Navoiyda yangi pereparatlar yaratildi
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy viloyati boʻlimi va “Elektrokimyozavod” qoʻshma korxonasi aksiyadorlik jamiyati hamkorligida yangi innovatsion preparatlar yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy viloyati boʻlimi va “Elektrokimyozavod” qoʻshma korxonasi aksiyadorlik jamiyati hamkorligida yangi innovatsion preparatlar yaratildi.
Qishloq xoʻjaligida ekinlardan yuqori va sifatli hosil olishda qoʻllaniladigan “KaliyuM”, “LGMK” pastasi, “GEKTAR” kompleksi, “Yelsmik” kabi stimulyatorlar, bentonitli oltingugurt va “SIP-70” suspenzion preparatlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
– Makro, mikro, mezo elementlarga va bioorganik moddalarga boyitilgan “GEKTAR” kompleks preparatlar toʻplami barcha ekin turlariga qoʻllanilishi mumkin, – deydi Fanlar akademiyasi Navoiy viloyati boʻlimi katta ilmiy xodimi, qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi Shahnoza Qodirova. – Toʻplam tarkibida “KaliyuM” – universal mikroelementlar bilan boyitilgan kaliyli murakkab oʻgʻiti mavjud. Shuningdek, mazkur oʻgʻit bor, temir, mis va molibden mikroelementlarini oʻz ichiga olgan.
Oʻz navbatida oʻsimliklarga universal mikroelementlar bilan boyitilgan kaliyli murakkab oʻgʻit qoʻllanilganda oʻsish jarayoni tezlashadi hamda tashqi muhitning noqulay taʼsiriga kurashuvchanligi kuchayadi, gullash va meva tugish jarayoni tezlashadi. Shu bilan birgalikda barcha qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligi oshishini taʼminlaydi.
Kompleks tarkibiga kiruvchi yana bir preparat “LGMK” pastasi oʻsimliklar ildiz tizimini, oʻsish va rivojlanishini kuchaytiradi, mevalarni tezroq yetilib pishishi va hosildorlikni oshishiga yordam beradi, hosilning taʼm sifati, tashqi koʻrinishi va saqlanish muddati yaxshilanishini kafolatlaydi, tuproqdagi mikroorganizmlar hayotiy faoliyatini jadallashtirib, tuproqni sogʻlomlashtirishga oʻz hissasini qoʻshadi.
Bundan tashqari, ushbu qoʻshimcha tuproqning suv va havo muvozanatini yaxshilaydi, kimyoviy oʻgʻitlar miqdorini 20-30 foizgacha kamaytirish imkoniyatini bergan holda pestitsidlarning salbiy taʼsirini bartaraf etadi hamda oʻsimliklarda makro va mikro elementlarni mukammal oʻzlashtirishini kuchaytiradi.
Fito-malham kompleks preparat tarkibiga kiruvchi asosiy komponentlardan hisoblanib, oʻz navbatida u oʻsimlikni salbiy tashqi muhit sharoitida yashovchanlik qobiliyatini oshiribgina qolmay, ildiz tizimini oʻsishi va rivojlanishini kuchaytiradi hamda kasalliklarga chidamlilik darajasini oshiradi.
Tarkibida makroelementlardan azot va kalsiy saqlovchi kalsiyli selitra kompleks preparatning yana bir asosiy tarkibiy qismiga kiradi. Azot nitrat holatida aminokislotalar, oqsil va xlorofill sintezi jarayonida qatnashib, barglarning umumiy rivojiga taʼsir koʻrsatsa, kalsiy esa suvda eruvchan shaklda oʻsimliklarning oziqlanishini taʼminlaydi, hosil sifatini oshiradi, yangi hujayralar paydo boʻlishini tezlashtirib, oʻsimliklarning tanasi va ildiz tizimini mustahkamlaydi.
2018-yil iyun oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasida sodir boʻlgan kuchli tuz boʻroni natijasida paxta dalalariga katta ziyon yetkazildi. Boʻron nafaqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, balki qoʻshni Xorazm viloyati dalalariga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Ushbu talofat oqibatlarini yumshatish maqsadida Xorazm viloyati paxta dalalarida Navoiy boʻlimi olim va mutaxassislari tomonidan yaratilgan “GEKTAR” kompleksi va “YelSMiK” preparatlaridan gʻoʻzani bargidan oziqlantirishda qoʻllanildi va paxta hosili saqlab qolindi.
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “Omad va ishonch”, “Zarafshon mashʼalasi”, “Ahmad Namoz”, “Gulsevar Hilola”, “Gulasal Javohir”, “Azim Ali”, va “Gʻardiyon tongi” fermer xoʻjaliklarida jami 130 gektar, Xatirchi va Navbahor tumanlaridagi qator fermer xoʻjaliklarining qariyb 160 gektar paxta maydonlarida ikki marta “GEKTAR” kompleksi preparati bilan bargidan oziqlantirish natijasida gektaridan oʻrtacha 3,5-5,5 sentnergacha qoʻshimcha hosil olishga erishildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati paxta dalalarida ham ushbu preparatlarni qoʻllash boʻyicha tadqiqot ishlari oʻtkazilib, hosildorlik 20-25 foizga oshishi kuzatildi.
Maʼlumotlarga koʻra, qishloq xoʻjaligi ekinlariga ozuqa sifatida berilgan azotning – 20, fosforning – 20 va kaliyning – 40-50 foizigina oʻsimliklar tomonidan oʻzlashtiriladi. Azotning bir qismi nitrit va nitrat sifatida havoga chiqib ketsa, bir qismi tuproqning pastki, ildiz yetmagan chuqurliklarga, yana bir qismi erozion jarayonlar natijasida tuproq bilan birga yuvilib ketadi. Kaliy ham toʻliq oʻzlashtirib ulgurmasidan gorizontal va vertikal holatda tuproqdan yuviladi. Berilgan fosforning oʻsimlik tomonidan kam oʻzlashtirilishining sabablaridan biri uning tuproqqa tushgandan keyin oʻzlashtiriladigan holatga qiyin oʻtishidir. Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston tuproqlari tarkibida esa buning sababi karbonat ionlari miqdorining koʻp boʻlishidir.
Mutaxassilarning taʼkidlashicha, ushbu holatlar oʻsimlikka optimal ravishda kerak boʻlgan elementlarni yetkazib berishda salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu kamchilikni toʻldirish uchun oʻsimlikni bargidan qoʻshimcha oziqlantirib, uning oʻsishi, rivojlanishiga zamin yaratish orqali moʻl va sifatli hosil yetishtirish mumkin. Bunda ekinlarni bargidan oziqlantirish uchun suspenziya qoʻllanilganda oʻsimlik ozuqa moddalarini ildiz orqali emas, barg va poyalari orqali oʻzlashtiradi. Bargga tushgan suspenziya oʻsimlik toʻqimalariga soʻrilib, ozuqa sifatida ishlanadi.
Keltirilgan jihatlarni hisobga olgan holda respublikamiz olimlari tomonidan oʻsimliklarni bargidan oziqlantirishda nisbatan toʻliq oʻzlashtiriladigan preparatlar ustida koʻpgina izlanishlar olib borilgan va bu oʻz ijobiy natijasini berib kelmoqda.
Ushbu preparatlarning mahalliy xom-ashyolardan ishlab chiqarilishi uning tannarxi xorijiy turdosh mahsulotlarga nisbatan bir necha barobar arzonligi va qishloq xoʻjaligi sohalarida keng miqyosda foydalanish, shuningdek, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish 100 dan ortiq yangi qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi, deyishmoqda mutaxassislar.