Birozgina tobimiz qochsa, dunyo ko‘zimizga ko‘rinmay qoladi.
8 noyabr – Tibbiyot xodimlari kuni
Birozgina tobimiz qochsa, dunyo ko‘zimizga ko‘rinmay qoladi. Allaqanday tashhislar ham qo‘ygandek bo‘lamiz. Biroq shifokorlarsiz ahvolimiz o‘nglanmasligini bilib, darhol shifokorlarni eslab qolamiz. Ularning ko‘magiga, maslahati, yo‘l-yo‘rig‘i, parvarishi, tavsiyasiga tayanamiz.
Ular o‘zini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, doim salomatligimiz, hayotimizga qalqon bo‘lishi bor gap. Go‘yo o‘zimiz bir narsani qoyil qilgandek, tibbiyot xodimlarini befarqlikda, ba’zan esa bilimi sayozlikda ayblaganimiz ham yolg‘on emas-ku.
Butun dunyoga pand bergan pandemiya shifokorlarning nechog‘li fidoyi, matonatli, o‘z halovatidan kechib bo‘lsa-da, boshqalar hayotini asrab qolishga qodir bo‘lgan, mehridaryo odamlar ekanini yana bir karra amalda namoyish etdi.
Rosti, insoniyat boshiga tushgan kutilmagan bu sinovda O‘zbekistonning pozitsiyasi xalqaro miqyosda juda yuqori baholandi. Oz fursatda yangi, zamonaviy shifo maskanlari, ilg‘or texnologiyalar asosidagi davolash markazlari bunyod etildi. Aholining zaif qatlamlari muttasil moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlandi. Ehtiyojmand oilalar doimiy e’tiborda bo‘ldi. Salgina o‘zini noxush sezgan hamyurtimiz borki, oilaviy poliklinika xodimlari tomonidan hatto uyimizning ostonasigacha kerakli dori-darmonlar yetkazib berildi. Dorixonalarda zarur preparatlarning taqchil bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Bu jarayonda salomatligimiz posbonlari – shifokorlarning chinakam qahramonligi yana bir karra namoyon bo‘ldi. Ayni paytda davlatimiz tomonidan tibbiyot xodimlarining mehnatini e’zozlash, ularni munosib tarzda rag‘batlantirish borasida g‘oyat salmoqli mablag‘, imkoniyat, sharoit safarbar etildi. Bunday e’tiborli jarayonga tibbiyot muassasasi, o‘quv dargohi, ilmiy markazlarning rahbarlaridan to jonkuyar va izlanuvchan shifokorlargacha, ziyrak laborantlar, kuydi-pishdi hamshirayu kichik tibbiyot xodimi, tez yordam haydovchilarigacha qamrab olingani soha xodimlari mehnatining yurtimizda nechog‘li yuqori baholanayotgani, ardoqlanayotganining amaliy isbotidir.
Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida mamlakatimiz tibbiyot xodimlarining katta guruhi yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi. Fidokorona, sidqidildan, astoydil bajarilgan mehnat e’zoz va e’tibor, qadr topdi. Bu esa sog‘liqni saqlash tizimi misolida xalqimiz salomatligini asrash borasidagi amaliy g‘amxo‘rlikning yaqqol dalilidir.