Yangi markaz ish boshladi
Toshkent shahridagi Inha universitetida yangi “IUT-Skyline” texnologiya markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Markaz oliy o‘quv yurti talabalarining loyiha va ishlanmalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Toshkent shahridagi Inha universitetida yangi “IUT-Skyline” texnologiya markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Markaz oliy o‘quv yurti talabalarining loyiha va ishlanmalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.Markaz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish, talabalarning istiqbolli loyiha va g‘oyalarini amalga oshirish, ularni zamonaviy dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqishga jalb etish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti va “Skyline” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi ijrosi doirasida tashkil etildi.
Bugungi kunda Toshkent shahridagi Inha universitetida professor-o‘qituvchilar malakasini, ta’lim tizimi sifati va samaradorligini oshirish, talabalarning ijodiy va ixtirochilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlar xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Janubiy Koreyada bilim va malakasini oshiradi.
Shuningdek, universitetda “Microsoft” korporatsiyasining zamonaviy komputer uskunalari va dasturiy ta’minot bilan jihozlangan, so‘nggi operatsiya tizimlari va ofis dasturlarida ishlash ko‘nikmasini egallashga xizmat qiladigan o‘quv xonasi faoliyat yuritmoqda.
Mazkur oliy o‘quv yurti “Skyline” kompaniyasi bilan hamkorlikda talabalarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi loyihani amalga oshirmoqda. “IUT-Skyline” texnologiya markazi ham ushbu loyiha doirasida tashkil etildi. Universitet talabalari o‘z g‘oya va loyihalarini amalga oshirishda markaz mutaxassislaridan amaliy yordam so‘rash, maslahat olish va ularni baholash uchun markazga murojaat qilishi, “Skyline” kompaniyasining zamonaviy dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishga tushirish va optimallashtirishda, tajribali dasturchilarning mahorat darslarida ishtirok etishi mumkin.