ko‘maklashish maqsadida tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar joriy etilmoqda.

Bank krediti tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy omillaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish choralarini belgilab, “Oddiy aholini tadbirkorlikka jalb etish” loyihasini amalga oshirmoqda.

Ayni paytda barcha tijorat banklari xodimlari har bir xonadonga kirib, bank xizmatlari va kredit turlari haqida ma’lumot bermoqda. Kreditlar eng kam ish haqining 1000 barobari miqdorigacha imtiyozli stavkalarda taklif etilayotgani aholi uchun juda qulay bo‘lmoqda.

Amudaryo tumanida ham tijorat banklari tadbirkorlar safini yanada kengaytirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli mikrokreditlar ajratishga alohida e’tibor qaratmoqda. Taklif etilayotgan kreditlar 3-yil muddatga, 9 foizlik imtiyoz bilan berilayotgani aholida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Shaxsiy tomorqasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istaydiganlar uchun biznes reja talab qilinmasligi, eng kam ish haqining 50 barobarigacha miqdorda kredit mablag‘i uchinchi shaxs kafilligi asosida, undan ko‘p miqdordagi kredit ko‘chmas mulk, yengil yoki yuk tashuvchi avtomobil, asbob-uskunalar garovi asosida berilishi tushuntirilmoqda.

Bank taklif etayotgan kredit xizmatidan foydalangan fuqarolar chorvachilik, parrandachilik bilan shug‘ullanishga kirishdi. Ular orasida tumanning “Olmazor” mahallasida istiqomat qilayotgan Jabborbergan Eshmurodov ham bor. U “Agrobank”ning tuman filialidan 7,5 million so‘mlik imtiyozli kredit olib, 3 bosh qoramol xarid qildi.

– Ishsiz yurgan o‘g‘limning bandligi ta’minlandi, – deydi J.Eshmurodov. – Sigir sutini bozorda sotamiz, bu oilamizga qo‘shimcha daromad keltiradi. Oilalar farovonligini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday ishlardan g‘oyat minnatdormiz.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
2 326






Все о погоде - Pogoda.uz