Insonda ona bitta bo‘lgani kabi, ona tili ham yagona bo‘ladi.
Insonda ona bitta bo‘lgani kabi, ona tili ham yagona bo‘ladi. Har kim inson, Vatan tushunchasini ilk bor ona tilida anglaydi, uyg‘unlik va xotirjamlik bag‘ishlovchi allani ham aynan shu tilda eshitadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, til, millat, vatan tushunchalari doimo yonma-yondir.
Mana o‘ttiz yildirki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganini nishonlaymiz. Turli-tuman bannerlar chiqaramiz, sanoqsiz tadbirlar, konsertlar o‘tkazamiz. Tilni qadrlash haqidagi shiorlardan olam-olam faxr-iftixor tuyamiz. Oynai jahonda ko‘rsatuvlar tayyorlaymiz.
Xo‘sh, bu harakatlarimiz qanchalik ahamiyat kasb etyapti? Tilimiz rivoji uchun nimalar qildik va yana nimalar qilishimiz kerak. Shu kabi savollarga siyosiy fanlar nomzodi, Xalqaro press-klub raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jaev bilan javob izladik.
– Aytingchi, O‘zbekistonda o‘zbek tilining qadri qay darajada?
– Ochig‘ini aytsam, soxta sotsializm davrining salbiy ta’siridan to‘la-to‘kis xoli bo‘lganimizcha yo‘q. Bayramlarni yaxshi ko‘ramiz. Yaxshi bayramlarimiz ham bor. Masalan, Ramazon hayiti. Lekin, ungacha o‘ttiz kun ro‘za tutiladi va shu kunga munosib bo‘lishga harakat qilinadi. Bunda hikmat ko‘p. Lekin 364 kun o‘zbek tiliga loqaydlik ko‘rsatib, faqat 21 oktabrnigina bayram qiladigan bo‘lsak, bu noto‘g‘ri. O‘zbek tilining haqiqiy rivoji uchun harakat qilmaganimiz shundan ham ma’lumki, bugun yirik shaharlarimizdagi reklamalarning 80-90 foizi boshqa tilda. Aynan shunga ko‘ra, biz o‘tgan davr mobaynida juda kam ish qildik, deb o‘ylayman. Bu bizning fojiamiz. Chunki millatni millat qiladigan, uni boshqalardan ajratib turadigan jihati, bu – til. Bu taxlit «uxlash» bizga aslo yarashmaydi. Men turk xalqining zabardast o‘g‘loni Otaturkning gapini ko‘p eslayman: «Uxlab yotgan millat yo qul bo‘lib uyg‘onadi, yoki yo‘q bo‘lib ketadi». Biz sho‘ro davrida o‘zbek tilida emin-erkin gaplasha olmasdik, hatto, ko‘chada ham, davlat idoralarida esa…
– Tilimiz bu darajada qadrsizlanishiga kim aybdor deb o‘ylaysiz?
– Ko‘chadagi sotuvchi yoki pistafurush emas. Afsuski, til bo‘yicha mas’ul odamlar, ayrim ziyolilarimiz orasida o‘zbek tilining boshqa tillarga nisbatan lug‘aviy bazasi, tarixi chuqur emas deb hisoblaganlar ham ko‘p bo‘lgan. Alisher Navoiy dunyodagi boshqa buyuk shoirlar bilan taqqoslaganda 4-5 mingdan ko‘proq so‘z ishlatgan. To‘g‘ri, bugungi o‘zbek tili bilan Navoiy tili o‘rtasida farq bor. Bu har bir tilda uchraydigan tabiiy holat.
Yana bir noxush jihat shundaki, bizning ziyolilar, amaldorlar, puli bor odamlar bolalarini o‘zbek emas, boshqa tilli maktabga beryapti. Bu o‘zining salbiy oqibatini ko‘rsatmay qo‘ymaydi. Yurt kelajagini o‘z tilini bilmaydigan yoshlarga ishonib bo‘lar ekanmi axir?
– Bu borada ziyolilar qatlami barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak emasmi? Xo‘sh, ular o‘zbek tili rivoji uchun nimalar qilyapti?
– Erkin Vohidov qalamiga mansub mana bu satrlarga e’tibor qilaylik:
Menga Pushkin bir jahon-u,
Menga Bayron bir jahon.
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko‘ksi osmon o‘zbegim.
Erkin akada mustabid davrida ham ruh va g‘urur bo‘lgan. Millatga nisbatan muhabbat ruhi. Axir, 28 yildan buyon mustaqilmiz. Lekin shu ruh bizga hamon yetishmayotgandek..
Jurnalist sifatida nimalarni maslahat berasiz?
– Biz bag‘rikeng millatmiz. Lekin bag‘rikenglikda ham chegara bo‘lishi kerak. Erkak ayolini rashk qilgani kabi, biz ham o‘z tilimizni boshqa tillardan qizg‘anishimiz, unga gard yuqtirmasligimiz lozim. Amerika, Yevropa davlatlarida odamlar odatda ko‘p til o‘rganmaydi. Yoshlar kasb, hunar o‘rganadi va shuning orqasidan millioner bo‘ladi. Men bu bilan til o‘rganmaslik kerak demoqchi emasman. Faqat bunga mukkasidan ketmaslik kerak. O‘zbek tilini zo‘r bilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. Boshqa tillarni xohlagancha o‘rganish mumkin, lekin, avvalo, o‘z ona tilini sevishi va bilishi shart.
Yana bir muammo borki, ba’zi ota-onalar o‘zini sudxo‘r kabi tutadi. Bolasini bankka qo‘yilgan puldek ko‘radi. Bolamga til o‘rgatsam, Amerikada, Koreya, Turkiya, Dubayda o‘qib, u yerda ishlab menga pul jo‘natadi, deb o‘ylaydi. Balki bola O‘zbekistonda yashashni, o‘zbek taomlarini iste’mol qilishni, o‘zbek havosidan nafas olishni xohlar?! Nega biz bolamiz kelajagini faqat chet elda ko‘ryapmiz? Uning taqdirini o‘z bilgimizcha hal qilyapmiz. Bu o‘ta ketgan xudbinlik. Misol qilib aytganda, mening hayotimda ham ma’lum muddat og‘ir kunlar bo‘lgan. Lekin O‘zbekistondan ketishni o‘ylamaganman. Bugun shu kunlarga yetganimga shukr qilaman.
.– Meni hamisha bir savol qiynaydi, nega qonunlar dastlab rus tilida yoziladi?!
– Bunda huquqshunoslarimizning ham aybi bor. Chunki ko‘pchiligimizning tilimiz boshqa tilda chiqqan. O‘zbek tili boy til emas, degan o‘y-fikrlar ta’siridandir balki?
Biz tilimizda qancha ko‘p gaplashsak, ko‘p kitob o‘qisak, mutolaa qilsak, rohatlanib gapirsak, ko‘p va xo‘b so‘zlasak, til ham boyib boraveradi.
Insonning o‘z ona tili bor ekan, u hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaydi. Shunday ekan, biz faqatgina 21 oktabrda emas, yil davomida tilimizni qadrlashimiz, unga nisbatan hurmatda bo‘lishimiz kerak.
O‘ylaymanki, millat uchun til – bu har bir insonning DNKsi kabidir. DNKsi o‘zgargan tanada esa har xil o‘zgarishlar bo‘ladi va asta-sekinlik bilan tana o‘z kuchini yo‘qotadi. Agar inson tilini o‘zgartirsa, nafaqat til, balki millat ham halokatga yuz tutadi.
– Samimiy suhbat uchun rahmat.
Karim ZARIPOV
suhbatlashdi