Insonni hayot tarbiyalaydi, deganlari bejiz emas ekan-da.
Yoshing ulg‘aygani sari, turmushning past-balandini ko‘raverib, ko‘p narsani qiyoslash, qaysi ishning oqibati nima bo‘lishini anglab boraverar ekansan.
Balki shundan yoshi ulug‘ insonlar yoshlarga nasihat qilish, yo‘l ko‘rsatishga moyil bo‘lib qolishar, hayot maktabi saboqlarini ularga aytishga intilishar. Bugun biz ham nuroniylar safida yurib, hayot hikmatlari mag‘zini chaqib, o‘z umr yo‘limiz misolida yoshlarga nimadir o‘rgatishga, gapirishga ma’nan haqli deb bilamiz o‘zimizni. Yoshimiz yetishdan oshdi. Jonajon Vatanimizning jannatmonand Urgutida tug‘ilib, o‘sdik. Butun umr shu yerda mehnat qildik, tumandagi bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘ldik. Bu ishlarga, imkon qadar, hissa qo‘shishga harakat qildik. Yaxshi kunda ham, sinovli damlarda ham hamma vaqt tumanimiz ahli bilan birgamiz. Ana shu umr saboqlaridan kelib chiqib, aytishimiz mumkinki, qaysiki yurtga rahbarlarning mehri tushsa, qadami tegib tursa, shu hudud albatta, rivoj topadi, obod bo‘ladi.
Urgut ana shunday tabarruk maskan. O‘z vaqtida ko‘plab ulug‘ ajdodlarimiz, aziz avliyolar makon tutgan bu zaminni. Amir Temur bobomizning izlari bor Urgutda. Keyinchalik ham ko‘plab davlat arboblari, el nazaridagi insonlarning qadami uzilmagan bu yerlardan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham Samarqand viloyatiga hokim bo‘lib ishlagan chog‘larida ham, so‘ngra mamlakat hukumatini boshqarganida ham Urgutga tez-tez kelar, xalqning hayoti, kayfiyati bilan qiziqar, hududning imkoniyat va salohiyatidan samarali foydalanishga da’vat etardi. Ana shu tashriflarning hech biri izsiz ketmagan, har bir safardan so‘ng tumanimiz hayotida yaxshi yangiliklar, o‘zgarishlar ro‘y berardi. Bunga ko‘pchilik guvoh.

2016 yil 5 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev, hali Prezident vazifasini bajarib turgan paytda Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Urgut tumanida ham bo‘ldi. O‘sha vaqtda mavjud sanoat zonasini borib ko‘rib, tumanimiz tadbirkorlarining faoliyati bilan tanishdi. O‘sha kuni tuman hokimligida viloyat faollari bilan yig‘ilish o‘tkazildi va unda Samarqandda, jumladan, Urgutda amalga oshiriladigan ishlar muhokama etildi. Ushbu yig‘ilishda davlatimiz rahbari Urgutda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyat va shart-sharoit yaratilishi, hududda to‘planib qolgan ko‘plab ijtimoiy muammolarga yechim topilishini ta’kidlagan edi. Jumladan, tumanda ta’lim sifatini oshirish, pedagog kadrlash tayyorlash, tibbiy xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, yo‘l infratuzilmasi, aholini uy-joy bilan ta’minlash masalalari qayd etildi. Oradan ko‘p o‘tmadi, 2017 yilning yanvar oyida Prezident farmoni bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Tog‘ va tog‘oldi hududlardagi foydlanilmayotgan bir necha ming gektar yerda bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi.
Shavkat Mirziyoyevning viloyatimizga keyingi har bir tashriflarida ham Urgut bo‘yicha nimadir yangi tashabbus o‘rtaga tashlandi, aholi hayotini yaxshilash uchun dasturlar belgilandi. Mergancha massivida zamonaviy ko‘p-qavatli uylar qurilishi boshlandi, mazkur hudud va tuman markazining oqova tarmog‘i yaratildi. Oradan ko‘p o‘tmadi, to‘rt-besh yilning ichida Mergancha ko‘rkam shaharcha qiyofasiga kirdi. Hozir bu yerda “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishiga kirishildi. Sariqtepadagi yaydoq dashtda bugun o‘nlab sanoat korxonalari ishga tushdi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu yaqin yillardagi gaplar. Endi shu kunning gapiga to‘xtalsak.
2021 yilning 15 aprel kuni hurmatli Prezidentimiz Samarqandga keldi. Tashrif dasturidan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishish ham o‘rin olgan edi. Davlat rahbarining yana tumanimizga kelishini eshitib, butun urgutliklar xursandmiz. Chunki, bilamiz, yurt rahbarining har bir tashrifi xosiyatli, barakali bo‘lgan. Shavkat Miromonovich kunning ikkinchi yarmida Urgutga keldi. Iqtisodiy zonadagi korxonalarning birida tumanimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Davlatimiz rahbari har bir tadbirkor bilan suhbatlashdi, ularning fikrlarini eshitdi, muammolarga shu yerning o‘zida yechim topildi yoki mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz shu yerda biz kabi bir guruh faxriylar bilan suhbatlashdi. Davlatimiz rahbarining dastlabki savoli shunday bo‘ldi
– “Urgutliklarning kayfiyati qanday?”. O‘rganib qolganmiz, u kishi har gal Urgutga kelganida rahbarlarga, oqsoqollarga shunday savol beradi. Bir gal buni izohlab “Hamma reja va maqsadlarimizning amalga oshishi avvalo odamlar kayfiyatiga bog‘liq. Iqtisodiy imkoniyatimiz yetarli bo‘lishi mumkin, lekin odamlarda uyg‘oq ruh, bugundan shukrona, ertangi kunga umid bo‘lmasa, barcha harakatlarimiz zoye ketadi”, degan edi. Davlatimiz rahbariga urgutliklarning kayfiyati juda yuqori ekani, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida olib borilayotgan islohotlardan xursandligi va bunga hissa qo‘shayotganini aytdik. Shavkat Miromonovich esa bu ishlar bundan buyon yana ham keng ko‘lamda davom etishi, urgutliklar hayotini yaxshilash uchun ko‘p rejalar borligini ta’kidladi.
16 aprel kuni davlatimiz rahbari viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu majlisda ham viloyatda islohotlarni jadallashtirish bilan bog‘liq ko‘p tashabbuslar bildirildi, yaqin yillarga mo‘ljallangan rejalar haqida so‘z yuritildi. Jumladan, biz kutganimizdek, Urgut bo‘yicha ham yangi gaplar aytildi. Avvalo tumanimizni to‘liq erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, viloyatning barcha hududlarida ushbu iqtisodiy zonaning filiallarini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi negizida xolding kompaniya tuziladigan bo‘ldi. Tumanimiz ahlini quvontirgan yana bir tashabbus Samarqand davlat universitetining Urgut filiali tashkil etilishi bilan bog‘liq edi.
Sababi 530 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan tumanimizda ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda kadrlar yetishmovchiligi kuzatiladi. Ushbu muammoni hal etish uchun tumanimizda oliy o‘quv yurti filialini ochish, kadrlarni shu yerda tayyorlashga ehtiyoj oshib borayotgan edi. Bu haqda bir necha yildan buyon katta-kichik yig‘inlarda aytilsa-da, amalga oshishi qiyin kechayotgandi. Prezidentimizning 13 yanvar kuni imzolangan “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan bir necha yillik orzularimiz ro‘yobga chiqadigan bo‘ldi.
Avvalo, qadrdon universitetimizga atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berilgani juda adolatli qaror bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari shu yilning sentyabr oyida samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvda bu tashabbusni ilgari surganidayoq viloyatimiz ahli buni qo‘llab-quvvatlagan edi. Chunki, Sharof Rashidov o‘z vaqtida butun mamlakatimiz uchun, xususan, Samarqand uchun juda ko‘p xizmat qilgan, bu zaminga o‘zgacha hurmat, ehtirom bilan qaragan. Qaror bilan tumanimizda Samarqand davlat universitetining pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlovchi filiali faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Filialga tumanimizning Vagashti mahallasida joylashgan Urgut iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji bino va inshootlari beriladi.
Bu binoni viloyatimiz va tumanimiz rahbarlari, Samarqand davlat universiteti rektori va boshqa mas’ullar kelib ko‘rib, ushbu muassasada filial uchun eng qulay maskan, deb baho berishgandi. Bizni xursand qilgan yana bir jihat shu bo‘ldiki, filial faqat kadrlar tayyorlash bilan cheklanmay, tumandagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilariga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatib borishining belgilangani bo‘ldi.
Urgutda oliy ta’lim muassasa filialining tashkil etilishi, albatta, kadrlar bilan bog‘liq muammoga yechim bo‘ladi. Shu bilan birga hududda ilm-fanning rivojlanishi, ma’rifatga e’tiborining kuchayishiga turtki beradi. Bugun urgutliklarning kayfiyati har qachongidan ham a’lo. Avvalo, barchamiz 2022 yilning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilinganidan va keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan yangi O‘zbekistoning Taraqqiyot strategiyasi loyihasi juda insonparvar va xalqchil ishlab chiqilganidan xursandmiz. Qolaversa, yilning dastlabki kunlaridanoq tumanimizda ilm-ma’rifat rivoji uchun ulkan qadam tashlanganidan boshimiz ko‘kka yetdi.
Farmon AZIZOV,
Quddus ASQAROV,
O‘tkir TO‘LAEV mehnat faxriylari
O‘zA