Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 14:48 Chop etish versiyasi

5-sentabrdan Samarqand viloyatida 83 valyuta ayirboshlash shoxobchasi ish boshladi

Prezidentimizning 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 5-sentabrdan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga chet el valyutasini banklar orqali erkin sotib olish va sotish yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand viloyatidagi banklar tomonidan ham bunday operatsiyalar amalga oshirilmoqda.

– Mazkur hujjatga ko‘ra, endilikda yuridik shaxslar o‘z mablag‘ini bankda joriy xalqaro valyuta operatsiyalari, jumladan, tovar, ish va xizmatlar importi, foydani repatriatsiya qilish, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini to‘lash va boshqa savdo xarakteriga ega bo‘lmagan operatsiyalarni amalga oshirish uchun chet el valyutasiga cheklovlarsiz erkin konvertatsiya qilishi mumkin, – deydi Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Haydarov. – Jismoniy shaxslar ham tijorat banklarining konversion bo‘limlarida chet el valyutasini erkin sotib olishi, sotib olingan mablag‘larni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazib, ulardan xorijda hech qanday cheklovlarsiz, jumladan, bank hisobvaraqlari orqali xorijda o‘qish, davolanish va boshqa maqsadlardagi to‘lovlar uchun foydalanishi mumkin.

Xalq iste’moli tovarlarini import qilish bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar esa banklardagi hisobvaraqlarida savdo tushumi va boshqa daromadlarini jamg‘arib borgan holda, keyinchalik uni jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda, ya’ni sotib olingan valyuta mablag‘ini xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish va chet elda cheklovlarsiz, jumladan, tovarlarni import qilish uchun ishlatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Eng muhim yangiliklardan yana biri – mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha eksportchi korxonalarning chet el valyutasidagi tushumini majburiy sotish talabi bekor qilindi. Xorijiy valyutada daromad oluvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari o‘z bank hisobvaraqlaridagi chet el valyutasini naqd ko‘rinishda ham olishi mumkin.

5-sentabrdan viloyatda 83 valyuta ayirboshlash shoxobchasi ish boshladi. Ularning 60 tasi tijorat banklari filial va mini-banklarida joylashgan bo‘lsa, qolganlari mehmonxonalar, bozor va savdo majmualari, aeroport va temiryo‘l vokzalida tashkil etildi. Mijozlarga qulaylik yaratish va ularning vaqtini tejash maqsadida shoxobchalarda ish ikki navbatda yo‘lga qo‘yildi. Bayram va dam olish kunlarida esa uzaytirilgan ish tartibi joriy etildi.

– O‘g‘lim xorijda ishlaydi, – deydi tayloqlik Egamberdi Jo‘rayev. – Bank jo‘natmasi orqali dollar yuborgan ekan. Bugun Milliy bank Samarqand filialidan ushbu pulni olib, shu yerning o‘zida so‘mga almashtirdim. Shu paytgacha dollarni ko‘chada ayrim kishilar aytgan narxda sotish yoki sotib olishga majbur edik. Endi bankda valyuta erkin almashtirilib, aniq narx belgilangani barchaga manzur ish bo‘ldi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 990






Все о погоде - Pogoda.uz