O‘zA O`zbek

27.05.2019 11:58 Chop etish versiyasi

Aksiya sotib olib, pulingizni ko‘paytiring!

Aksiya sotib olib, pulingizni ko‘paytiring!

Mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 14 yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. 

Qimmatli qog‘ozlarni shakllantirish, korporativ boshqaruv sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, kapital bozorida ishtirok etayotgan investorlar hamda aksiyadorlar huquqlarini qonuniy himoya qilish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda zarur bo‘lgan resurslarni jalb qilishga ko‘maklashish hamda fond birjalari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalarni bajarishga kirishgan mazkur agentlikning joylarda hududiy boshqarmalari ham o‘z ishini boshladi. 

Kapital bozorining professional qatnashchilari, aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruv, kuzatuv kengashlari raislari, mutaxassislar va tadbirkorlar ishtirokida yaqinda agentlikning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasida targ‘ibot-seminarda ishtirokchilarga agentlikning yangi vazifalari va vakolatlari xususida kengroq tushunchalar berildi. Tadbirda so‘zga chiqqan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Asqar Obidov yurtimizdagi kapital bozorining bugungi holati va uni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor, shuningdek, sohadagi mavjud muammolar to‘g‘risida to‘xtaldi. 

Kapital bozorini yanada rivojlantirish uchun uning ishtirokchilariga soliq imtiyozlarini berish, huquqiy madaniyatini oshirish, hisoblangan dividendlarni o‘z vaqtida to‘lanishini tartibga solish bo‘yicha qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish haqida bildirilgan takliflar qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lib, tadbir faolligini oshirdi. 

– Mazkur tadbir, – deydi hududiy boshqarma yetakchi mutaxassisi Nizomiddin Erkinov, –yangi tashkil qilingan agentlikni keng xalq ommasiga targ‘ibot qilishi, xalqimiz o‘zining bo‘sh turgan mablag‘larini mazkur idora orqali ko‘paytirishi mumkinligini ang¬lab yetishi bilan ham ahamiyatlidir. 

Shuningdek, seminarda “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar mohiyati xususida ham fikrlar bildirildi. 

Sayid MEYLIEV
Manba: “Birja” gazetasi

O‘zA
671