O‘zA O`zbek

24.09.2018 Chop etish versiyasi

16 ming 400 dona gaz balloni ajratildi

16 ming 400 dona gaz balloni ajratildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisini suyultirilgan gaz bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida 2018 yilda 16 ming 400 dona gaz balloni ajratilishi belgilangan.

Bugungi kunga qadar ballonlarning 7 ming 900 tasi keltirilgan, 8 ming 500 donasi jadval asosida yil oxiriga qadar yetkazilishi koʻzda tutilgan.

“Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati “Qaraqalpaqstangaz” filialiga qarashli gaz toʻldirish stansiyasi va gaz toʻldirish punktlarining kunlik gaz toʻldirish quvvatini oshirish uchun bugungi kunda jami 20 zamonaviy elektron tarozi – kolonkalar sotib olinib, Nukus gaz toʻldirish stansiyasi, Amudaryo, Beruniy gaz toʻldirish punktlariga oʻrnatildi.

– Korxonamiz tomonidan hududdagi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy obyektlarning 2018-2019 yilgi kuz-qish mavsumida uzluksiz ishlashini taʼminlash borasida tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Qaraqalpaqstangaz” filiali boshligʻi X.Aymanov. – Shu kunga qadar 1,2 kilometrlik gaz tarmogʻi toʻliq taʼmirdan chiqarildi, 12,6 kilometrlik gaz tarmogʻi rekonstruksiya qilindi. 4 ming 466 gaz taqsimlash uskunasi tekshiruvdan oʻtkazilib, 548,3 kilometrlik gaz tarmogʻida havo bosimi ostida sinov va tozalash ishlari olib borildi.

“Qaraqalpaqstangaz” filialiga qarashli barcha gaz uchastkalarida gaz tarmoqlari va uskunalarini 2018-2019 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini oʻz vaqtida yakunlash, isteʼmolchilarni tabiiy hamda suyultirilgan gaz bilan doimiy taʼminlash ishlari davom etmoqda.

2 532
Yesimxon Qanoatov, OʻzA