Kamongaron suv ombori ishga tushirildi
Samarqand viloyatining Urgut tumanida Kamongaron suv ombori qurilishi ishlari yakunlandi.
Samarqand viloyatining Urgut tumanida Kamongaron suv ombori qurilishi ishlari yakunlandi.O‘n olti gektar maydonni egallagan mazkur suv ombori Kamongaron soyi, buloq va sel suvlaridan to‘planib, 1,5 million kub metrgacha obi hayotni tashkil etadi. Inshootda to‘palanayotgan suv miqdori va tarkibini aniqlash, uni taqsimlash uchun zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan.
– Ushbu suv ombori tumandagi yuz gektarga yaqin yerni suv bilan ta’minlash, meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi, – deydi “O‘zmaxsussuvqurilish ixtisoslashgan kompaniya”si davlat korxonasi direktori Qahramon Fatillayev. – Kamongaron va Vag‘ashti qishloqlari aholisi va fermer xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondiradi.
Tuman qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish hamda suv ta’minotini yaxshilash maqsadida amalga oshirilgan mazkur loyiha uchun 17 milliard 884 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.