O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 15:37 Chop etish versiyasi

Aholiga qulayliklar yaratish – ezgu ish

Aholiga qulayliklar yaratish – ezgu ish
Qaror va ijro

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki davlatimiz rahbarining 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, mijozlariga sifatli xizmat koʻrsatish, qoʻshimcha qulayliklar yaratishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Xalq banki filiallarida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan Chakana bank xizmatlari markazlaridagi “Front ofis” va “Bek ofis” xizmat turlari mijozlarga manzur boʻlmoqda. Bu yil yakuniga qadar 27 filialda ana shunday markaz tashkil etish koʻzda tutilgan. Barcha filiallarda “Resepshn” xizmati yoʻlga qoʻyilib, mijozlarga bank xizmati boʻyicha dastlabki maʼlumotlar beradigan 195 maslahatchi lavozimi tashkil etildi.

Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan anjumanda Xalq banki tomonidan amalga oshirilgan zamonaviy xizmatlar xususida soʻz yuritildi.

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki boshqaruvi raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchisi M.Eshniyozov mamlakatimiz bank tizimida roʻy berayotgan oʻzgarish, yangilik va yaratilayotgan qulayliklar xalq manfaati va farovon hayoti yoʻlida qilinayotgan ezu ishlar ekanini qayd etdi.

Bu jarayonda Xalq banki tomonidan aholi uchun valyuta ayirboshlash amaliyotini yengillashtiruvchi yangi bank xizmatlari joriy etilgani, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish uchun imkoniyatlar yaratilgani, bank filiallari kredit ajratishda mustaqil qaror qabul qilayotgani, ularda xalqaro toʻlov kartalaridan naqd chet el valyutasini yechish mexanizmi toʻliq joriy etilgani yanada ahamiyatlidir.

– Yangi bank xizmatlarini joriy etishda xalqaro tajribalar qoʻl kelmoqda, – dedi Xalq bankining Axborot texnologiyalari boshqarmasi xodimi Poʻlat Nizomxoʻjayev. –Bugungi kunda yuridik shaxslar “Korporativ mobil banking” va “Internet banking” interaktiv xizmatlari orqali kredit mablagʻini nazorat qilish va soʻndirish imkoniyatiga ega boʻldi. Endilikda jismoniy shaxslar “Xalq mobayl” mobil ilovasi yordamida milliy va xorijiy plastik kartochkalaridagi mablagʻlarni onlayn rejimda bemalol boshqara oladi.

N.Ziyodullayeva, OʻzA