Ramazon o‘ylari
Yaratganning marhamati keng. Uning iltifotiga sazovor bo‘lmoqlik barchamizga nasib etsin.
1994 yil bahori edi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Buxoro safariga borganida Bahouddin Naqshband ziyoratgohi etagida “Farg‘ona bog‘i” yaratilsa, degan taklif aytdi. Oradan bir necha kun o‘tar-o‘tmas Quva, Vodildagi ko‘chat yetishtiruvchilardan ikkita mashinada turli mevali ko‘chatlar va bir “Ikarus” avtobusda bog‘bonlar viloyat hokimi Mirzajon Islomov boshchiligida Buxoroga yo‘l oldik. Men tasvirchimiz bilan hamroh edik.
Erta tongda bizni viloyat hokimi Damir Yodgorov Buxoro viloyati chegarasida kutib oldi. Ziyoratgohga kelganimizda bog‘ uchun yer tayyorlab qo‘yilgan edi. Darhol ip tortib saf chizildi va ko‘chatlarni eka boshladilar. Kechgacha bog‘ anchagina ko‘zga ko‘rinib qoldi.
– Bugunga yetar, – dedi Yodgorov. – Endi dam olamiz. Bog‘bon va mutaxassislarni mehmonxonaga olib ketdilar. Islomov va “Axborot” muxbiri men viloyat hokimligi oromgohi (dachasi)ga borishimiz kerak edi. Shu payt men oyoq tirab turib oldim. Bu kechani Bahouddin Naqshband masjidida o‘tkazishimni aytdim. Noiloj meni qoldirishdi. Hokimlikdan bir kishi osh-ovqat olib keldi. Keyin tahorat olgach, ustunlari sirli naqshinkor, ammo salobati ruhiy quvvat beruvchi masjidga kirdim. O‘zim ham hayronman. Aslida o‘shanda diniy ilmim yo‘q, enam (dadamning onalari) bolaligimda yodlatgan 5-6 ta sura va namoz o‘qishni bilardim xolos. Lekin qandaydir kuch meni to‘kin dasturxonli ziyofat kechasiga emas, shu yerda olib qolgandi.
Masjidga kirgan zahotim beixtiyor ko‘zim yoshlandi. Bilganlarimni to‘xtovsiz o‘qir edim. Takror va takror o‘qirdim. Shu alpozda yupqagina ko‘rpachada g‘ujanak bo‘lib uxlab qolibman.
O‘sha 1994 yil bahorida hali hozirgidek parobal teleantennalar yo‘q edi. Makka, Madina haqida, Ka’ba siymosi haqida o‘qib, eshitgandim xolos. Lekin tushimda...
Oppoq marmar toshli sahnda, ustiga qora zarrin mato qoplangan chorburchak binoning oltindek nur taratuvchi eshiklari qarshisida tiz cho‘kkancha Ollohga iltijo qilardim. Hali men tanib ulgirmay, ko‘krak sutiga to‘ymay bevaqt olamdan o‘tgan onam, oxirgi yo‘lga kuzata olmaganim – otam, menga mehr berib boqqan marhum enam, bobomga jannatdan joy, gunohlarimga kechirim so‘radim. Ichimdan otilib chiqqan dard ko‘z yoshim bo‘lib oqardi...
To‘satdan uyg‘onib ketdim. Yostig‘im ho‘l bo‘lib ketgandi. Shu payt masjid mutavalisining sharpasini sezdim. Ohista azon yangradi.
Ruhim majruh edi. Tushimda ko‘rganim qayer? Nega yig‘lay-yig‘lay iltijo qilyapman? O‘zi, umuman menga nima bo‘ldi?
Soat to‘qqizlarda yana ish boshlandi. Bog‘bonlar ko‘chat ekishda davom etishdi. Men ish bilan ovunib, tushimni bir oz unutdim. Jarayon haqida tasvirlar yetarli edi. Ketma-ket intervyular oldim. O‘zim kadrda turib “Farg‘ona bog‘i”ning muhim jihatlari haqida gapirdim. Soat o‘n yarimlar edi, chamasi. Bir “Volga” mashinasi shitob bilan kelib to‘xtadiyu, undan yoshi 40-45larda bo‘lgan ko‘zoynakli kishi tushib, hoy, ichlaringda “Axborot” muxbiri Obidov bormi, deb so‘rab qoldi. Men darhol uning yoniga keldim.
– Men hokimlikdanman. Zudlik bilan Toshkentga borar ekansiz. Samolyot bir soatdan keyin uchadi. Bilet bron qildik. Qani, yuring, – u shosha-pisha gapirardi.
Men gap nimada ekanini tushunmasamda tasvirchidan kasetalarni olib aeroportga ketdim.
Toshkentda, televideniyeda rahbarimiz gapni qisqa qildi.
– Ertaga, oxirgi samolyot Jiddaga uchar ekan. Siz unda hajga borasiz. Topshiriq shunday bo‘ldi.
Men turgan joyimda qotib qoldim. Chunki o‘zbekistonlik ziyoratchilar uzoq tayyorgarlikdan so‘ng barchasi uchib ketishgandi. Faqat ishchi guruhning ayrim a’zolari, shifokor va bojxonachilar qolgan ekan.
Shu kuni uyga, Marg‘ilonga birrov kelib-ketdim va so‘nggi samolyotda Jiddaga uchdik. Samolyot me’qot chegarasiga kelganida tahorat olib, ehromga kirdik. Ikki rakat namoz o‘qib, Yaratgandan hajimizni qabul qilishini so‘rab duoi-fotiha qildik.
Saudiya havo darvozasida bizni kutib oldilar. Yangi qurilgan “Dorussalom” mehmonxonasi O‘zbekistondan kelgan ziyoratchilarga ajratilgan ekan, undagi xonalardan biriga joylashdim.
Tilimizdan labbaykani qo‘ymay piyoda Harami sharifga tomon yo‘l oldik. Diniy idoradan bo‘lgan Boburjon ismli yigit yo‘lboshchi edi. As-salom darvozasidan kirdigu... ne til bilan bayon qilay, qarshimda o‘sha, ikki kun avval tushimda ko‘rganim – sathi oq marmarli, ustiga Qur’on oyatlari oltin iplarda yozib tashlangan, musulmon olamining qiblagohi – Ka’ba turardi.
Men bu gal tush ko‘rmasdim. Tumonat ziyoratchilar qatoriga qo‘shilib yetti bor tavof qildik. So‘ng... so‘ng o‘sha men tushimda ko‘rgan Oltin darvoza qarshisida ikki rakat namoz o‘qigach tiz cho‘kib Ollohga iltijo qildim!
– Vo darig‘! Menga shunchalar mehribonlik sababi nima? Bunday mukofotga munosibmanmi?
Shukr, shukrona aytib adog‘ qila olmasdim.
– Hoji aka... – dedi mayin bir ovoz egasi yelkamga qo‘lini qo‘yib. – Hali Umraning bajariladigan amallari bor.
Shu kuni ehromdan chiqqach, darhol yana Haramga qaytdik. Ka’baning devorlariga bag‘rimni berib qancha vaqt qolib ketdim bilmasdim. Men hayot yo‘limdagi xato va kamchiliklarim uchun Yaratgandan shafoat tilardim.
Salkam bir oy Makka, Madina ziyoratgoharida bo‘ldik, vaqti-soatiga qarab Haj amallarini bajardik. O‘nlab vatandoshlar suhbatidan, ularning gohida ayanchli, ba’zida baxtli hayotiy taqdirlariga bag‘ishlangan suhbatlaridan bahramand bo‘ldik. Ollohga shukrki, men Haj ibodatlarini bajarish bilan birga O‘zbekiston televideniyesida birinchi marta yurtdoshlarning buyuk ziyoratlariga bag‘ishlangan “Muborak haj safari” videofilmini baholi qudrat tayyorladim. Tasvirchi ham, muallif ham o‘zim edim. Ba’zida stendap (muxbirning o‘zi tasvirda gapirishi) kerak bo‘lganida kamera oyoqlarini chiqarib, o‘zim turadigan joyga moslab tasvirga olishni yoqib qo‘yar va kadrda paydo bo‘lar edim. Ham tasvirga tushirish, ham ibodatni ado etish ikki hissa qiyin bo‘lgan. Lekin aynan shu tasvirlarni men tarixga muhrlayotganim ruhiy kuch berar edi.
Toshkentga qaytgach, tasvirlarni matnga moslab montaj qildim. Videofilm juda katta muvaffaqiyat qozondi. Teletomoshabinlar talabiga ko‘ra takror-takror namoyish qilindi.
Xudoga beadad shukrki, bugungacha uch bor haj ibodatini ado etish (shundan ikki bor hojiakbarlik yilida), to‘rt marta qadr kechasini Makkada, Harami sharifda kutish nasib etdi. Bunday marhamatga yetkazgan Ollohimga hamdu sanolarim bo‘lsin. Lekin har gal Yaratganning bir mo‘’jizasiga ro‘baro‘ bo‘lar edim.
1999 yilda Andijon viloyati hokimi Qobiljon Obidov taklifi bilan andijonlik hojilar safida bordim. O‘shanda Makkaga kelganimizda viloyat qozisi (bosh imom hatibi) Nurilloqori Bahromov bilan menga Qudaydagi mehmonxonadan bir xona ajratib berdilar.
Nurilloqori aka yoshlari yetmishlarda bo‘lsada tetik, oq-sariqdan kelgan, doim kulib turadigan yuzidan nur taraluvchi, diniy sohaning katta bilimdonlaridan edi. Xonaga kirgach qizil, o‘rtacha kattalikdagi jomadonlarini ko‘rdim. Biz umra vazifalarini ado etib kelgach, ehromdan chiqdik. Shunda ko‘rdim, jomadonda bir-ikki kiyim, qolgani qadimiy kitoblar edi. Nurilloqori aka haramda ibodat qilar, mehmonxonaga qaytgach qizil jomadondagi kitoblardan birini olib mutolaa qilardi. Soatlab payg‘ambarlar, aziz-avliyolar, din ahkomlari haqida gapirib berardi. Biz bir-birimizga juda o‘rganib qolgandik.
Nihoyat haj amallarini ado etish vaqti-soati keldi. Dastlab Mino maydoniga chiqdik. Ertasi kuni Arofatdagi chodirlarning biri bizga ajratildi. To‘xtovsiz ibodatda bo‘lgan Nurilloqori aka peshindan o‘tganda to‘satdan menga shunday dedilar:
– Hojim, andijonlik imomlarga ayting, chodirlarini ko‘tarib bir davraga birlashsinlar. Men Jalaquduq tumani imom-hatibi Ikromxon qoriga bu gapni yetkazdim. Darhol o‘nlab chodirlarning yon pardalari ko‘tarilib katta maydon hosil bo‘ldi. Chamasi besh yuz nafar andijonlik hojilar saf tortib o‘tirdilar. Nurilloqori aka payg‘ambarimizning go‘zal axloqlari, oxirat haqidagi so‘zlari, mo‘minning Ollohdan va bandasidan qarzining farqlari haqida muqaddas kitoblardan dalillar keltirib ma’ruza qildilar. Shundan so‘ng biz chodirimizga qaytdik. Ammo to‘satdan qori akaning toblari qochdi.
– Hojim, men suv bo‘lib oqib ketyapman, – dedilar arang. Men u-buni taxlab yostiq qilib to‘shadim va yoting dedim. O‘zim doktorga chopdim. Biz bilan O‘zbekistondan kelgan shifokorlarning biri Arofatga birga chiqqandi.
– Hech gap yo‘q, biroz toliqqanlar, qolaversa, quyosh tafti... degandek.
Doktor bitta dori berdi.
Lekin Nurillo qori aka tobora quvvatsizlanib borardi.
Men mufti Abdurashid qori oldiga chopdim. Ahvol og‘irlashayotganini aytdim. Mufti:
– Unday bo‘lsa, qori akani mehmonxonaga yuboring, – dedi.
Nurillo qori aka Arofatdan qaytishni istamas edilar.
– O‘zingiz menga aytgandingizku, al-hajju al-arofat, Arofatda turmoqlik haj ibodatini bajarmoqlik, deb. Mehmonxonaga qaytasiz. Vrach nazoratida bo‘lasiz u yerda.
Shunday deb arang ko‘ndirdim. Bir taksi tutib, navbatchi shifokor bilan ularni Qudayga jo‘natdim.
Shom arafasida Arofatda to‘p otildi. Ziyoratchilar bu muqaddas maydondagi uzluksiz ibodatlarini yakunlab, Muzdalifa vodiysiga yo‘l oldilar. U yerda ham tonggacha Ollohga iltijo qildik. Qo‘llarimizga tosh terib oldik va quyosh bir terak ko‘tarilganida shayton qarshisiga yetib keldik. Uch shaytonga bismillahu ollohu akbar deya tosh otdik. Shu bilan bugungi amalning biri bajarilgan edi. Men darhol taksi tutib Makkaga, mehmonxonaga keldim.
Nurillohoji aka dahlizdagi parda bilan o‘rab qo‘yilgan vaqtinchalik “shifoxonada” yolg‘iz yotgan edilar.
– Keldingizmi, hojim, – dedilar qori aka intizor ko‘zlarini tikib. – Meni bir tahorat oldiring.
Avval o‘zim tahorat oldim. So‘ng yonlaridagi joyga ohorli choyshab yoydim. Hech tortinmay lozimlarini yechdim. Suv ilitib, mustahab qildirdim. Qori akaning yuz-qo‘llarini yuvdirdim. Ular endi tura olmasdilar. Arang og‘iz-burun chayqay oldilar.
Titroq qo‘llari bilan yotgan joylarida boshiga bazur mahsi tortdilar. Xonadan yangi oq ko‘ylak va lozim olib tushdimda qori akani dast ko‘tarib yangi choyshabli karavotga olib, kiyintirdim.
Nurillo qori aka yig‘lab-yig‘lab uzoq duo qildilar.
– Siz yotib dam olib turing, men haramga borib tavof qilib tez qaytaman, – dedim.
Haramga odam sig‘mas edi. Sahndagi ziyoratchilar dengiz to‘lqinidek goh u, goh bu tomonga surilib ketardilar. Olloh kuch berdi. Tildan duolarni qo‘ymay tavof qilib oldim.
Mehmonxonaga “uchib” keldim. Qori akani yotqizgan karavot bo‘sh turardi.
– Og‘irlashib qoldilar. Mahalliy kasalxonaga murojaat qilgandim, kelib olib ketishdi, – dedi navbatchi. – Mana, shifoxona manzili.
Men qo‘limda bir parcha qog‘oz, til bilmayman, bir taksi tutib o‘sha hukumat kasalxonasiga yetib bordim. Qabulxonada:
–O‘zbekiston, Nurilloqori Bahromov, – derdim takror va takror.
U yerdagi oq xalat kiygan o‘rta yosh bir kishi daftarini varaqlab ko‘rdi-yu meni hovliga boshladi. Biz hovli chetidagi bir binoga kirdik. Negadir eshiklari ikki qavat temirdan edi. Ichkarida sovuqdan badanlarim seskanib ketdi. U ikki yonda to‘rt qator balandlikda tortqichli eshiklari bo‘lgan devor bo‘ylab yurib bir joyda to‘xtadi. Qo‘lidagi qog‘ozga yozilgan raqamni tortqichli eshikdagi raqamga solishtirdi va uni tortdi.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, Nurillo qori aka uzun temir qutida yuzidan nur taratib o‘lmagandek yotardilar. Bu yer o‘likxona ekanini, qori aka omonatlarini topshirganlarini shundagina bildim. Nahot, nahotki! Qori dada-ya! Men quti ustiga engashib, uvvos solib yig‘ladim. Qori dada yuz-ko‘zlarini siladim. Nega yoningizdan ketib qoldim-a, deya o‘zimni koyir edim.
Kuzatuvchi bir oz sabr qilgach, alhamdulilloh, alhamdulilloh, deya meni quti ustidan turtib chetlatdi va yana uni ichkari itarib joyiga kiritdi.
Ey voh! Senga shunchalar oshiq bandang jonini olishga buncha shoshmasang?!
Men arang o‘zimga keldim. Lekin nima qilishni bilmasdim. Voqea sodir bo‘lgandi. Ollohning izmiga bo‘ysunmaslikning iloji yo‘q. Nurillo qori aka vafot etganlarini tan olmoq lozim.
Mino maydoniga yetib kelganimda ziyoratchilar birin-ketin shaytonga tosh otib qaytayotgan edilar. To‘g‘ri Shamsudiddinxon aka oldilariga kirdim.
Shamsuddinxon Boboxonov o‘sha paytda O‘zbekistonning Saudiya podshohligidagi elchisi edilar. Haj mavsumi arafasida poytaxt Riyoddan Makkaga, biz turgan mehmonxonaga kelib o‘zlariga ajratilgan xosxonaga joylashgandilar. Arofat tog‘i, Mino maydonida ham Saudiya podshohligi ularga “sofed” – elchi deya alohida chodir tikkan edi. Qimmatbaho gilamlar to‘shalgan, zarlangan divan va kreslolar qo‘yilgan bo‘lsada, lo‘la bolishga yonboshlab qo‘llaridagi tasbehni salovatga mos chiqillatib yotardi elchi.
– E kelsinlar, hoji, bormisiz, – deya samimiyat bilan qarshiladi meni Shamsiddinxon aka.
O‘sha voqeadan 25 yillar chamasi avval biz elchi bilan Moskvada tanishgan edik. Shamsuddinxon aka sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida ishlardi. Shu-shu ustoz bilan goh Moskva, goh O‘zbekistonga kelganlarida, keyinchalik mamlakat muftisi bo‘lganlarida ham uchrashib, suhbatlaridan bahramand bo‘lib turar edim. Shuning uchun ham eski qadrdonlardek, rasmiyatchilik va iltifotsiz qarshilagandilar meni.
Men dastlab Nurillo qori akaning dinga xizmatlari, ularning sobit e’tiqodlari haqida bilganimni aytdim. So‘ng qazo voqeasini so‘zladim. Va xulosaga iltimos qildim.
– Shunday odam janozasi Harami sharif – Ka’bada o‘qilishi va ““Jannat al-muallaq” qabristoniga dafn etilishga munosib, emasmi?
– Nimalar deyapsiz, xayolingiz o‘zingizdami, hojim, – dedi Shamsiddinxon aka kapalagi uchib. – Ka’bada janoza o‘qishga ruxsat mutloq podshohlik ruxsati bilan bo‘ladi. Siz orzulagan qabristonga ham podshohlik qarori bilan dinimizga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ulamolar dafn etiladi.
– Men bilgan Nurillo qori aka siz aytayotgan ulamolardan, o‘zbek ulamolaridan biri. Iltimos, ustoz, Makka amiri sizni qanchalar hurmat qilishini bilaman. Axir u qirol oilasidan, uning ishongan tayanchi. Iltimos, amirdan bir so‘rab ko‘ring.
Men qanchalar qaysar ekanimni elchi bilardi. Harchand e’tiroz bildirmasin, aytganimdan qaytmasdim.
– Bir qo‘ng‘iroq, bir og‘iz so‘z, ustoz!
Nihoyat Shamsiddinxon aka telefon go‘shagini oldi. U tomondan arab tilida kimdir nimadir dedi. Elchi amirni so‘radi, shekilli, biroz sukutdan so‘ng kim bilandir uch-to‘rt daqiqa gaplashdi. Men garchi biron so‘zni tushunmasamda, ohang va elchining yuz-ko‘z ifodasidan his qildimki, u iltijo qilardi.
Nihoyat go‘shakni qo‘yar ekan,
– Amir band ekan, yordamchisiga vaziyatni tushuntirdim, – dedi menga tikilib. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: – Iltimos ham qildim. Hozir javobini aytishadi.
Biz telefonga termulgancha o‘tirardik. Orada arab xizmatchi qahva tayyorlab olib kirdi. Oldimizga shirinliklar ham qo‘ydi. Shu lahza uning iltifoti ko‘ngilga sig‘masdi. Qancha vaqt kutdik, aniq bilmayman. To‘satdan telefon jiringladi.
Shamsuddinxon aka shoshib go‘shakni ko‘tardi.
– Mashalloh, mashalloh, – dedi. Birdan chehralari ochilib ketdi. Nimalardir dedilar yana. Mening javobga intiq yuzimga qarab boshlarini sarak-sarak qilib qo‘yardilar. Nahotki, bu rizo alomati bo‘lsa!
Ustoz suhbat yakunlangach, yosh boladek quvonch va hayrat bilan dedilar:
– Amir rozi bo‘libdi va bu haqda ko‘rsatma ham beribdi. Ollohga shukr, Ollohga shukr! Bu O‘zbekistonimizga bo‘lgan iltifot, ulug‘ ajdodlarimiz, olimu ulamolarimiz hurmat va haqqidan berilgan qaror! Bu Harami sharif – Ka’baga muhabbat mo‘’jizasi!
Shamsiddinxon aka meni quchib shu so‘zlarni takrorlardi.
Men shoshganimcha andijonlik ziyoratchilar yoniga yugurdim. Jalaquduq imomi Ikromxon qoriga voqeani aytdim. U uvvos solib “voy otam-a”lab yig‘i qildi. Darhol qolgan imomlar yetib keldilar. Nurillo qori aka vafotini chuqur qayg‘u bilan qabul qildilar. Qozi domla Andijon ahli qalbidan chuqur joy olgan ekan. Shogirdlar, hoji akalar birdek yig‘lardi.
Ikromxon qoriga tasalli bergan bo‘ldim. Endi marhumni yuvish, janoza uchun Ka’baga olib borish va qabriston tadorigini ko‘rish lozimligini aytdim.
Biz ikkimiz marhumni maxsus mashinada (uni kasalxona berdi) yuvish markaziga olib bordik. Ko‘z o‘ngimizda g‘assol yuvib-tarab, ko‘k matoga o‘radi. Mushki anbarlar sepdi.
Men kasalxonaga ketishda imomlarga barcha andijonliklarni Harami sharifning As-salom darvozasi qarshisiga asr namozi arafasida yig‘ilib borishni, kimdaki do‘ppisi bo‘lsa, kiyib olishini tayinlagan edim. Hoji akalar Makkaga kelib tavof qilganlar va ehromdan chiqib, aytganimdek, do‘ppi kiyib to‘planib turgan ekanlar. Biz mashinani shu yerga to‘xtatdik. Imomlar “voy otam”lab oldda yig‘i solib bordilar. Chamasi 400-500 nafar o‘zbekistonlik (asosan andijonlik) hojilar boshda do‘ppi, yelkadagi mayitni qo‘lma-qo‘l qilib Haramga olib kirdilar.
Sudaysning qalblarni eritib yuboruvchi qutlug‘ nafasi bilan namoz ado etildi. Kichik bir sukutdan so‘ng janoza namoziga quloq qoqib qo‘llarni belga bog‘ladik. Janozadan so‘ng mayit dunyo hojilari o‘rtasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.
Qabriston Haramdan 2-3 chaqirim narida edi. Tashqariga chiqdik. Ko‘chalar tirband. Odamdan mashina ko‘pdek, go‘yo. Ammo politsiyachilar harakatni cheklab bizga yo‘l ochib berardi. Takrorlanmas manzara: mayitga hamma, u qaysi millat, qaysi tilli, qaysi mamlakatdan bo‘lmasin, qo‘lim tegib qolsin deya intilar edi. Chunki Haj mavsumida o‘nlab, balki yuzlab hojilar vafot etar, ammo Haramda janozasi o‘qilishi kamyob hodisa. Demak, bu odam Ollohning eng yaqin do‘stlaridan, deya intilar ekanlar... Mayit ortida boshida do‘ppi – yuzlab musibatdoshlar zikr aytib borardi.
Katta yo‘lda hamma bizga yo‘l ochdi. Mashinalar chetga chiqib to‘xtab turardi. Nihoyat bir paytlar payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollollohu alayhu vassalam jinlarga qur’on o‘qib bergan, keyinchalik shu yerda qurilgan jin masjidga tutash “Jannat al-muallaq” qabristoniga yetib keldik.
“Jannat al-muallaq” Saudiyaning eng qadimiy qabristonlaridan biridir. Bu yerga payg‘ambarimiz Muhammad mustafo (s.a.v)ning xotinlari Xadicha onamiz, ota-bobolari hamda tog‘alari Abu Tolib ibn Abdulmutalib dafn etilgan. O‘n besh asrdan buyon bu qabriston Saudiya qirollari tomonidan saqlab kelinmoqda. Aytishlaricha, bu yerga minglab sahobalar ham qo‘yilgan. Yaratganning inoyati bilan ulug‘ maqomga ega qabristonga, ulug‘lar qatoridan ustoz Nurillo qoriga ham shu joy nasib etdi. Ota-onalarining asli nasabi qo‘qonlik bo‘lgan Abu Salmon al Xo‘qandiy degan birodarimiz janoza va dafn marosimida ishtirok etdi. Lahadga tushib olib o‘zbekistonliklarga iltijo qildi:
–Ey, birodarlar! Marhum hoji akani joylariga qo‘yishdek savobni menga hadya etinglar!
Ko‘p tortishuvlardan so‘ng izn berildi va Abu Salmon bu ishni bajardi.
Biz hali Makkada ekanmiz, har kuni “Jannat ul-muallaq”qa kelib duoi fotiha o‘qib turdik.
Nihoyat haj amallarining farz va sunnatini to‘liq ado etdik. Saudiya qiroli televideniye orqali ziyoratchilarni hajji akbarlik maqomi bilan muborakbod etdi. Gap shunda ediki, Arofat tog‘ida juma kuni ibodatda bo‘lgandik. Islomiy hukmga ko‘ra, qachonki Arofatda turmoqlik juma kuniga to‘g‘ri kelsa, haj hajji akbar bo‘lg‘usidir. Ya’ni shu yilgi haj yetti bor haj qilganlikka teng maqom beradi.
O‘zbekistonga qaytgach, samolyotdan tushib xayrlashayotgan chog‘i andijonlik imom va hojilar meni o‘rtaga oldilar.
– Biz yoshligimizdan ustoz yonlarida yurib farzandlari qatori saboq oldik. Oxirgi daqiqalarida ustozga xizmat qilish bizning haqqimiz edi. Lekin bunday sharaf sizga buyurgan ekan, – dedi Ikromxon qori yig‘idan o‘zini to‘xtatolmay. – Siz farzandlik vazifasini ado etdingiz. Olloh rozi bo‘lsin, sizdan.
Bu voqealar 1999 yilda, Makkada sodir bo‘ldi va u hamon minglab hoji akalar yodida qolgan deb umid qilaman. Tilagim: ko‘plar qatori din, ilm fidoyisi – qozi domla Nurilloqori Bahromovni ham eslab duo qilaylik. Zero, ruhlari shod bo‘lsin, omin!
Muhammadjon Obidov, O‘zA