| Русский | English | Français | Deutsch | العربية | Saytning oldingi versiyasi |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Innovatsion iqtisodiyot: ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiO‘zA, Anna Ivanova, 01.03.2010 21:52
Toshkentda III Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi ochildi. Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar 2009 yilda yalpi ichki mahsulotning 8,1 foizga o‘sishini ta’minlash imkonini berdi. Bu esa, o‘z navbatida, xalqaro moliya institutlari tomonidan jahon iqtisodiy inqirozi sharoitida tom ma’nodagi yuqori natija deb e’tirof etildi. Yurtboshimiz tomonidan nafaqat global iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish, balki milliy iqtisodiyotimiz salohiyatini yanada oshirishda muhim ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berilgan ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bunday izchil rivojlanishning muhim omillaridan biriga aylandi. Har yili o‘tkazib kelinayotgan Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi natijalari ham ushbu chora-tadbirlar samaradorligiga yorqin misol bo‘la oladi. 1 mart kuni poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da navbatdagi yarmarka o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir Prezidentimiz Islom Karimovning 2008 yil 15 iyulda qabul qilingan «Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazilmoqda. Innovatsiyalar yarmarkasida vazirliklar, idoralar, banklar, milliy iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlaridagi korxonalar, jumladan, xususiy va qo‘shma korxonalar, fermer xo‘jaliklari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari, ilmiy markazlar, tajriba-konstruktorlik tashkilotlari, shuningdek, qator xalqaro va moliya tuzilmalari vakillari ishtirok etmoqda. Bu galgi yaramarkaning o‘ziga xos jihati shundaki, unda ishlab chiqaruvchilarga o‘zining texnologik yangiliklarini taklif etayotgan yosh olimlar, aspirantlar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, shuningdek, «Kelajak ovozi» respublika tanlovi g‘oliblari ham keng ishtirok etayotir. Bu yerda taqdim etilgan ishlanmalarning har sakkizinchisi yoshlar tomonidan yaratilgan bo‘lib, aksariyati yoshlarga bag‘ishlangan maxsus stendlarda namoyish etilmoqda. Turli jabhalarda qo‘llash mumkin bo‘lgan ushbu yangiliklar O‘zbekiston yoshlarining yuqori bilim darajasini, har tomonlama iqtidorga ega ekanini, yangilikka intilishini, eng murakkab ilmiy hamda ishlab chiqarish vazifalarini qo‘yish va hal etish qobiliyatini yorqin namoyon etmoqda. Bu, ayniqsa, mamlakatimizda Barkamol avlod yili, deb e’lon qilingan 2010 yilda alohida va teran mazmun-mohiyat kasb etmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan tegishli davlat dasturida iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitni yaratish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Mamlakatimizda ro‘yobga chiqarilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, birinchi navbatda, ichki va tashqi bozorlarda iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgani jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan mashhur besh tamoyilga asoslangan rivojlanishning «o‘zbek modeli»ning izchil ro‘yobga chiqarilishi, Inqirozga qarshi choralar dasturining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tufayli global tahdidlarning milliy iqtisodiyotimizga salbiy ta’sirining oldini olish bilan bir qatorda makroiqtisodiy barqarorlik, barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini, xalqimiz farovonligini oshirishni ta’minlashga erishildi. Eng ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda, real sektor tarmoqlarini modernizatsiya qilish va buning uchun ilm-fan hamda ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya aloqalarini kengaytirish belgilangan vazifalarga erishishda katta ahamiyat kasb etadi. Olimlar va xo‘jalik yurituvchilarning o‘zaro manfaatli kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi an’anaviy innovatsiyalar yarmarkasining asosiy maqsadi ham shundan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti SH.Solihov O‘zbekiston ilm-fani bugun bozorning o‘zgarib borayotgan ehtiyojlariga tez moslasha oladigan, mamlakatimiz va butun dunyoda xaridorgir bo‘lgan ilmtalab, yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan tom ma’nodagi innovatsion iqtisodiyotning texnologik bazasini yaratish uchun katta imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidladi. Mamlakatimiz ilm-fanining davlat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani tadqiqotlarning yangi yo‘nalishlarini ochish va mavjudlarini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratmoqda. Ularning natijalarini mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha jabhalari va ijtimoiy sohada faol qo‘llash bugungi kunda o‘zining salmoqli natijalarini berayotir. «O‘zekspomarkaz»da namoyish etilayotgan ekspozitsiya ham buni yaqqol tasdiqlaydi. Innovatsiyalar yarmarkasida ishtirok etishni istagan ilmiy, ta’lim, konstruktorlik tashkilotlari hamda ixtirochilar soni yil sayin ortib bormoqda va bu ular o‘rtasida raqobatni kuchaytirish bilan birga jamiyatimiz uchun zarur tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishni rag‘batlantirmoqda. Yarmarka tashkilotchilari tegishli vazirlik va idoralar, yirik korxonalar bilan hamkorlikda joriy etilishi real iqtisodiy samara beradigan eng istiqbolli ishlanmalarni tanlab olmoqdalar. III Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida qariyb 500 ta yangi ishlanma va avvalgi yarmarkalarda ishtirok etgan, import o‘rnini bosadigan va eksportbop sifatli mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, uning tannarxini, energiya va resurs xarajatlarini kamaytirish, mahalliy xomashyo asosida yangi, zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilishga xizmat qiladigan yuqori innovatsion salohiyatga ega 180 dan ortiq ishlanma namoyish etilmoqda. Ushbu barcha texnologiyalar va loyihalar yangiligi, dolzarbligi bilan ajralib turadi, ishlab chiqarish quvvatlari hamda sarflangan mablag‘lardan yanada samarali foydalanish imkonini beradi. Shuni ta’kidlash kerakki, iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar, uning aniq innovatsion yo‘naltirilgani mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirmoqda. Xorijiy sarmoyalar oqimi ko‘paymoqda, yangi investitsiya loyihalari, shu jumladan, mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Yarmarkada taqdim etilgan ko‘plab yangiliklar ham ushbu jarayonni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. 2010 yilgi innovatsiyalar yarmarkasi avvalgilaridan o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Agar birinchi va ikkinchi yarmarkaning asosiy vazifasi olimlar hamda xo‘jalik yurituvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, bugun hamkorlikning mavjud natijalari hisobga olingan holda bunday aloqalar chuqurlashtirilmoqda. Ularning samarasi yanada oshmoqda, doimiy asosda amalga oshirib kelinayotgan yangiliklarni joriy qilish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlardan o‘zaro manfaatdorlik kuchaymoqda, tuzilayotgan shartnomalar real resurs bazaga ega bo‘lib, bu ularning hayotga to‘la tatbiq etilishini kafolatlaydi. Bundan tashqari, bu galgi yarmarkada iqtisodiyot real sektorining turli tarmoqlariga qarashli korxonalar ham o‘zlarining ilmiy yangiliklarini keng namoyish etmoqda. Mamlakatimizda fundamental ilm-fan ishlab chiqarish ehtiyojlariga yanada yaqinlashtirilmoqda. Masalan, yarmarkada namoyish etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika institutida texnologik suyuqliklar va gazlarni tozalash uchun nanotexnologiyalar asosida ishlab chiqilgan sanoat filtr apparatlari katta qiziqish uyg‘otdi. Ularning samaradorligi neft-gaz tarmog‘ining qator yirik korxonalarida sinab ko‘rildi. Fanlar akademiyasi va «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi yangi qurilmalarni joriy etishni kengaytirish maqsadida mazkur institut negizida «O‘zNANOneftgaz» ilmiy-texnologik markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mamlakatimizda dori-darmon mahsulotlari turlari va ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularning importini kamaytirish va eksportini kengaytirish Inqirozga qarshi choralar dasturining muhim vazifalaridan hisoblanadi. O‘zbekistonda xalqaro standartlarga muvofiq dori preparatlarining biologik faol substansiyalarini ishlab chiqarish uchun «Substansiya» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi davlat aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish bo‘yicha yarmarkada namoyish etilgan yirik loyihaning amalga oshirilishi ushbu vazifani bajarishga xizmat qiladi. Uchta akademik institut – O‘simlik moddalari kimyosi, Bioorganik kimyo, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti ushbu loyihani amalga oshirishga kirishdi. Ularning laboratoriyalarida mahalliy o‘simlik xomashyosidan, shuningdek, ayrim sanoat chiqindilari turlaridan 20 dan ortiq noyob dori vositalari ishlab chiqildi va klinik sinovdan o‘tkazilib, ommaviy ishlab chiqarishga tayyorlandi. Shunisi e’tiborliki, ular farmakologik faolligi bo‘yicha import dorilardan ustun turadi va ichki bozor ehtiyojini to‘liq ta’minlaydi. Ko‘plab yirik xorijiy kompaniyalar mazkur substansiyalarni sotib olishga qiziqish bildirdi. Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti tomonidan qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘larini kapsulalash uslubi yordamida ekishga tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqilgan ekologik xavfsiz texnologiya katta amaliy ahamiyatga ega ekanini isbotladi. Ushbu texnologiyadan mamlakatimizning bir qancha hududlaridagi korxonalarda foydalanilmoqda va ajoyib natijalarga erishilmoqda. Olimlar xo‘jalik yurituvchilarga Davlat kimyo komissiyasi tomonidan qo‘llashga ruxsat etilgan «O‘zXitAN» urug‘dorilagichni keng ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni taklif etmoqda. Yangi texnologiyadan foydalanish ekologik vaziyatni yaxshilash va zaharli urug‘dorilagichlar, gerbitsidlar hamda pestitsidlarni chetdan olib kelishni kamaytirishni ta’minlaydi. Umumiy va noorganik kimyo instituti stendida ham dolzarb ishlanma namoyish etilmoqda. Ushbu ishlanma kul shlaklari chiqindilaridan yiliga 30 million dona hom va oddiy g‘isht ishlab chiqarish zavodini qurish va texnologiyasini o‘zlashtirishni ko‘zda tutadi. Bunday ishlab chiqarishni barpo etish bir yo‘la bir qancha vazifalarni hal etish – mamlakatimiz uchun zarur bo‘lgan zilzilaga bardoshli qurilish materialini ishlab chiqarish, issiqlik elektr stansiyalarining atrof-muhitni ifloslantirayotgan ko‘plab chiqindilarini utilizatsiya qilish, resurs va energiyani tejash, tayyor mahsulot tannarxini an’anaviy sopol g‘ishtga nisbatan 30-40 foizga kamaytirish imkonini beradi. Bu yerda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining «intellektual» mahsulotlari ham keng namoyish etilmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ko‘plab dolzarb loyihalarni, jumladan hujayra texnologiyalari uslublari asosida ishlab chiqaruvchilarning kartoshkaga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish imkonini beradigan sara navli urug‘lik kartoshka yetishtirishni tashkil etish loyihasini taklif etmoqda. Loyiha laboratoriya va issiqxona-izolator komplekslarini, shuningdek, sara navli urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jaliklarni birlashtiradi. Uning amalga oshirilishi kamida 500 kishini ish bilan ta’minlaydi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti sanoat va qishloq xo‘jaligida qurilmalar va mexanizmlarning past hamda yuqori voltli elektr uzatgichlarini boshqarish uchun ko‘p funksiyali energiya tejovchi moslamalarni yaratish va joriy etishni taklif etmoqda. Bugun ushbu moslamalarga «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasi, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari ochiq aksiyadorlik jamiyatlari, nasos stansiyalari, energetika, aloqa sohasi korxonalarida ehtiyoj katta. Shuningdek, yarmarkada mamlakatimizning barcha viloyatlaridagi boshqa oliy o‘quv yurtlari ham O‘zbekistonning jadal rivojlanib borayotgan iqtisodiyoti tarmoqlarida talab etiladigan o‘z takliflarini taqdim etmoqda. Shunisi e’tiborga loyiqki, ushbu takliflar orasida bevosita talabalar tomonidan bajarilgan ishlar ko‘p. Bugun Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, Urganch davlat universiteti, Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Jizzax va Farg‘ona politexnika institutlari, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida zamonaviy bilim olayotgan yoshlar tomonidan yaratilgan texnologiyalar bunga yorqin misol bo‘la oladi. Innovatsiyalar yarmarkasidan ko‘zlangan asosiy maqsad va natija – xo‘jalik yurituvchilar bilan yangiliklarni joriy etish bo‘yicha shartnomalar tuzishdan iborat. Bu jarayon yamarkaning dastlabki kunidayoq boshlandi. Ularni tuzish jarayonlarini osonlashtirish uchun bu yerda barcha qulayliklar yaratilgan. Yarmarkada mamlakatimizning yetakchi banklari, sug‘urta kompaniyalari, Iqtisodiyot vazirligining Texnologiyalar transferi bo‘yicha agentligi, Davlat patent idorasi mutaxassislari ish olib bormoqda. Respublikamizda yangiliklarni joriy etish uchun imtiyozli kreditlar olish borasida kichik va xususiy biznes vakillariga katta imkoniyatlar yaratilgan. Ularni rasmiylashtirish bo‘yicha barcha zarur maslahat xizmatlari ham shu yerning o‘zida ko‘rsatilmoqda. Sirdaryo tumanilik fermer Anvar Musayev yarmarkaga serunum soya urug‘ini xarid qilish maqsadida kelgan. Uning fikricha, Toshkent davlat agrar universitetida yaratilgan ushbu o‘simlikning yangi nav urug‘lari zarur xususiyatlarga ega. – Biz qiymati 600 ming so‘mlik shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldik, – deydi Anvar Musayev. – Ushbu shartnomaning amalga oshirilishi xo‘jaligimizda yetishtirilayotgan ekinlar turini ko‘paytirish, soyani qayta ishlash bo‘yicha kichik korxona tashkil etish va undan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularni sotish bozorini kengaytirish imkonini beradi. O‘zbekiston olimlarining eng yaxshi ishlanmalari bilan nafaqat tanishish, balki ular asosida yaratilgan yangi ishlanmalarni sotib olish uchun imkoniyat yaratib bergan yarmarka tashkilotchilaridan minnatdormiz. Shuningdek, Toshkent viloyatidagi «Qorasuv» va «O‘zbekiston» paxta tozalash zavodlari vakillari ham yarmarkadagi ishtirokidan mamnun. Ularning har biri yarmarkaning birinchi kunida paxta sifatini oshirish uchun zarur bo‘lgan o‘zimizda ishlab chiqarilgan yangi uskunani yetkazib berish bo‘yicha qiymati 4 million so‘mlik shartnomalar tuzdi. Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro manfaatli integratsiyalashuvi bo‘yicha yangi, o‘ziga xos texnologiya, o‘xshashi yo‘q mexanizmdir. Negaki, bir tomondan, iqtisodiyot real sektoriga mamlakatimizda yaratilgan eng yaxshi amaliy ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlanmalar taqdim etilmoqda, ikkinchi tomondan, olimlar bevosita xo‘jalik yurituvchilarning ehtiyojlaridan xabardor bo‘lmoqda, kerakli yangiliklarni yaratish uchun buyurtma va resurslar olmoqda. Bu, o‘z navbatida, ilm-fanni rivojlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish va uning ishlab chiqarish bilan kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda. Bularning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, milliy iqtisodiyotimizning jahon maydonida raqobatbardoshligini yanada oshirish va buning hisobidan mamlakatimiz hamda xalqimiz farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli bozor islohotlarini takomillashtirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. III Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasining ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Oripov so‘zga chiqdi.So‘nggi yangiliklar: Shaxmatchimiz sovrinli o‘ringa da’vogar Iqtidorli sportchilar bellashuvi |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |