Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.02.2018 20:20 Chop etish versiyasi

500 million so‘mdan ortiq mablag‘ hunarmandlar ixtiyorida qoladi

Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hunarmandchilikni rivojlantirish yo‘lidagi mavjud muammo va to‘siqlarni tizimli bartaraf etish, hunarmandchilikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalarni hunarmandchilik bilan shug‘ullanishga jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

– Ushbu hujjatga muvofiq, endi hunarmandlar o‘z mahsulotini ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliqdan ozod etildi, – deydi Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Firdavs Jabborov. – Masalan, viloyatda 2017-yilda hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullangan 392 nafar uyushma a’zosiga 500 million so‘mdan ortiq qat’iy belgilangan soliq hisoblangan bo‘lsa, joriy yilda shuncha mablag‘ ularning ixtiyorida qoladi. Hujjatga muvofiq, “Hunarmand” uyushmasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga uyushgan a’zo sifatida a’zolik badali to‘lovisiz kiritiladi.

Mazkur farmon bilan mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga yer maydoni va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, imtiyozli kredit berish, hunarmandchilik mahsulotlarini sotish va eksport qilish, shuningdek, yurtimiz tuman va shaharlarida hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tashkil etish va “Usta-shogird” maktablari faoliyatini takomillashtirish ishlari belgilandi.

Yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandlar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ozod etiladi. Qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yilida Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘laydi.

Ushbu hujjat qabul qilingan vaqtda viloyatda 392 nafar hunarmand faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘tgan ikki oyda ular soni 817 nafarga yetdi.

Bundan tashqari, “Hunarmand” uyushmasiga a’zo hunarmandlarga kasb-hunar kollejlarining maxsus ustaxonalarida hunarmandchilik bo‘yicha ta’lim berishda yakka tartibdagi tadbirkorlar kabi shartnoma tuzish va ko‘rsatilgan xizmat uchun soliq to‘lamaslik huquqi beriladi.

Hunarmandlarga o‘z mahsulotini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, jumladan, bank hisob raqamidagi chet el valyutasini naqd shaklda olish huquqi beriladi. Xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazma, tanlov va yarmarkalar davomida sotilgan hunarmandchilik mahsulotlari eksport shartnomalari tuzilmasdan amalga oshirilishi mumkin. Buning natijasida olingan daromad eksport tushumi hisoblanmaydi.

– Men 15 yildan buyon hunarmandchilik bilan shug‘ullanaman, – deydi usta hunarmand Sherzod Sayfullayev. – Tunukadan turli buyumlar yasaymiz. Bugungi kunda namunaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan uylarga tarnov va quvurlar yasab bermoqdamiz. Kelajakda faoliyatimni yanada kengaytirish niyatidaman. Chunki taqdim etilayotgan imtiyozlar bunga to‘la imkon beradi.

Viloyat hokimligi tashabbuskorlar va tijorat banklarining kredit mablag‘larini jalb etgan holda, 2018-2019-yillarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini o‘z vaqtida qurish va foydalanishga topshirishni ta’minlaydi. Hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tarixiy-an’anaviy arxitektura uslubida qurilib, ularga zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tortib boriladi va hududlarda karvonsaroylar (mehmonxona), kafe, restoran va turistlarni jalb etish uchun boshqa obyektlar barpo etiladi.

Ushbu markazlar hududida “tarixiy sharq bozori” uslubida savdo rastalari va xalq ijodi ko‘rgazmalari uchun maxsus joylar ajratiladi. Mazkur markazlarda qurilayotgan turar joy binolarining birinchi qavatida ustaxona va savdo inshootlari, yuqori qavatlarida hunarmandlar uchun turar joylar tashkil etiladi.

– Biz oilamiz bilan turli haykalchalar yasaymiz, – deydi kasbilik hunarmand Dol Jumayev. – Mahsulotlarimizni xaridorlar uyimizdan olib ketishardi. Endi esa savdo majmualarida mahsulotlarimizni sotish uchun bepul joylar ajratildi. Ushbu farmon faoliyatimizni yanada rivojlantirishga katta imkoniyatlar yaratmoqda. Kelajakda o‘z ishim bilan chet el ko‘rgazmalarida ishtirok etishni maqsad qilganman.

Yana bir muhim jihat. Farmonda doimiy savdo joylariga ega bo‘lmagan va vaqtinchalik joylarda savdo qiluvchi hunarmandlarga kassa apparati va to‘lov terminallaridan foydalanish, shuningdek, savdodan tushgan naqd pul tushumini tijorat banklariga inkassatsiya qilishni ixtiyoriy tartibda amalga oshirish vakolati berildi. Shuningdek, hunarmandlar uchun davlat mulki obyektlari ijara to‘lovi belgilangan eng kam to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Muxtasar aytganda, mazkur farmon yangi hunarmandchilik subyektlari tashkil etishni rag‘batlantirish, ular faoliyatini rivojlantirish va kengaytirish, hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu asosda yangi ish o‘rinlari yaratishni rag‘batlantirish, eng muhimi, qishloq va chekka tumanlarda oilalar turmush darajasini yanada yuqori darajaga ko‘tarish uchun xizmat qiladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
5 740