O‘zA O`zbek

05.01.2017 12:28 Chop etish versiyasi

Amudaryo tumanida 240 oilaga yigirma besh donadan jo‘ja tarqatildi

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida parrandachilik tarmog‘ida ham mahsuldorlik oshib bormoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2016-yilda parrandachilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan 4 milliard 802 million so‘mlik 45 loyiha amalga oshirildi, 200 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Yil davomida barcha toifadagi xo‘jaliklarda 3 million 330 mingdan ziyod tovuq parvarishlanib, 240 million donaga yaqin tuxum yetishtirildi.

Amudaryo tumanida umumiy qiymati 285 million so‘mlik 6 loyiha amalga oshirildi. Natijada qo‘shimcha ravishda 19 ming bosh parranda boqish imkoniyati yaratildi va 28 yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Ayni paytda tumandagi 8 parrandachilik subyektida 600 mingdan ziyod parranda parvarishlanmoqda. O‘tgan yili ularda 9 tonna parhez go‘sht, 185 ming dona tuxum va inkubatorlarda minglab jo‘ja yetishtirildi.

– Har bir oilada parranda bo‘lishini ta’minlash maqsadida 240 oilaga yigirma besh donadan jo‘ja tarqatildi, – deydi inkubator ishchisi Nurbek Imonov. – Bu aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish bilan birga, dasturxon to‘kinligini ta’minlaydi.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
14 683