AQSHning Sent-Luis shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan "Sinquefield Cup-2024" turnirining 1-turida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa bilan murosa yo‘lini tanladi.
Birinchi tur bahslarining to‘rttasida durang qayd etildi. Fransiyalik Alireza Firuzja va AQSH vakili Fabiano Karuana uchrashuvida g‘olib aniqlandi. Qora donalarda harakat qilgan Alireza turnirning birinchi raqamli ishtirokchisi sanalgan Karuanani mag‘lub etdi.
Grand Chess Tour musobaqasining beshinchi bosqichi hisoblangan ushbu turnirning bugun o‘tkaziladigan 2-turida hamyurtimiz Abdusattorov oq donalarda 1 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan Alireza Firuzja bilan kuch sinashadi.
Ushbu uchrashuv har ikkisi uchungina emas, turnirda ishtirok etayotgan boshqa shaxmatchilarning yetakchilikka erishishidagi muhim bosqich sanaladiki, Nodirbekning ushbu turda muvaffaqiyat qozonishi g‘oliblik yo‘lining boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollarini tashkil etgan turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlansa, so‘nggi o‘rindan joy olgan grossmeyster 10 ming 500 AQSH dollariga ega chiqadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA