Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat universiteti delegatsiyasi Andijonga keldi
Andijon davlat universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat universiteti delegatsiyasi Andijonga keldi.
Andijon davlat universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat universiteti delegatsiyasi Andijonga keldi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari va xorijiy mamlakatlar ta’lim dargohlari o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Xalqaro tan olingan reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy hamda akademik hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda. Bu borada Andijon davlat universitetida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, hozirga qadar universitet turli davlatlardagi 30 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Tomsk davlat universiteti delegatsiyasini kutib olishga bag‘ishlangan tadbirda ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasidagi hamkorlik har tomonlama manfaatli ekanligi ta’kidlandi.
– Universitetimiz Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri, – deydi Tomsk davlat universiteti delegatsiyasi rahbari Sergey Yun. – Andijon davlat universiteti bilan ilmiy va akademik hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish har ikki oliy ta’lim muassasasi uchun ham foydalidir. Ushbu hamkorlik qator yo‘nalishlar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi imkoniyatlarimizni yanada oshiradi.
Tomsk davlat universiteti Rossiyadagi ko‘hna ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, unga 1878 yilda asos solingan. Universitet Rossiya oliy ta’lim tizimining “5+100 dasturi”ga ko‘ra, kuchli o‘nlikka kirgan. Xalqaro QS jahon universitetlarining 2019 yilgi reytingida 268 o‘rinni egallab turibdi.
Ikki ta’lim muassasasi vakillari ishtirokida olib borilgan muzokaralarda menejment, landshaft arxitekturasi, arxivshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat hamda funksional elektronika, fotonika materiallari va qurilmalari yo‘nalishlarida magistratura mutaxassisliklari tayyorlash yuzasidan qo‘shma ta’lim dasturlari ochish istiqbollari muhokama qilinib, Andijon davlat universiteti va Tomsk davlat universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shundan so‘ng Tomsk davlat universitetining radiofizika fakulteti, Biologiya instituti, tarix va hujjatshunoslik kafedrasi, Iqtisodiyot va menejment instituti, Andijon davlat universitetining fizika, zoologiya va biokimyo, iqtisodiyot kafedralari vakillari tomonidan qo‘shma ta’lim dasturini tashkil etish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda arxivlar, shu jumladan, joriy arxivlar tizimining takomillashtirilishi natijasida mazkur yo‘nalishda malakali kadrlarga bo‘lgan talab keskin ortdi, – deydi professor M.Isaqova. – Ushbu yo‘nalish bo‘yicha yurtimizdagi faqat to‘rtta oliy o‘quv yurtida mutaxassis tayyorlanadi. Bu mavjud ehtiyojni qoplay olmaydi. Shu bois, aynan arxiv ishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturining ochilishi ana shu sohada malakali mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi.
Taqdimotlardan so‘ng istiqboldagi rejalar bo‘yicha kafedralar doirasida kelishuvlarga erishildi.