| O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية | Saytning oldingi versiyasi |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Foto | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi rivojlanishga xizmat qiladiO‘zA, A.Ivanova, 01.02.2010 20:09
Prezidentimiz Islom Karimovning 2008 yil 15 iyulda qabul qilingan «Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida shu yilning 1-3 mart kunlari poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar III respublika yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining ijro apparati rahbari Majit Karimov O‘zA muxbiriga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonlarida ushbu an’anaviy yarmarka qanday o‘rin tutishi va joriy yilda mazkur yarmarka oldida turgan vazifalar haqida so‘zlab berdi. – Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning innovatsion yo‘li ham ishlab chiqarishga, ham ilmiy faoliyatga nisbatan yondashuvni tubdan o‘zgartirishni taqozo etdi, – deydi M.Karimov. – Masalan, jahon bozorlarida raqobat tobora oshib borayotgan hozirgi sharoitda xo‘jalik yurituvchilar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining sifatini oshirish va tannarxini pasaytirish, buning uchun yanada takomillashtirilgan texnologiyalardan foydalanishga doimo e’tibor qaratishi lozim. Olimlar va konstruktorlar esa o‘z faoliyatini birinchi navbatda iqtisodiyotning real sektori ehtiyojlariga qaratishi, o‘z mehnati natijalarini ishlab chiqarishga joriy etishi kerak. Biroq, ilgari ishlab chiqarish va ilm-fan bir-biriga bevosita bog‘liq emas edi, shu bois yangi uskuna va texnologiyalar ko‘pincha chetdan sotib olinardi. Holbuki, mamlakatimiz ilmiy laboratoriyalari, tajriba-konstruktorlik tashkilotlarida xorijnikidan qolishmaydigan, ba’zida o‘z xususiyatlari bo‘yicha ulardan ustun turadigan texnologik yangiliklar yaratilmoqda. Darhaqiqat, o‘zbek ilm-fanining yuqori salohiyati butun dunyoga mashhur. Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun o‘zbek ilm-fani davlatimizning doimiy qo‘llab-quvvatlashi tufayli barcha zarur resurs va imkoniyatlarga ega. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Inqirozga qarshi choralar dasturining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsion aloqalarni mustahkamlashga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Har yili o‘tkazib kelinayotgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi ilm-fan va innovatsion faoliyat natijalarini joriy etishni rag‘batlantirish, uning samaradorligini oshirish borasida amaliy mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda. – Innovatsiyalar yarmarkasi mamlakatimiz korxonalarini modernizatsiya qilish va yurtimizda innovatsion ilmiy-texnik faoliyatni rivojlantirish jarayoniga qanday hissa qo‘shmoqda? – Avval o‘tkazilgan ikki yarmarka doirasida ilmiy va texnik ishlanmalarni joriy etish to‘g‘risida qiymati 34,4 milliard so‘mlik jami 740 ta shartnoma va anglashuv protokoli imzolangan edi. Ayni paytda qiymati 10,2 milliard so‘mga teng 289 ta shartnoma ustida ish olib borilayotir. Ularning 151 tasi amalga oshirildi. Ilmiy tashkilotlarga 4,9 milliard so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi va qolgan mablag‘ni joriy yilda ajratish ko‘zda tutilgan. Misol uchun, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti tomonidan jahon amaliyotida ilk bor ishlab chiqilgan nitrokalsiyfosfat o‘g‘iti – Qizilqum fosforitlaridan nitrofos olish texnologiyasi yarmarkada namoyish etildi. Ushbu texnologiya joriy etilgan «Samarqandkimyo» ochiq aksiyadorlik jamiyatida 16,2 milliard so‘mlik 83 ming tonna o‘g‘it ishlab chiqarildi. Nitrofos tarkibida 23 foiz ozuqa elementlari bor va bu oddiy superfosfat tarkibiga qaraganda ikki hissaga ko‘p, shuningdek, uning tarkibining 15 foizini sho‘rlangan yerlar va boshoqli ekinlarni yetishtirishda nihoyatda samarali bo‘lgan suvda eriydigan kalsiy tashkil qiladi. Joriy yilda 250 ming tonna shunday o‘g‘it ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, uning 37,5 ming tonnasi eksport qilinadi. Yarmarkada modifikatsiya qilingan Stirling dvigateli ham namoyish etilgan edi. Fermer xo‘jaliklari, kichik korxonalar va uy-joy kommunal xo‘jaliklarida foydalanish uchun mo‘ljallangan ushbu dvigatel issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Mazkur dvigatel ixtiro qilingan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Fizika-texnika instituti va Amerikaning «Enviromation Ltd» kompaniyasi o‘rtasida uning sanoat uchun mo‘jallangan namunasini ishlab chiqish, bir yo‘la haq to‘lash, shuningdek, 20 yil davomida sotishlar hajmining 3 foizini to‘lash sharti bilan o‘zbek texnologiyasi asosida dvigatellar ishlab chiqarish uchun litseziya shartnomasi imzolandi. Yog‘-moy sanoatining 10 ta zavodida Toshkent kimyo-texnologiya institutining tez tozalanadigan paxta yog‘i va past gossipalli shrot ishlab chiqarish bo‘yicha ishlanmasi joriy etildi. Texnologiya yuqori sifatli yog‘, shuningdek, qimmatbaho ozuqa mahsuloti – tarkibida gossipol miqdori 0,01 foiz bo‘lgan paxta shroti olishni ta’minlaydi. Energetika va avtomatika institutida membrana texnologiyalari asosida zamonaviy sanoat filtr apparatlari ishlab chiqildi va neft-gaz tarmog‘ining qator korxonalarida joriy etildi. Ushbu apparatlardan organik sorbentlar, kompressor moyi va yoqilg‘i gazini yaxshi tozalash uchun foydalanilmoqda. Olimlar va ishlab chiqaruvchilarning yaqin kooperatsiyasini ta’minlash maqsadida 2009 yil dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasining «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi qoshida Energetika va avtomatika instituti negizida «O‘zNANOneftgaz» ilmiy-texnik markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qo‘shma qarori qabul qilindi. Markaz yangi nanohajmli obyektlarni kelgusida ishlab chiqarishni tashkil etish uchun ekspertizadan o‘tkazish va xalqaro sertifikatlash bilan shug‘ullanadi. Mamlakatimiz qimmatbaho o‘simlik xomashyosiga boy. Bo‘lib o‘tgan innovatsiya yarmarkalarida Fanlar akademiyasi, oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlari muassasalari tomonidan so‘nggi yillarda ishlab chiqilgan 30 dan ortiq import o‘rnini bosuvchi yuqori sifatli dorivor preparatlar namoyish etildi. Respublikamiz farmatsevtika korxonalari ushbu yangi preparatlarni ishlab chiqarmoqda va ularning substansiyalari eksport qilinmoqda. Bu innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi samaradorligiga doir bir necha misollar, xolos. Yana shuni ta’kidlash joizki, tuzilgan shartnomalar va ahdlashuv protokollari har doim ham talab darajasida amalga oshirilayotgani yo‘q. Har chorakda o‘tkaziladigan monitoring shuni ko‘rsatdiki, xo‘jalik yurituvchilar o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga qaramay, 2009 yil oxirigacha o‘nlab shartnomalar bo‘yicha mablag‘ ajratish hali-beri boshlanmagan. Bu borada ko‘rilgan choralar natijasida ushbu shartnomalar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishning tarmoqli jadvali joriy etildi va ularni bosqichma-bosqich mablag‘ bilan ta’minlash boshlandi. Kelajakda shartnomalarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash uchun ularni tuzish mexanizmi takomillashtirildi. Masalan, ilgari xo‘jalik yurituvchilar olimlarning yangi ishlanmalari bilan ko‘proq bevosita yarmarkada tanishgan bo‘lsa, endi ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan kooperatsiya tizimi tufayli ular u yoki bu yangilikning qulayliklari haqida yarmarka boshlanishidan oldin to‘g‘ridan-to‘g‘ri uni ishlab chiqaruvchilardan bilib olish imkoniga ega. Demak, yangiliklarni joriy etishdan tushadigan foydani hisoblab ko‘rish, mablag‘ va boshqa resurslarni ajratish uchun ularning vaqti bo‘ladi. Pirovard natijada bularning barchasi tuziladigan shartnomalar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. – Majit Malikovich, Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar III respublika yarmarkasiga tayyorgarlik ishlari haqida ham so‘zlab bersangiz. – Yarmarkaga tayyorgarlik ko‘rish doirasida ommaviy axborot vositalari orqali unda ishtirok etishni istaganlardan ariza qabul qilish haqida e’lonlar berildi. Ilmiy, ta’lim, konstruktorlik tashkilotlari va ayrim ixtirochilardan ishlanmalar, texnologiyalar hamda innovatsion g‘oyalar bo‘yicha 713 ta ariza kelib tushdi. Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni, Davlat geologiya qo‘mitasi, boshqa manfaatdor tashkilot hamda korxonalar mutaxassislarini jalb etgan holda, ushbu takliflarni ko‘rib chiqish va tanlash ishlarini amalga oshirdi. Natijada yarmarkada ishtirok etish uchun 468 ta yangi ishlanma, shuningdek, avvalgi yarmarkalarda namoyish etilgan va ishlab chiqaruvchilar katta qiziqish bildirayotgan 183 ta ishlanma tavsiya etildi. Bunda raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish, energiya va resurs tejash hisobidan uning tannarxini kamaytirish, mahalliy xomashyo asosida zamonaviy qayta ishlab chiqarishlarni tashkil etish imkonini beradigan yangiliklarga alohida e’tibor berildi. Yarmarkada namoyish etiladigan jami yangiliklarning 152 tasi sanoatdagi, 178 tasi qishloq xo‘jaligidagi dolzarb vazifalarni hal etishga qaratilgan, 79 tasi sog‘liqni saqlash va farmokologiya, 28 tasi axborot texnologiyalari va 31 tasi ilm-fan va ta’lim sohasidagi ishlanmalardir. Ya’ni, yarmarkada iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun mo‘ljallangan yangiliklar namoyish etiladi. Zero, bu tarmoqlarni rivojlantirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishda ustuvor ahamiyatga ega. Ayni paytda ko‘rgazma materiallari, maketlari, yarmarka kataloglarini tayyorlash ishlari davom etmoqda. Stendlar ishtirokchilarning arizalari bo‘yicha zarur uskunalar bilan jihozlanmoqda. Bundan tashqari, yarmarkada namoyish etiladigan barcha ishlanmalar to‘g‘risida elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirilmoqda, mavzuga oid veb-sayt yaratilib, muntazam yangilab borilmoqda. Bu keng doirada, shu jumladan, xorijda ham bo‘lajak buyurtmachi-iste’molchilarni o‘zbekistonlik olimlarning muhim amaliy ahamiyatga ega ilmiy-texnik izlanishlari natijalari bilan tanishtirish imkonini beradi. – Uch kun davom etadigan innovatsiyalar yarmarkasi dasturiga qanday tadbirlar kiritilgan? – Yana bir bor ta’kidlash kerakki, Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar III respublika yarmarkasining asosiy vazifasi ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyalashuvini yanada rivojlantirishdan iboratdir. Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan xo‘jalik yurituvchilar va olimlar, bir tomondan, ishlab chiqarishning texnologik darajasini oshirish maqsadida yangi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va mavjudlarini mustahkamlash, ikkinchi tomondan, innovatsiya faoliyatini qo‘shimcha resurslar bilan ta’minlash imkoniga ega bo‘ladi. Bunday o‘zaro manfaatli hamkorlik bir-biri bilan bog‘liq ikki muhim vazifani – iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va natijalariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan ilmiy tadqiqotlarni kengaytirishni hal etishga qaratilgan. Shu sababli yarmarka davomida yaratilgan ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha shartnomalar tuzish bilan cheklanib qolmasdan, mavzuga doir taqdimot marosimlarini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Ushbu taqdimot marosimlarida iqtisodiyot real sektori va ijtimoiy soha vakillari olimlar, jumladan, yosh tadqiqotchilarning yangi, istiqbolli g‘oya hamda loyihalari bilan tanishadilar. Yana bir muhim jihat – intellektual mulk egalarining huquqlarini patent orqali himoya qilishdir. Bugun bu masala nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Negaki, jahon bozorida o‘zbekistonlik olimlarning intellektual mahsulotlariga qiziqishi tobora ortib borayotir. Shu munosabat bilan yarmarka doirasida Jahon intellektual mulk tashkiloti mutaxassislari ishtirokida intellektual mulkni himoya qilish masalalariga oid ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Ayni vaqtda yosh olimlar va talabalar uchun “Innovatsion rivojlanishda yoshlarning o‘rni” mavzuida seminar tashkil etiladi. Tadbir davomida O‘zbekistonda innovatsiya faoliyatini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati ham o‘tkaziladi. Unda iqtisodiyot tarmoqlari, ilmiy muassasalar vakillari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonlarini yanada kengaytirish, mamlakatimizni rivojlantirish hamda xalqimiz farovonligini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli kooperatsiya imkoniyatlarini muhokama etadi. So‘nggi yangiliklar: Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlar |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |