Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

O‘zbekiston axborot agentligi (O‘zTAG)ni - O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga aylantirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

“O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida” va “Ommaviy axborot vositalari haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq hamda O‘zbekiston Axborot agentligini qayta tashkil etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Axborot agentligi (O‘zTAG) - O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga aylantirilsin.

2. O‘zA agentligi O‘zbekiston Axborot agentligining to‘la huquqli vorisi deb hisoblansin hamda uning faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari:

- mustaqil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jumhuriyat ichki va tashqi siyosati, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining faoliyati haqidagi axborot olish huquqlarini ta’minlash;

- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy bayonotlari va axborotlarini tarqatish;

- mustaqil davlatlarning, xorijiy mamlakatlarning davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari, ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasining ichki hamda tashqi siyosatiga doir, mintaqaga xos ijtimoiy-siyosiy va boshqa voqealar xususida axborot materiallari berish;

- O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini og‘ishmay amalga oshira borib, jumhuriyat iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy turmushidagi voqealarni haqqoniy va oshkora yoritish, respublika aholisini bir-birlariga nisbatan teng va hurmat bilan munosabatda bo‘lish, xalqlar o‘rtasida totuvlik, do‘stlik va tinchlikni mustahkamlash ruhida tarbiyalash;

- mustaqil davlatlar va xorijiy mamlakatlarda o‘zining axborot markazlarini, muxbirlar manzilgohlarini tashkil etish, xorijiy agentliklar hamda boshqa ommaviy axborot vositalari bilan bitimlar tuzish asosida barcha turdagi axborotlarni to‘plash va tarqatish masalalari yuzasidan xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat qilib belgilansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida ushbu Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.

O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti I. Karimov

Toshkent sh., 1992-yil 5-fevral


O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qarori


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston axborot agentligi (O‘zTAG)ni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga aylantirish to‘g‘risida” 1992-yil 5-fevraldagi Farmoniga muvofiq hamda respublikaning ichki va tashqi siyosati to‘g‘risida ishonchli axborotlarni to‘plash va ta’minlashni tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Yuklatilgan vazifalarga muvofiq O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga quyidagi huquqlar beriladi:

moddiy-texnika negizini mustahkamlash va ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun byudjetdan tashqari moliyaviy manbalarning mablag‘laridan mustaqil foydalanish;

shartnomalar yuzasidan buyurtmachilarga sotiladigan axborot mahsuloti (ishlar, xizmatlar) narxlari va tariflarini belgilash;

rahbarlarni, ijodiy xodimlarni, yuqori malakali mutaxassislar va xizmatchilarni bitim asosida ishga yollash;

axborot mahsulotini, tegishli texnika va asbob-uskunalarni sotib olish, sotish va ayirboshlash, reklama xizmati va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.

2. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) to‘g‘risidagi ilova etilayotgan Nizom tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi markaziy apparati xodimlarining eng ko‘p soni, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari, 150 kishidan iborat qilib belgilansin.

Belgilab qo‘yilsinki, O‘zA mehnat haqi uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida apparat tuzilishini, moddiy rag‘batlantirish shakllari va shartlarini (turli toifadagi xodimlar soni nisbatini hisobga olmasdan) mustaqil ravishda tasdiqlaydi.

O‘zA bosh direktorining uch nafar o‘rinbosari, jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari va 9 kishidan iborat hay’at bo‘lishiga ruxsat berilsin, uning shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

O‘zA bosh direktoriga, uning o‘rinbosarlariga va hay’at a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi vazirlari, ularning o‘rinbosarlari va hay’at a’zolari uchun mos ravishda belgilangan moddiy ta’minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlari joriy qilinsin.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi belgilangan asosiy vazifalardan va faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda bir oy muddat ichida agentlikni boshqarishning tashkiliy tuzilishini takomillashtirish, respublikada, MDH davlatlarida va chet ellarda muxbirlik punktlari shoxobchalarini kengaytirish yuzasidan tadbirlarni amalga oshirsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi:

cheklangan narxlar va tariflarda xizmat haqi to‘lash sharti bilan O‘zAga, uning bo‘linmalariga va muxbirlik punktlariga shartnoma asosida zarur aloqa kanallari va vositalarini bersin;

O‘zA hamda unga qarashli tashkilotlarning xabarlari va fototelegrammalarini Hukumat telegrammalari toifasida uzatishni, telefon so‘zlashuvlarini esa ikkinchi toifa tezkorlikda ulashni ta’minlasin.

6. “O‘zshartnomasavdo” uyushmasi asoslangan buyurtmalarga ko‘ra O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga zarur moddiy-texnika resurslari, asbob-uskunalar va jihozlar ajratishni nazarda tutsin.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, “Toshkentboshqurilish” O‘zA laboratoriya korpusining ikkinchi navbati qurilishini tugallashni ko‘rib chiqsinlar va ikki hafta muddat ichida belgilangan tartibda taklif kiritsinlar.

8. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1972-yil 13-apreldagi 155-son, 1977-yil 22-dekabrdagi 804-son, 1981-yil 15-iyundagi 507-son, 1986-yil 9-apreldagi 181-son qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari o‘rtoq E.S. Samandarov zimmasiga yuklatilsin.

Vazirlar Mahkamasining
Raisi I. Karimov

Toshkent sh., 1992-yil 21-aprel


O‘zbekiston Milliy axborot agentligining
2016-yil 05-avgustdagi
55-ich sonli buyrug‘iga
1-ILOVA

O‘ZBEKISTON MILLIY AXBOROT AGENTLIGI – O‘zA XODIMLARINING ODOB-AXLOQ QOIDALARI

I.UMUMIY QOIDALAR

Mazkur odob-axloq Qoidalari (keyingi o‘rinlarda Qoidalar deb yuritiladi) O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi)ning egallab turgan lavozimidan qat’iy nazar, barcha xodimlarining kasbiy odob-axloqining umumiy prinsiplari va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari yig‘indisidan iborat.

Qoidalar huquqbuzarlikning oldini olishga, ular sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga Agentlik xodimlarini yuksak huquqiy ong, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan.

Agentlikka ishga kirayotgan shaxslar Qoidalar bilan imzo qo‘ydirgan holda tanishtiriladilar.

Agentlik xodimlari qonun hujjatlari va Qoidalarga rioya etishlari shart. Mazkur Qoidalarga rioya etish Agentlik xodimlarining kasbiy faoliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.

II.AGENTLIK XODIMLARINING XIZMATDAGI XULQ-ATVORINING ASOSIY PRINSIPLARI VA QOIDALARI

Agentlik xodimlari o‘z kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishlari kerak:

qonuniylik;

fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoiylik;

davlat va jamiyat manfaatlariga sodiklik;

adolatlilik, halollik va xolislik;

manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik.

Agentlik xodimlari quyidagilarga majbur:

xizmat vazifalarini bajarishda davlat prinsiplari va talablariga qat’iy rioya etish;

o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarish;

yuqori davlat organlari va mansabdor shaxslarining o‘zvakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) o‘z vaqtida va sifatli bajarish;

o‘z faoliyatini qonun hujjatlarida va ichki hujjatlarida belgilangan lavozim vakolatlari doirasida amalga oshirish;

o‘z xizmat va zifalarini bajarishda biror-bir shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlarga yon bosmaslik va ustunlik bermaslik, ularning ta’siridan mustaqil bo‘lish, fuqarolarning huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish, kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;

o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qiluvchi biror-bir shaxsiy, mulkiy va boshqa manfaatlarning ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan xatti-harakatlarga barham berish;

normativ huquqiy hujjat va idoraviy hujjatlarda belgilangan cheklashlar va taqiqlarga rioya qilish, o‘z xizmat vazifalarini og‘ishmay bajarish;

O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar xalqlarining urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, turli etnik, ijtimoiy guruhlar va konfessiyalarning madaniy hamda boshqa xususiyatlarini hisobga olish, ijtimoiy barqarorlikka, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikka ko‘maklashish;

O‘zlarining xizmat vazifalarini vijdonan bajarishda shubha paydo qilishi mumkin bo‘lgan xulq-atvordan o‘zini tiyish, shuningdek o‘z obro‘siga yoki agentlikning nufuziga zarar yetkazishga qodir bo‘lgan vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik;

Xizmat mavqeidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar faoliyatiga noqonuniy ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanmaslik;

Agentlikda xabarlarni va xizmat axborotlarini taqdim qilishning belgilangan qoidalariga rioya etish.

Siyosiy, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik, shuningdek shaxsiy vajlar va boshqa subyektiv sabablar agentlik xodimlarining qonun hujjatlari talablarini va Odob-axloq qoidalarini buzishi uchun asos bo‘la olmaydi.

Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, Agentlik xodimlariga o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan biror-bir moddiy boyliklarni olish yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslardan boshqacha naf ko‘rish taqiqlanadi.

Agentlik xodimlari korrupsiya holatlariga qarshi kurashishi va ularning profilaktikasiga faol ko‘maklashishi shart.

Agentlik xodimlari o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qilish organlarini ularni huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish maqsadida biror-bir shaxslarning qilgan murojaatlarining barcha holatlari to‘g‘risida, shuningdek boshqa davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lgan har qanday holatlari haqida xabardor qilishi shart.

Agentlik rahbariyati shaxslar qonunchilikning buzilishi faktlari to‘g‘risida murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikr va murojaatdagi tanqidi uchun, xuddi shuningdek boshqacha shaklda tanqid qilganligi uchun ishdan bo‘shatilishiga yoki boshqacha shaklda ta’qib qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashi kerak.

Agentlik xodimlari kasbiy faoliyati davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan axborotning saqlanishini va maxfiyligini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rishlari shart, ularning oshkor etilganligi uchun ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Rahbar o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionalizm, soflik va adolatda o‘rnak bo‘lishi, ish jarayonida ma’naviy-psixologik muhit shakllanishiga ko‘maklashishi lozim, u bo‘ysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiqib ketadigan topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.

Rahbar kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak. U guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizm ko‘rinishlarining, shuningdek, o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning qat’iy ravishda oldini olishi lozim.

Rahbar:

manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rishi;

korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rishi;

xodimlarni samarali boshqarishi, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishi shart. Rahbar o‘ziga bo‘ysunuvchi, xizmatdagi xulq-atvori prinsiplari va qoidalarini buzayotgan xodimlarning xatti-harakatlariga (harakatsizligiga) qarshi choralar ko‘rmaganligi uchun javob beradi.

Agentlik xodimlari xushmuomala, iltifotli, odobli, e’tiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli bo‘lishi, ularni hurmat qilishi shart. Agentlik xodimlari o‘ziga bo‘ysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida ish sharoitlari va xizmat tadbirlarining shakliga bog‘liq holda Agentlik xodimlarining tashqi ko‘rinishi fuqarolarning Agentlikka nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga yordam berishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq bo‘lishi, ular rasmiyliligi, vazminligi va tartibliligi bilan boshqalardan ajralib turishi kerak.

Agentlik xodimlari xizmatdan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

III. MANFAATLAR TO‘QNASНUVI

Agentlik xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan shaxsiy manfaatdorlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi Agentlik xodimlarining shaxsiy manfaatlari ularning o‘z xizmat vazifalarini xolisona va beg‘araz bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda paydo bo‘ladi.

Agentlik xodimlarining shaxsiy manfaatdorligi ularning shaxsan o‘zi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek, ular yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida bo‘ladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishni o‘z ichiga oladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda Agentlik xodimlari o‘z rahbarini darhol xabardor qilishi kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotni olgan rahbar uni tartibga keltirish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.

Agentlik xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

Agentlik xodimlari o‘zlarining o‘z xizmat vazifalarini zarur darajada bajarishiga yoki ularga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan faoliyatni amalga oshirmasligi, shuningdek lavozimni egallamasligi kerak.

Agentlik xodimlari har qanday holatlarda ham o‘z xizmat mavqeidan mumkin bo‘lmagan shaxsiy foydani olishi mumkin emas.

Agentlik xodimlari o‘z rahbarini manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rish maqsadida tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etishi to‘g‘risida xabardor qilishi shart.

Agentlik xodimlari lavozimga tayinlanayotganda va xizmat vazifalarini bajarayotganda o‘zining xizmat vazifalarini zarur darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligining mavjudligi yoki mavjud bo‘lishi imkoniyati to‘g‘risida ma’lum qilishi shart.

IV. ODOB-AXLOQ QOIDALARINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK

Agentlik xodimi tomonidan Odob-axloq qoidalarining buzilishi uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Agentlik xodimi tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etilishi attestatsiyalar o‘tkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.

Ushbu Odob-axloq qoidalari normalarining buzilishlari Odob-axloq Komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Odob-axloq qoidalarining buzilishi holatlarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha intizomiy yoki boshqacha tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda Agentlik Bosh direktoriga qoidalar buzilishini sodir etgan xodim javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif kiritiladi. Yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xarakterini hisobga olgan holda, Odob-axloq komissiyasi xodimga nisbatan Odob-axloq qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.

Agentlik xodimlari o‘zlari yo‘l qo‘ygan qoida buzilishi, qoida buzilishining ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va o‘zini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek Agentlikning qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.







Все о погоде - Pogoda.uz