O‘zA O`zbek

18.12.2018 12:18 Chop etish versiyasi

2 sotix yerdan millionlab daromad olish mumkin(mi?)

2 sotix yerdan millionlab daromad olish mumkin(mi?)

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani Eski toshkentlik mahallasida yashovchi Abduqodir Murtazoqulov oʻz hovlisidagi 4 sotix yerning 2 sotixini moʻjaz issiqxonaga aylantirib, yaxshi daromad olayotir.

Mehnatkash oila bu ishga 2000 yilda kirishgan edi. Dastlab ishni pomidor va bulgʻor qalampiri koʻchati yetishtirishdan boshlagan oilaviy mirishkorlar keyinchalik issiqxonada oʻsadigan barcha ziroat bilan shugʻullanishga oʻtdi.

2012 yili tijorat bankidan 14 million soʻm kredit olib, issiqxona zamonaviy tarzda qayta qurilgach, imkoniyatlar yanada kengaydi. Endi yiliga uch marta hosil olinmoqda. Bundan tashqari, oʻsimliklar orasiga ekilgan koʻkatlar ham qoʻshimcha daromad keltirmoqda.

Oila bu yil issiqxonada 50 ming tup pomidor, bulgʻor qalampiri va baqlajon koʻchati yetishtirib, 20 million soʻm daromad qildi. Koʻklamda koʻchatlar sotib boʻlingach, oʻrniga bodring ekilib, 5 tonna hosil olindi. Bodringdan koʻrilgan daromad 15 million soʻmdan oshdi. Shuningdek, gul koʻchatlari yetishtirishdan 15 million soʻm daromad qilindi.

Ayni paytda issiqxonada 600 tup pomidor, 21 tup mandarin, 21 tup limon koʻchati parvarishlanmoqda. Erta koʻklamda ekishga tayyor boʻladigan 1,5 ming tup turfa gul koʻchatlari yetishtirilayotir.

– Yer – dehqon xazinasi, – deydi Abduqodir Murtazoqulov. – Uning har qarichidan unumli foydalanishga harakat qilamiz. Koʻchat va mevalarimiz ekologik toza, sifati kafolatli. Shuning uchun barcha mahsulotimizni xaridorlar oʻzlari kelib olib ketishadi.

Keyingi yillarda viloyatda tomorqadan samarali foydalanayotgan xonadonlar koʻpayib bormoqda. Viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi maʼlumotlariga koʻra, yakunlanayotgan yilda aholi xonadonlarida qiymati 949 million soʻmlik 409 loyiha amalga oshirildi. Bu loyihalarning asosiy qismi issiqxonalardir. Ayniqsa, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida bankdan ajratilayotgan kichik kreditlar tomorqadan samarali foydalanishda qoʻl kelmoqda.

Joriy yilning toʻqqiz oyida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 71 foizi shaxsiy xoʻjaliklar hissasiga toʻgʻri keldi. Shu davrda shaxsiy xoʻjaliklarda 36 ming tonna kartoshka, 253 ming tonna sabzavot, 81,2 ming tonna poliz, 36,6 ming tonna meva va rezavor, 105,5 ming tonna uzum yetishtirildi.

Yil yakunida qilinadigan hisob-kitoblardan soʻng bu koʻrsatkich yanada oshishi shubhasiz. Bugun ichki bozorda mahsulotlar serobligi va narx-navo arzonligi ham shundan dalolat beradi.

3.JPG

4.JPG


Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), OʻzA
1 583