| O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية | Saytning oldingi versiyasi |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Foto | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Navro‘z bayrami uy to‘ylariga ulanib ketadiO‘zA, M.Sulaymonov, 08.02.2010 19:35
Bu yil Farg‘ona viloyatida yuzta zamonaviy uy qurish mo‘ljallangan. Mamlakatimizda aholi farovonligini yanada yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, qishloq infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy loyihalar asosida uy-joylar qurish borasidagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotir. Prezidentimizning 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Farg‘ona viloyatida ham mazkur yo‘nalishda keng qamrovli ishlar olib borilayotir. Bugun Farg‘onaning qaysi shahri, tumani yoki qishlog‘iga bormang, yeng shimarib mehnat qilayotgan bunyodkorlarga, kun sayin qad rostlab borayotgan zamonaviy, shinam, barcha qulayliklarga ega uy-joylarga ko‘zingiz tushadi. Namunaviy loyihalar asosida qurilib, imtiyozli kreditlar hisobiga hamyurtlarimizga taqdim etilayotgan turar-joylarning ichki va tashqi qiyofasi zamonaviy va milliy me’morchilik an’analarini o‘zida mujassam etgan. Bu, shubhasiz, xalqimizning turmush darajasi yanada yuksalib, qishloqlarimiz qiyofasi go‘zallashib borayotganidan dalolatdir. – Farg‘ona tumanidagi Mindonobod, O‘zbekiston tumanidagi Hayotobod qishloqlarida namunaviy loyihalar asosida yigirmatadan turar-joylar bunyod etilmoqda, – deydi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi viloyat filiali direktori Bahodirjon Abdullayev. – So‘nggi pardozlash ishlari bajarilayotgan ushbu uylarning kaliti yaqin vaqt ichida o‘z egalariga topshiriladi. Yangi uylar mahalliy, pishiq va puxta qurilish materiallaridan qurilmoqda. Tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi uchun «Qishloq qurilish invest» kompaniyasi buyurtmasi asosida «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat bankining viloyat filialidan kredit mablag‘lari ajratilmoqda. Qishloqlarning bosh rejasini qayta ko‘rib chiqish, namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uylar qurish viloyatimizning boshqa tuman va qishloqlarida ham jadal davom etmoqda. Loyihalashtirish va qurilish jarayonida qishloq sharoiti, qishloq aholisining ehtiyojlari, milliy qadriyatlarimiz inobatga olingani yangi uylarga buyurtma bergan fuqarolarga ma’qul bo‘lmoqda. – Tumanimizda bir va ikki qavatli, zamonaviy 40 uy-joy qurilishi ko‘zda tutilgan, – deydi Buvayda tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Saidmurod Aminjonov. – Buning uchun Yangiqo‘rg‘on qishloq fuqarolar yig‘inidagi Dodxo qishlog‘ida 2,5 gektar yer ajratildi. Ushbu uylarda gaz, suv, elektr energiyasi ta’minotida muammo bo‘lmaydi. Qishloqlarda namunaviy loyiha asosida yangi uy-joylar barpo etilayotgani qurilish mollari, devorbop materiallarga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Ayni paytda viloyatda ana shunday mahsulotlar ishlab chiqaradigan bir qator korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yilning o‘zida yettita tumanda yiliga 300 mingdan 1 million donagacha g‘isht ishlab chiqaradigan kichik zavodlar qurildi. Bu bunyod etilayotgan uylarning narxi arzonlashuviga zamin yaratadi. Ayni kunlarda Farg‘ona shahrining Yormozor hududida katta yo‘l bo‘yida yangi turar-joylar barpo etilmoqda. Bu yerda «Sendvich» rusumidagi kottej uylar qurilayotir. Ushbu aholi punkti qurilishiga «Gred Silk serviz» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh pudratchi etib belgilangan. Har biri olti sotixli hovliga ega bo‘lgan 40 uy Navro‘z bayrami arafasida o‘z egalariga topshiriladi. Joriy yil oxirigacha 100 oila ana shunday uylarga ko‘chib o‘tishi mo‘ljallangan. So‘nggi yangiliklar: Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlar |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |