Alisher Navoiy asarlarining chet eldagi otashin muxlisi Zuhruddinbek degan Qashqar hokimi ulug‘ mutafakkir asarlarini xalq orasida ommalashtirish uchun nihoyatda muhim ishlarni amalga oshirgan.
U 1835 yili saroyiga o‘z davrining taniqli bo‘lgan shoirlarini to‘plab Alisher Navoiy asarlarini xalq ruhiyatiga mos tarzda kitobat qilib chiqishning ko‘rsatmasini bergan.
Bu ishga bosh qo‘shgan shoirlardan biri Abdurahim Nizoriy (1776-1849) taxallusli shoir bo‘lib, u Alisher Navoiyning 40 dan ortiq g‘azallariga muxammas bog‘lagan. Jumladan, Nizoriy Alisher Navoiyning
Sabukruh soqiy, fano jomi tutqil
Ki, o‘zluk yukidin garonborlarbiz, –
baytiga bog‘lagan taxmisi bandini keltirib o‘tamiz:
Ayo, charxi zolim, jafoni unutqil,
Zamona vafo qilki, bizni ovutqil,
Haloyiq ishidin ko‘ngulni sovutqil,
Sabukruh soqiy, fano jomi tutqil
Ki, o‘zluk yukidin garonborlarbiz.
Zuhriddinbek buyurtmasiga ko‘ra Nizoriy ikki iqtidorli do‘sti Navruzoxun Ziyoyi va Turdushoxun G‘aribiy bilan birgalikda Alisher Navoiy “Xamsa”siga o‘ziga xos javob tarzida 1841 – 1844 yillar orasida “G‘ariblar hikoyati” nomli dostonlar, g‘azal, muxammas va hikoyatlardan, jami 18 ming baytdan iborat asar yaratishdi. Keyinchalik bu asar “Muhabbat dostonlari” nomini oldi.
Asarning boshqa “Xamsa”lardan farqli tomoni shundaki, u mavjud an’anaga ko‘ra, o‘z tarkibiga besh emas, balki ko‘proq: “Zayd un najot”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, "Shoh Bahrom va Dilorom”, “Vomiq va Uzro”, “To‘rt darvish”, “Mahzun va Gulnoz”, “Mas’ud va Diloro”, “Robiya va Saadin”, “Kitobi G‘arib” va to‘rt hikoyat, “Hakim Zuhriddin haqidagi hikoyat”, “Sultan Maab adolati hikoyati”, “Asma’ haqidagi hikoyat” va “Shayh Sa’diy Sheroziy haqidagi hikoyat” nomli dostonlarni qamrab olgan.
Ulardan “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, Shoh Bahrom va Dilorom” Alisher Navoiy asarlari syujetlari asosida yozilgan bo‘lsa “Robiya va Saadin” dostoni Qashqardagi real hayotiy voqealar zaminida yuzaga keldi, qolganlari esa baxtsiz oshiqlik haqidagi mahalliy ertak va rivoyatlar asosida yozildi.
“G‘ariblar hikoyati”ning bir nusxasi XXR, Urumchi shahar, tarixiy yodgorliklar muzeyida (in.№93) saqlansa, yana biri RF FA SHI Leningrad qo‘lyozmalar bo‘limidan (in.№ S165) joy olgan.
Nizoriyning “Farhod va Shirin” dostonidagi syujet, bosh qahramonlar harakati, Fors shohining bosqinchilik urushi, bosh qahramon Farhodning arman yurti himoyasiga otlangani, ikki yorning vafoti kabi holatlar Alisher Navoiyning shu mazmundagi dostoniga hamohang.
Nizoriyning keltirilgan dostonlarida xalq og‘zaki ijodidan ko‘ra, o‘tmish salaflari – Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlariga suyanganini sezish mumkin. Shoir epik qahramonlari folklor personajlari singari o‘zaro visolga yetmaydilar, baxtli hayot qurmaydilar. Farhod va Shirin, Layli va Majnun, Robiya va Saadin, Vomiq va Uzro bir-birlariga erisholmay, vafot etadilar. Shoir “Robiya va Saadin”, “Mahzun va Gulniso” dostonlari g‘oyasida inson qadri-qimmatining toptalishiga, xotin-qizlarning kamsitilishiga qarshi chiqdi.
XIX asr turkiy she’riyatning yana bir taniqli vakili Turdushoxun G‘aribiy “Lisonut-tayr” dostoniga javob tarzda “Kitobi G‘arib” dostonini yaratdi. Asarda bir qancha kasb egalarining bahs boylashgani va oqibatda ijtimoiy, ma’naviy mavzular ko‘tarilib, mavjud muammolar ochib berilganligi zikr etiladi. Asarda 32 nafar hunarmand bahs boylashadi: har biri o‘z kasbi va mehnatining fazilatlarini, boshqa hunarlardan ustun jihatlarini mubolag‘ali tarzda ifodalaydi. Temirchi duradgordan, etikdo‘z tikuvchidan, zargar novvoydan qolishmasligini bo‘rttirib tavsiflaydi.
G‘aribiy fikricha, so‘fiy va zohidlar haqiqiy muhabbatdan mosuvo, nodonligi oshiqlikka mone’lik qiladi:
So‘rmag‘il zuhd elidin ishq yo‘lining rasmin,
Ne bilur ahli xiradlar ravishi nodonlar.
XIX asrning birinchi yarmida yashagan ijodkor Amir Huseyn Sobiriy ham Alisher Navoiy asarlarini ommalashtirishda katta o‘rin tutgan. Qashqar hukmdori Zuhriddinbek yosh Amir Huseyn qiynalmay ijod qilishi uchun unga Tuman daryosi yonidagi Harambog‘ qishlog‘idan yer ajratib berdi. Tomorqada ro‘zg‘or tebratishga va oila boqishga imkoni yaralgan Sobiriy ijodiy ishga jiddiy berilib ketadi.
Amir Huseyn Sobiriy ijodida axloqiy didaktik mazmundagi 20 bobdan iborat bo‘lgan “Maqolot” asari muhim o‘rin tutadi. Bu asar Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr”, “Hayrat ul-abror”, “Sab’ai sayyor” dostonlarining nasriy bayoni ko‘rinishida maydonga kelgan. Bundan tashqari shoir 1840 yilda Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” asari sharxiga oid risola yaratgan.
Naqshbandiya tariqati vakili bo‘lgan Amir Huseyn Sobiriy dunyoni ontologik bilish masalasida to‘liq mutasavvuflarning tavhid nazariyasiga suyanadi. Shoir dunyoqarashiga ko‘ra, butun borliq – olam, inson, maxluqot, mohiyat, zamon va makon Yaratuvchining zuhuri tarzida namoyon bo‘ladi.
Sobiriyning mazkur bayti uning barcha asarlariga xotima sifatida
keltirilishi mumkin:
Kimni ishi bo‘lsa qanoat fani,
Bilki oni qanoat qilg‘ay g‘ani.
Ma’lum bo‘lganidek tarixda o‘zini Alisher Navoiyga g‘oyibdan shogird bilib asarlar yozgan ijodkorlardan tashqari bu ijodkorlarni boshini biriktirib adabiy maktab yaratgan va kitob yozishni qo‘llab-quvvatlagan yuksak saviyali hukmdorlar ham faoliyat olib borishgan. Shulardan biri Qashqar hukmdori Zuhruddinbekdir. O‘z faoliyatini Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy faoliyatiga moslab hudud ijodiy muhitining ravnaqiga va ko‘plab iqtidorli adiblar yetishib chiqishiga munosib hissa qo‘shgan Zuhruddinbek faoliyati adabiyotchi va tarixchilar tomonidan o‘rganilishga munosibdir.
Erkin Musurmanov,
SamDU dotsenti, filologiya fanlari doktori