O‘zA O`zbek

04.07.2019 Chop etish versiyasi

“Amudaryo sohili” uchun 13 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi

“Amudaryo sohili” uchun 13 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi

Prezident tashrifidan so‘ng... 

Termiz shahridagi “Amudaryo sohili” sport-sog‘lomlashtirish markazida aholining yozgi dam olish mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, sportchilar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda Termiz shahar hokimi I.Xudoyberdiev, mehnat faxriysi Sh.Xo‘jaev, Termiz davlat universiteti jismoniy madaniyat fakulteti dekani O.Begimqulov va boshqalar mamlakatimizda aholining bo‘sh vaqtida mazmunli hordiq chiqarishi, madaniy dam olishi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanib, sog‘ligini tiklashi uchun munosib sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 10-11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz shahridagi Guliston mahallasi hududida qarovsiz yotgan joyni obodonlashtirib, sport-sog‘lomlashtirish markazi barpo etish yuzasidan tegishli topshiriqlarni bergan edi. Shunga muvofiq yovvoyi qamish o‘sib yotgan mazkur hudud obodonlashtirilib, yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Viloyat markazi aholisi va mehmonlar yoz jaziramasida kelib, hordiq chiqaradigan bahavo maskanga aylantirildi.

So‘lim va obod go‘shada tozalikka rioya etilishini ta’minlashga, ko‘kalamzorlashtirish-obodonlashtirish yumushlari bilan uzluksiz shug‘ullanishga yo‘naltirilgan “Amudaryo sohili” sport-sog‘lomlashtirish markazi maydonlarini ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti tashkil etildi.

Yam-yashil go‘shada dam oluvchilar uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Erkaklar uchun trenajyor zallari, ayollar uchun fitnes klublar qurilgan. Bolajonlar uchun muzqaymoq tayyorlash va sotish shoxobchalari, turli o‘yingohlar barpo etilgan.

– Ish boshlayotgan sport-sog‘lomlashtirish markazimiz yoz faslida shahar ob-havosi jazirama issiq bo‘lishi e’tiborga olinib qurilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi “Amudaryo sohili” sport-sog‘lomlashtirish markazi direktori O.Bobomurodov. – Manzarali daraxtlar va anvoyi gullar ekilgan hududda barpo etilgan favvoralar bu yerning salqin bo‘lishini ta’minlaydi. Bahavo maydonlarda yoshu keksa miriqib sayr qilishi, dildan suhbat qurib, yayrashi mumkin. Buning uchun maxsus o‘rindiqlar ham o‘rnatilgan.

O‘n uch milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan yangi markazda suzish, badiiy gimnastika, futbol, voleybol, shaxmat kabi o‘ndan ortiq sport to‘garagi faoliyat ko‘rsatmoqda. Uzunligi 800, eni 35 metr bo‘lgan yozgi plyaj ham bunyod etilgan.

– Juda ajoyib va go‘zal maskan bo‘libdi, –deydi termizlik tibbiyot faxriysi S.Kattaev.– Bunday zamonaviy majmuaning barpo etilishi biz, keksalarning bolalikdagi orzuimiz edi. Yoz faslida kechki paytlar bu yerga kelsangiz, beixtiyor bahri-dilingiz ochiladi. Miriqib hordiq chiqarasiz, charchoqni ham unutasiz. Mana, bu suzish havzasiga Surxon daryoning tabiiy suvi olib kelingani ayni muddao bo‘lgan. Chunki, turli foydali mikroelementlarga boy suvga bir tushib chiqsangiz, tanangiz yayrab, maza qilasiz. Yozning tanadagi issiq toshmalariga ham bu suv tabiiy shifo bo‘ladi.

Surxon daryosi sohilidagi sport-sog‘lomlashtirish markaziga odamlarning emin-erkin kelib-ketishi uchun bir yo‘la ikkita yo‘nalishda avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yaratilgan bunday qulayliklardan barcha birdek mamnun.

Tadbirda odamlarning samarali mehnat qilishi, farovon hayot kechirishi va ishdan bo‘sh vaqtlarida mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitni yaratib berayotgan davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirildi.

1 539
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA