O‘zA O`zbek

26.08.2019 Chop etish versiyasi

AI-91 benzini uchun birja kotirovkasi narxi maʼlum boʻldi

AI-91 benzini uchun birja kotirovkasi narxi maʼlum boʻldi

2019-yilning 19-23-avgustlarida oʻtkazilgan birja savdo yakunlariga koʻra, “OʻzRTXB” AJ birja savdolariga jami 1910,0 tonna AI-91 rusumli avtomobil benzini quyildi.

Jumladan, “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ birja savdolariga 1590,0 tonna va “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ 320,0 tonna AI-91 rusumli benzinini sotuv uchun qoʻyishdi.

Sotuvchi tomonidan belgilanadigan AI-91 benzin uchun boshlangʻich narx, uning bir litri uchun 6216,4 ming soʻmni tashkil etdi.

AI-91 benzini boʻyicha birja savdolari dushanbadan jumagacha har kuni birja savdolari jadvaliga muvofiq oʻtkazildi. Birja savdolari davomida AI-91 rusumli avtobenzinini sotib olish uchun buyurtmalar yuridik shaxslar, shu jumladan yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar, tadbirkorlik subyektlari va avtomobil yoqilgʻi quyish shahobchalari tomonidan kelib tushdi.

Haftalik birja savdo natijalariga koʻra “OʻzRTXB” AJda 12,2 mlrd soʻmlik 1910,0 tonna AI-91 benzini, yaʼni uning savdoga qoʻyilgan barcha hajmi sotilgan. AI-91 rusumli benzinning haftalik kotirovkasi uning amaldagi boshlangʻich narxiga nisbatan 2,5% ga oʻsib, bir tonna uchun 6370,9 ming soʻmni tashkil etdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyundagi “Yoqilgʻi-energetika resurslarining narxlari va tariflarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi” 633-sonli qaroriga muvofiq 2019-yil 15-avgustdan boshlab AI-91 rusumli avtomobil benzinining chakana narxi birja savdolari orqali belgilanmoqda.

7 806
OʻzA