Badiiy gimnastika – salomatlik garovi
Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘g‘il-qizlarimizning irodasini toblab, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda, jismonan sog‘lom ulg‘ayishida yuksak samaralar bermoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘g‘il-qizlarimizning irodasini toblab, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda, jismonan sog‘lom ulg‘ayishida yuksak samaralar bermoqda.Surxondaryo viloyatida sportning nafis turi – badiiy gimnastikaga qiziqish va intilish tobora kuchayib borayotgani ham buning yorqin tasdig‘idir.
Mutaxassislarning fikricha, yosh avlodni sportga jalb etishga qaratilayotgan ulkan e’tibor ular o‘rtasida yengil xastaliklar, surunkali kasallikka chalinish kabi holatlarni sezilarli darajada kamaytirib, vazni va bo‘y-bastida ijobiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Jumladan, so‘nggi o‘n yilda olib borilgan tahlillar va maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanayotgan o‘g‘il-qizlarning jismoniy rivojlanishi hamda salomatlik ko‘rsatkichlarida ijobiy holat yuz bergan. Masalan, o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkir respiratorli virusli infeksiyalar, pnevmoniya va bronxit bilan kasallanish sezilarli darajada kamaydi. Shu davrda sport bilan shug‘ullanuvchi qizlarning bo‘yi 3 santimetr o‘sib, vazni 4 kilogrammga oshdi.
– Bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, qishloq joylarda zamonaviy sport inshootlari qad rostlayotgani sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi o‘g‘il-qizlar safi yildan-yilga kengayib borishida muhim omil bo‘lmoqda, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Surxondaryo viloyati filiali direktori Faxriddin Abdurasulov. – 2003-2014-yillarda viloyatda 83 zamonaviy sport zali, 5 suzish havzasi, 36 namunaviy sport inshooti yangidan barpo etildi. Joriy yilda viloyat qishloqlarida 36 bolalar sporti inshooti qurilib, rekonstruksiya qilinmoqda. 31 milliard 250 million so‘m mablag‘ sarflanayotgan ushbu zamonaviy inshootlarda yosh avlod sportning o‘ttizdan ortiq turi, jumladan, badiiy va sport gimnastikasi bilan shug‘ullanishi uchun barcha qulaylik yaratilayotir.
O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi viloyat bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2003-yil vohada 94 nafar, 2010-yil 998 nafar qiz badiiy gimnastika bilan shug‘ullangan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni uch mingdan oshdi. Sportning nafis turi bilan muntazam shug‘ullanayotgan qizlarga qirqdan ortiq tajribali murabbiy gimnastika sirlarini qunt bilan o‘rgatmoqda.
Joriy yilda Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi tomonidan qabul qilingan qo‘shma qaror ham sportning badiiy gimnastika turini yanada ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirgan badiiy gimnastikani rivojlantirish, yosh sportchilarni Osiyo, jahon chempionatlari va boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorlash va muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlashga keng imkoniyat yaratilayotir. Buning uchun homiy tashkilot va korxonalar biriktirilib, gimnastika federatsiyasi viloyat bo‘limining kelgusidagi maqsad va vazifalari belgilab olindi.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, gimnastika federatsiyasi viloyat bo‘limi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilayotgan turli musobaqalar ham mazkur sport turining ommalashishi, eng chaqqon va epchil sportchilarni aniqlashda muhim omil bo‘lmoqda.
– Gimnastika bilan shug‘ullanmasdan oldin tez-tez kasal bo‘lib turardim, – deydi Termiz shahridagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Rahima Abdurasulova. – Har kuni darsdan bo‘sh vaqtimda badiiy gimnastika bilan muntazam shug‘ullana boshladim. Shamollash o‘z o‘zidan butunlay chekindi. Bo‘y-bastim o‘sa boshladi. Mamlakatimizda o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Do‘stlar orttirdim. Kelgusida ushbu sport turi bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish – asosiy maqsadimdir.