O‘zA O`zbek

24.05.2019 12:39 Chop etish versiyasi

Abdulaziz Komilov AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisini qabul qildi

Abdulaziz Komilov AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisini qabul qildi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Amerika Qo‘shma Shtatlarining favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Daniel Rozenblyumni qabul qildi.

TIV matbuot xizmati ma’lum qilishicha, vazir elchining ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, uni iliq qutladi va mas’uliyatli vazifasini bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil may oyida AQShga rasmiy tashrifi hamda oliy va yuqori darajadagi muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston – AQSh munosabatlarini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi tasdiqlandi. 

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim masalalar ham muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, AQShning O‘zbekiston Respublikasidagi keyingi favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishlagan Pamela Spartlen o‘z vakolatlarini tugatgach, 2018 yilning avgustida AQSh senati Daniel Rozenblyumni yangi elchi etib tasdiqlagan edi.

O‘zA
514