| O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية | Saytning oldingi versiyasi |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Foto | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Tomchilatib sug‘orish – tejamkorlik omiliO‘zA, V.Rudakova, 09.02.2010 09:50 Mamlakatimizda tomchilatib sug‘orish tizimini izchil joriy etish, buning uchun zarur asbob-uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish qishloq xo‘jaligi sohasini isloh etish bo‘yicha tegishli davlat dasturlarida belgilangan muhim vazifalardan biridir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad tuproq unumdorligini tubdan oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashdan iborat. Davlatimiz rahbarining 2009 yil 26 yanvarda qabul qilingan “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori samarali, suvni tejovchi texnologiyalarga ehtiyoj ortib borayotgani qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish ko‘p jihatdan qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini oshirishda suvdan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan sug‘orishning istiqbolli uslublarini joriy etishga bog‘liq. O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar II respublika yarmarkasida mamlakatimiz olimlarining tomchilatib sug‘orish texnologiyalariga oid takliflari keng namoyish etilgan edi. – Istiqbolli texnologiyalar Toshkent va Jizzax viloyatining tog‘oldi tumanlarida sinovdan o‘tkazildi, – deydi O‘rta Osiyo irrigatsiya ilmiy-tadqiqot instituti sug‘orish texnika va texnologiyalari bo‘limining yetakchi mutaxassisi Zoya Soy. – Ushbu usulda sug‘orishning asosiy prinsipi shundan iboratki, suv o‘simlikning faqat ildiziga boradi. Suv va o‘g‘itlar berish tartibini boshqarish o‘simliklarning o‘sishini tezlashtirish yoki sekinlashtirish imkonini beradi, mevalar, o‘simlik massasi rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Uzumchilikda suvni tejash 45 foiz, bog‘dorchilikda 40, meva-sabzavotchilikda 35-45 foizni tashkil qiladi. Bunda istiqbolli texnologiyalardan foydalanishda qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini oshirish ko‘rsatkichi 15-30 foizga yetadi. Joriy yilda Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Navoiy viloyatlarida 10 gektarlik ko‘rgazma uchastkalari tashkil etilmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti hamda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti olimlari tomonidan ham tomchilatib sug‘orish bo‘yicha past bosimli tizim sxemasi ishlab chiqildi. Uning muallifi – Fanlar akademiyasi Suv muammolari institutining ilmiy xodimi Baxtiyor Usmonaliyev. Yangi ishlanmaning o‘ziga xos xususiyati uning konstruksiyasi oddiyligidadir. Bunda tizim narxi xorijiy tizimlarnikiga qaraganda 2-3 baravar kamdir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining granti yangi sug‘orish tizimidan fermerlar ham foydalanishi uchun qulay imkon yaratdi. O‘tgan yili Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi “Toji-Islom” fermer xo‘jaligining sho‘rlangan yerlarida ushbu tizim birinchi marta sinovdan o‘tkazildi. Paxta yetishtirishda 40 foiz suv tejab qolindi, hosildorlik esa gektaridan 36,3 foizdan oshdi. Yangi tizim bilan boshqa hududlardagi qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilari ham tanishdi. Ushbu yangilik Andijon va Qashqadaryo viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fermerlarida ham qiziqish uyg‘otdi. Ayni paytda har ikki institut olimlari nanoqo‘shimchalarni qo‘llagan holda, sug‘orish shlanglarining ishonchliligi va uzoq muddatga yaroqliligini oshirish ustida ishlamoqda. Mamlakatimiz bozoridagi ehtiyojni inobatga olib, ko‘plab firmalar fermerlarga tomchilatib sug‘orish uchun zarur uskunalarni taklif etmoqda. Jumladan, “Saniplast” qo‘shma korxonasi 2009 yilda sabzavotlar, g‘alla va poliz ekinlari yetishtirish bilan shug‘ullanadigan Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Ashur-bobo”, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “Vatan” femer xo‘jaliklarida jami 50 gektar yerda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etdi. Ishlab chiqaruvchilar kuzatuvi tomchilatib sug‘orish tizimidan bog‘dorchilikda foydalanish oson va arzon, ammo sabzavot ekinlari yetishtiriladigan maydonlarda murakkabroq ekanini ko‘rsatdi. Bu, ma’lum darajada, haydaladigan ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish tizimini har yili yig‘ishtirib olish zarurligi, bog‘ va uzumzorlarda esa bu tizimlar bir o‘rnatilganicha o‘n yillab ishlatilishi bilan bog‘liq. Tomchilatib sug‘orish tizimlari ishlab chiquvchi va ishlab chiqaruvchilari bu yil ham Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar III respublika yarmarkasida avvalgidek faol ishtirok etadi. So‘nggi yangiliklar: Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlar |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |