O‘zA O`zbek

15.09.2020 Chop etish versiyasi

Afgʻonistonlik tadbirkorlar uchun “yashil yoʻlak” joriy etiladi

Afgʻonistonlik tadbirkorlar uchun “yashil yoʻlak” joriy etiladi

Oʻtmishdan Buyuk ipak yoʻli chorrahasida dunyoning yirik savdo va madaniy markazi sifatida Gʻarbu Sharqni bir-biriga bogʻlab kelgan qadimiy va betakror Surxondaryo keyingi yillarda har taraflama yuksalib, yangi bosqichda taraqqiy etmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishdagi yangi yutuqlari bilan jahonga yuz tutmoqda.

Surxondaryo qoʻshni Afgʻoniston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari bilan chegaradosh viloyat. Temir yoʻl, xalqaro avtomagistral infratuzilmasiga va yagona daryo portiga egaligi ham koʻpgina davlatlar bilan hamkorlik qilishga katta qulaylik yaratadi.

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida barpo etilayotgan “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi ham ana shunday yirik savdo markaziga aylanishi shubhasiz. “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 13-martdagi “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan tashkil qilinmoqda.

Viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Samandar Xudoyberdiyevning qayd etishicha, yangi erkin iqtisodiy zonada eksportbop va import oʻrnini bosuvchi 20 turdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish moʻljallangan. Ular asosan qoʻshni Afgʻoniston va Tojikistonga eksport qilinadi. Ayni kunlarda “Termiz kanselyariya mollari” MCHJ tomonidan zamonaviy televizor ishlab chiqarish loyihasi boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Mazkur ishlab chiqarish loyihasi 6,5 million AQSH dollariga teng boʻlib, yiliga 50 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. U sentyabr oyining oxirida ishga tushadi. Bunda koʻproq mahsulotning sifatli va arzon boʻlishi eʼtiborga olinadi. Mutasaddining qoʻshimcha qilishicha, ishlab chiqarish quvvatini keyinchalik talabga qarab, ikki-uch barobarga oshirish mumkin. Loyiha toʻliq ishga tushishi bilan eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish boʻyicha ham rejalar ishlab chiqiladi.

Hozirda erkin iqtisodiy zonada boshqa ishlab chiqarish obyektlarining qurilish ishlari ham boshlab yuborilgan. Hududda yoʻl, suv, elektr masalalari toʻliq oʻz yechimini topgan.

– Erkin iqtisodiy zonani tashkil etishdan asosiy maqsad, avvalo qoʻshni Afgʻonistonda ishlab chiqarish deyarli yoʻq, – deydi Surxondaryo viloyat hokimining iqtisodiy masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Rustam Pardayev. – Mamlakat yiliga 4-5 milliard dollarlik mahsulotlarni import qilib kelmoqda. Afgʻonistonga xalq isteʼmoli mollari sotiladigan katta bozor kerak. Maqsad qoʻshnilarimizga qulaylik yaratish. Chunki ularning vodiy viloyatlarimiz, Samarqand yoki boshqa viloyatlarga borib mahsulot olib kelishi qiyin. Har bir chegarada tekshiruvdan oʻtishi kerak. Bu ularga qiyinchilik tugʻdiradi. Biz esa ularning mana shu zonaga kirishi uchun “yashil yoʻlak” tashkil qilib beramiz. Afgʻoniston fuqarolari mana shu yoʻlak orqali kelib savdo qilishi, ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma imzolashlari mumkin. Faqatgina maxsus rentgen apparatidan oʻtishlari zarur boʻladi.

Qayd etilishicha, 37 million aholisi bor Afgʻoniston xalqi davolanish uchun Pokiston yoki Hindistonga boradi. Shu sababli EIZ hududida xususiy klinikalar barpo etish ham rejalashtirilgan. Ular bu yerga kelib, “yashil yoʻlak” boʻyicha bemalol koʻrinishi, davolanishi, mumkin. Bu esa tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat.

Shuni ham taʼkidlash lozimki, bu zona oʻzbekistonliklar uchun yopiq va afgʻonistonliklar uchun ochiq boʻladi. Ular vizasiz va birgina tekshiruv orqali bu maydonga kirishlari, savdo qilishlari, shartnoma imzolashlari mumkin. Oʻzbekistonlik tadbirkorlar esa nazorat va pasport rejimi bilan kiritiladi hamda chiqariladi.

17 403
Nurillo NASRIYEV, OʻzA