Iqtisodiyot

Tadbirkor ayollar safi kengaymoqda

O‘zA, G‘olib Hasanov, 22.02.2012 17:16

Gulbahor Siddiqovaning kasbi – o‘qituvchilik. Lekin opa mamlakatimizda tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan ruhlanib, ushbu sohada ham qobiliyatini sinab ko‘rishga ahd qildi. Shu niyatda 2008 yili Samarqand shahrida tikuvchilikka ixtisoslashgan “Dilnoz-G‘olib” xususiy korxonasini tashkil etdi.

Ammo ishbilarmonlik uchun havasning o‘zi kamlik qilar ekan. Korxona ishini yuritish, yangi uskuna va jihozlar sotib olish, bozordagi talab va ehtiyojni o‘rganish oson kechmadi. Gulbahor opaning ishdan ko‘ngli sovigan, korxona faoliyatini to‘xtatishni istagan paytlari ham bo‘ldi. Lekin, “Tadbirkor ayol” uyushmasi va uning xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borayotgan ishlari haqida eshitgach, fikridan qaytdi. Mazkur uyushmaning Samarqand viloyati bo‘limiga murojaat qilib, unga a’zo bo‘ldi. Shundan so‘ng faoliyati yana izga tushib ketdi.

– Uyushma xodimlari ko‘magida biznes reja tuzib, tadbirkorlik faoliyatimni shu asosda rivojlantirdim, – deydi Gulbahor Siddiqova. – “Mehr nuri” jamg‘armasi tomonidan uyushmaga berilgan grant hisobidan foizsiz kredit oldim. Yangi tikuv mashinalari, xomashyo xarid qildik. Mahalladagi tikuvchilikka layoqati bor xotin-qizlarni korxonaga jalb etdim. Ular hunar o‘rgandi va ish joyiga ega bo‘ldi. Ayni paytda korxonamiz qoshida uyushma yordamida Samarqand shahar bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan hamkorlikda o‘quv markazi tashkil etganmiz. Bu yerda o‘n nafar qiz tikuvchilikka o‘qitilmoqda. Ularni shu yerning o‘zida ishga olib qolmoqchimiz. Buning uchun joriy yilda “Mikrokreditbank”dan o‘n million so‘m kredit olib, faoliyatimizni kengaytirish niyatidamiz.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rliklardan bahramand bo‘lib, samarali faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor xotin-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ishbilarmon xotin-qizlar imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.

Ushbu jarayonda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari qatori “Tadbirkor ayol” uyushmasi ham ishbilarmon opa-singillarimizning yaqin ko‘makchisiga aylandi.

– Ayollar va yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish uyushmamizning asosiy maqsadlaridandir, – deydi “Tadbirkor ayol” uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Feruza Xonkeldiyeva. – Shundan kelib chiqib, avvalo, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi ayollarning iqtisodiy va huquqiy bilimlarini oshirish, biznes- rejalar tuzish va korxona moliyaviy faoliyatini to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish, ularga marketing va menejment asoslarini o‘rgatishga e’tibor qaratmoqdamiz. Shu maqsadda ularni bir qator o‘quv kurslari va seminarlarga jalb etganmiz. Ishbilarmon ayollar faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha ko‘rgazmali seminarlar, har oyda kamida bir marta tegishli sohalar mutaxassislari ishtirokida biznes klub mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Albatta, tadbirkorlik muvaffaqiyati ko‘p jihatdan moliyaviy ko‘mak, mustahkam iqtisodiy asos bilan bog‘liq. Shuning uchun a’zolarimizga uyushma hisobidan foizsiz kreditlar beriladi, ularga tijorat banklaridan kredit olishda ko‘maklashamiz. Bu borada Respublika Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “Ayollar Kengashi” jamoat birlashmasi, “Mehr nuri” jamg‘armasi, yurtimizdagi tijorat banklari hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

2005 yilda tadbirkor ayollarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihamiz bilan “Mehr nuri” jamg‘armasining besh million so‘mlik grantini qo‘lga kiritgan edik. Ushbu mablag‘ hisobidan uyushma a’zolariga olti oy, bir yillik muddat bilan 500 ming so‘mdan foizsiz kreditlar ajratildi. Hozirga qadar ellik nafardan ortiq tadbirkor ayol mazkur kreditdan foydalandi. Natijada ular tomonidan yuzdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bu ish samarali amalga oshirilgani tufayli 2007 yil yakunida mazkur jamg‘arma tomonidan tadbirkor ayollarga foizsiz kredit berish uchun uyushmamizga yana sakkiz million so‘m mablag‘ ajratildi. Endi ushbu mablag‘ hisobidan a’zolarimizga bir million so‘mdan foizsiz kreditlar berilmoqda. Bu o‘z ishini boshlayotgan tadbirkorlarimiz uchun ancha qulaylik tug‘diradi.

Bugungi kunda viloyatimizda taniqli tadbirkor ayollarga aylangan nurobodlik gilamdo‘zlar Fazilat Narimanova va Qunduz Xudoyorova, pastdarg‘omlik tikuvchi Gulbeka Qo‘chqorova, urgutlik fermer Fazilat Aliqulova, Samarqand tumanidan mohir qandolatpaz Xonim Mamatova, kattaqo‘rg‘onlik pillakor Maryam Niyozova ham o‘z faoliyatlarini ana shunday kreditlardan foydalangan holda boshlagan edilar. Hozirgi kunda ularning har biri o‘z biznesi, xususiy korxonasiga ega ishbilarmon sifatida viloyatimizda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.

“Beka Charos” xususiy korxonasi rahbari Gulbeka Qo‘chqorova faoliyatini to‘rt-beshta tikuv mashinasi yordamida uy-ro‘zg‘or buyumlari tikishdan boshlagan bo‘lsa, bugun uning korxonasida yigirmaga yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlangan. Mahsulot turi ham ko‘payib, bu yerda ayni paytda bolalar va kattalar kiyimlari tayyorlanmoqda.

Bir paytlar faqat mahallaning to‘y-ma’rakalariga qandolat va shirinliklar tayyorlab bergan Xonim Mamatova rahbarligida “Fayzi” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga bugun Samarqand shahri va tumanidagi bozorlar, savdo do‘konlarida talab ortib bormoqda. Bu yerda o‘ndan ortiq yoshlar doimiy ish bilan ta’minlangan.

Mustahkam oila yili munosabati bilan “Tadbirkor ayol” uyushmasining viloyat bo‘limi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Uy sharoitida milliy hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik va parrandachilikni yo‘lga qo‘yish, tabiiy issiqxona tashkil etish bo‘yicha ayollarga tegishli tavsiya va maslahatlar berilmoqda. Istiqbolli loyihalar ishlab chiqilib, uni amalga oshirish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatilayotir.

So‘nggi yangiliklar:

Kompyuter dasturlari namoyishi

Energetiklarning xalqaro forumi

Oqsaroyda qabul

Endokrinologiyada zamonaviy texnologiyalar

“Bunyodkor” – nimchorak finalda

Reklama

Reklama

Reklama