O‘zA O`zbek

16.03.2020 Chop etish versiyasi

2022-yilda Olmaliq, Bekobod, Angren, Chirchiq shaharlari qanday qiyofaga ega boʻladi?

2022-yilda Olmaliq, Bekobod, Angren, Chirchiq shaharlari qanday qiyofaga ega boʻladi?

Pul odamning belini baquvvat qiladi, deydi xalq. Davlatning qudrati esa uning xazinasi choʻgʻiga bogʻliq. Biroq sanoatni rivojlantirmay turib, mamlakatni boy qilish nihoyatda qiyin. Ayniqsa, dengizdan olisda joylashgan, faqat xom ashyo sotish orqali kun koʻrmaydigan Oʻzbekiston uchun.

Shu bois, davlatimiz, hukumatimiz hamisha sanoatni taraqqiy ettirishga ustuvor vazifa sifatida qaraydi. Bu borada alohida dasturlar qabul qiladi. Maqsad esa yurtni obod, xalqni boy qilish!

Olmaliq, Bekobod, Angren, Chirchiq... Respublika buysunuvidagi ushbu shaharlar – mamlakatimizning yirik sanoat nuqtalari sirasidan. Bu hududlarda ishlab chiqariladigan mahsulotlar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga katta foyda keltirmoqda. Eksportdagi ulushi ham salmoqli. Ammo infratuzilma, xizmat koʻrsatish va servis, ijtimoiy tarmoqlar faoliyati talab darajasida emas.

Ayni sababdan Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir yoʻla toʻrtta qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatlar yuqorida nomi keltirilgan toʻrtta yirik shaharni 2020-2022-yillarda kompleks iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishni koʻzda tutadi.

Hujjatlarga muvofiq, har toʻrt shaharda mehnat resurslari va ishlab chiqarish salohiyatidan oqilona foydalanish, sanoat, xizmat koʻrsatish cohalarini rivojlantirish boʻyicha qator istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. Ijtimoiy soha obyektlari qurilib, rekonstruksiya qilinadi, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi. 

Binobarin, ichki yoʻllar taʼmirlanib, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi taʼminoti yaxshilanadi. Mazkur hududlarda ekologik muhitni yaxshilash, uning aholi salomatligiga salbiy taʼsirini kamaytirish choralari koʻriladi. Koʻkalamzorlashtirish, manzarali daraxt koʻchatlarini ekish va yashil maydonlar, gulzorlar barpo etish tadbirlari amalga oshiriladi. Aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar sifati tubdan oshiriladi.

Masalan, Angren shahrining “Taraqqiyot” mahallasi hududida joylashgan “Kimyogar” shahar markaziy oʻyingohi taʼmirlanib, 2020-yilda ishga tushirilsa, shaharning “Istiqbol” mahallasi hududida “Onajonlarimiz, ayollarimiz, qizlarimizning maʼnaviyat va maʼrifat maskani” faoliyat boshlaydi.

“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining Chirchiq shahri “Nur” mahallasi hududida joylashgan markaziy alleyasi rekonstruksiya qilinadi. Chirchiq shahar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimining yangi binosini qad rostlaydi.

Bunday ezgu ishlar koʻlami keng. Bunyodkorlik loyihalarining toʻliq ijro etilishi uchun hali ikki yil bor. Oʻylaymizki, bu muddat Olmaliqni ham, Bekobodni ham, Angrenni ham, Chirchiqni ham mutlaqo yangi qiyofaga kirishi uchun yetarli muddatdir.

3 901
F.BOʻTAYEV, OʻzA