Tanishtiruv darslari tadbir shaklida tashkil etildi
Tadbir doirasida talaba-yoshlarning tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari, mustaqil ravishda oʻz brendiga ega boʻlgan liboslar kolleksiyalari va turli xil taqinchoqlar namoyishi boʻlib oʻtdi.
Bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida joriy oʻquv yilida talabalik baxtiga muyassar boʻlgan 1-bosqich talabalarini institut bilan yana-da yaqinroq tanishtirish, shu bilan birga, unda tahsil olayotgan talaba-yoshlarning ijodini yana-da qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida maʼdaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida talaba-yoshlarning tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari, mustaqil ravishda oʻz brendiga ega boʻlgan liboslar kolleksiyalari va turli xil taqinchoqlar namoyishi boʻlib oʻtdi.
Institutda faoliyat yuritayotgan, oʻz ijodi bilan yurtimiz sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan taniqli ijodkorlar, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, Oʻzbekiston xalq rassomlari esa institut ostonasiga endigina qadam qoʻyayotgan talabalar uchun mahorat darslarini oʻtkazishdi.
Tadbir davomida talabalar oʻrtasida tashkil etilgan “Besh tashabbus – besh imkoniyat” hamda “Mustahkam oila – yurt tayanchi” tanlovlarining taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuridinov bugun yurtimizda yoshlarga ijod qilishi, oʻzini har tomonlama namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani, yoshlar esa ushbu imkoniyatlarga munosib tarzda, oʻz ustilarida ishlab yurtimiz sanʼati rivojiga munosib hissalarini qoʻshishlari lozimligini, ijodiy tanlovlar esa yoshlarga oʻz ijodini sayqallash va ayniqsa, tengqurlari bilan ijodiy bahsga kirishishi uchun muhim bosqich ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Gʻolib va sovrindorlarni taqdirlar ekan, institut rektori Nodirbek Sayfullayev tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn sohasi rivojiga alohida etibor qaratilayotganini, muhtaram Prezidentimizning joriy yil 21-aprel kuni eʼlon qilingan “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori sohada yangi tarixiy davrni boshlab berganini taʼkidlab, yoshlar ham kelajakda oʻz kasbini puxta egallab, buyuk musavvir bobomiz Kamoliddin Behzodga munosib izdosh boʻlishlariga tilak bildirdi.
Shu bilan birga bunday tanlovlar institutda muntazam ravishda tashkil etilishini, jumladan, “Qalbim ardogʻidasiz aziz ustozim” hamda “Tamaddun bunyodkorlari” nomli tanlovlar davom etayotganini eslatib, tanlovlarda 1-bosqich talabalari ham ishtirok etishlari mumkinligini qayd etib oʻtdi.
Talabalarga Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning mazmun-mohiyatini yana-da kengroq tushuntirish, ularning ijodiy imkoniyatlarini namoyon etish va ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan “Besh tashabbus – besh imkoniyat” tanlovi “Eng yaxshi tasviriy sanʼat asari”, “Eng yaxshi amaliy sanʼat asari”, “Eng yaxshi badiiy foto va kompyuter grafika ishi”, “Eng yaxshi dizayn ishi” nominatsiyalari boʻyicha oʻtkazildi. Tanlovga institut talabalari tomonidan yaratilgan 150 dan ortiq ijodiy ishlar qabul qilingan boʻlib, har bir ish nufuzli hayʼat aʼzolari tomonidan tahlil qilinib, baholandi.

Oila – muqaddas dargoh, nikoh – muqaddas rishta ekanligini targʻib etish maqsadida tashkil etilgan “Mustahkam oila – yurt tayanchi” tanlovida “Oila – muqaddas dargoh”, “Oila: oʻtmish, bugun va kelajak”, “Oila hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini taʼminlovchi qadriyatlar beshigi”, “Mening oilam”, “Nikoh – muqaddas rishta” kabi mavzular aks etgan ijod namunalari boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Tanlov talaba yoshlar tomonidan qizgʻin kutib olindi hamda 130 ga yaqin ishlar taqdim etildi.
Ushbu tanlovlarda har bir nominatsiya boʻyicha gʻolib va sovrindorlarga pul mukofotlari taqdim etildi. Shuningdek, institutda oʻz faolligi bilan ajralib turgan talabalar ham ragʻbatlantiruvchi sovgʻalar bilan taqdirlandi.
– Men institutda tashkil etilayotgan barcha tanlovlarda muntazam qatnashib kelmoqdaman. Institut miqyosida oʻtkazilayotgan bunday koʻrik-tanlovlar biz talabalarni yana-da koʻproq ijod qilishga, oʻz ustimizda ishlashga undaydi, – deya oʻz fikrlarini bayon etdi “Besh tashabbus – besh imkoniyat” tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Madinabonu Qodirova. – Bu kabi tanlovlar respublika hamda xalqaro tanlovlar uchun muhim tajriba maydoni boʻlib xizmat qiladi.