Yangi suv sporti saroyi ish boshladi
Farg‘ona shahrida yangi bunyod etilgan muhtasham sport koshonasi – suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi.
Farg‘ona shahrida yangi bunyod etilgan muhtasham sport koshonasi – suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi.
Prezidentimizning 2011-yil 15-noyabrdagi “2012-2015-yillarda Farg‘ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida shaharda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zamonaviy korxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport majmualari va stadionlar, yo‘llar, xiyobonlar barpo etilayotir.
Bunday ishlar samarasida Farg‘ona shahrining markazi qaytadan bunyod etildi. Shahar atrofida kichik xalqa yo‘li qurildi. Yo‘l bo‘ylariga hududning tabiiy-iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar ekildi. Mustaqillik va Ahmad Farg‘oniy ko‘chalarida landshaft arxitekturasi asosida Kashtanlar xiyoboni tashkil etildi. Bu shahar havosi musaffoligini ta’minlash, aholining hayot sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Zamonaviy uy-joylar, 20 ming o‘rinli stadion, Teatr-konsert saroyi kabi inshootlar noyob me’moriy yechimi, o‘ziga xos dizayni bilan Farg‘ona shahri ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. Yangi suv sporti saroyi ham ana shu ishlardan biridir.
Mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish orqali sog‘lom, barkamol avlodni voyaga yetkazish, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, sport majmualaridan foydalanish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida yoshlarimiz qit’a va jahon birinchiliklarida, Olimpiya o‘yinlari va boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotir. Xususan, keyingi o‘n yilda Farg‘ona viloyatidan sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ellikdan ortiq jahon va Osiyo chempionlari yetishib chiqqani Prezidentimiz rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning amaliy samarasidir.
Farg‘ona shahrida bunyod etilgan Suv sporti saroyi viloyat yoshlari uchun yana bir tuhfa bo‘ldi. “Quvasoyta’mirqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan 14 milliard 700 million so‘mlikdan ortiq mablag‘ evaziga barpo etilgan mazkur yopiq suzish majmuasida barcha sharoit yaratilgan. Suv havzasi, mashg‘ulot va trenajyor zallariga ega ushbu majmuada bolalar suzish, sinxron suzish, suv polosi kabi sport turlari bilan shug‘ullanadi.
– Suzish bilan muntazam shug‘ullangan o‘g‘il-qiz har tomonlama sog‘lom bo‘lib ulg‘ayadi, – deydi suv sporti saroyi direktori Sherzod O‘sarqulov. – Ayniqsa, joriy yilning o‘zida farg‘onalik yoshlar mamlakatimizda o‘tkazilgan musobaqalarda 5 oltin medalni qo‘lga kiritgani ham mazkur sport turi tobora ommalashayotganidan dalolatdir. Bir vaqtning o‘zida bu yerda 120 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullanishi mumkin. Yana bir ahamiyatli tomoni, bolalarda uchraydigan skolioz, astma, osteoxondroz, suyak-bo‘g‘im tizimidagi birlamchi xastaliklar rivojlanishining oldini olish va butunlay bartaraf etishda suzish mashg‘ulotlari muhim o‘rin tutadi.