O‘zA O`zbek

24.03.2020 Chop etish versiyasi

1940-yil hashar yoʻli bilan barpo etilgan GES modernizatsiya qilindi

1940-yil hashar yoʻli bilan barpo etilgan GES modernizatsiya qilindi

Boʻzsuv kanalida joylashgan GES-14 da modernizatsiya ishlari yakunlangani GESning umumiy quvvatini 15 MVtga yetkazish imkonini beradi, deb xabar berdi “Oʻzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati.

Prezidentimizning 2018-yil 4-yanvardagi qarori ijrosi doirasida Xitoyning “Power Construction Corporation of Cina Ltd” korxonasi tomonidan poytaxtdan uncha uzoq boʻlmagan Zangiota tumanida oqib oʻtuvchi Boʻzsuv kanalida joylashgan GES-14 ning modernizatsiya ishlari olib borildi.

Maʼlumki, ushbu GES-14 uzoq 1940-yilda hashar yoʻli bilan barpo etilgan. GESning umumiy quvvati 13,2 MVt ga ega edi. GESda 2 ta gidroagregat oʻrnatilgan boʻlib, uzoq yillar mobaynidagi ekspluatatsiya natijasida jismonan va maʼnan eskirgan holatda belgilangan quvvatlarda oʻz faoliyatini davom ettira olmas edi.

Belgilangan rejaga koʻra, modernizatsiya yakuni boʻyicha GES-14 da har birining quvvati 7,5 MVt boʻlgan ikkita agregat oʻrnatiladi hamda GESning umumiy quvvati 15 MVt ga yetkaziladi. Ushbu gidroagregatlar elektr energiyani suv kam boʻlgan davrda ham ishlab chiqarish imkoniga ega boʻladi.

Jamiyat tizimidagi “Quyi Boʻzsuv GESlar kaskadi” tarkibidagi GES-14 da olib borilgan jadal modernizatsiya ishlari natijasida GESdagi ikkinchi gidroagregat toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Gidroagregat kompleks sinovlardan oʻtkazilib, ishga tushirildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu GES-14 ning toʻliq quvvatlarda ishga tushirilishi mamlakat iqtisodiyoti, sanoat korxonalari rivoji, xalq farovonligi yoʻlidagi muhim yutuqlardandir.

Gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar hududi aholisining turmush farovonligini oshishiga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, tom maʼnoda, hudud obodligiga zamin yaratadi.

3 176
OʻzA