Media SOVID-19 sharoitida: OAV faoliyatida pandemiya turtki bergan oʻzgarishlar
Hozirda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ilmiy tadqiqotchilari tomonidan mamlakat va xorijiy ommaviy axborot vositalarining karantin davridagi faoliyati boʻyicha ilmiy tahlillar uzluksiz tarzda olib borilmoqda.
Hozirda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ilmiy tadqiqotchilari tomonidan mamlakat va xorijiy ommaviy axborot vositalarining karantin davridagi faoliyati boʻyicha ilmiy tahlillar uzluksiz tarzda olib borilmoqda. Xususan, “Media SOVID-19 sharoitida” mavzusida onlayn tarzda oʻtkazilgan ilmiy seminar olimlarning pandemiya va ilmiy tadqiqot doirasida toʻplangan tahlillari bilan oʻrtoqlashish, oʻzaro fikr, tajriba almashish uchun distansion platformaga aylandi.
Ilmiy seminarda onlayn tartibda oʻtkazilib, universitet professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchi va doktorantlari xalqaro va milliy axborot maydonida SOVID-19 pandemiyasi mavzusining yoritilishi, favqulodda vaziyatlarda jurnalistik faoliyat, yangi axboriy jarayonlar va yangi media loyihalar, axborot tarqatishda masʼuliyat va javobgarlik singari masalalarni atroflicha muhokama qildi. Tezkorlik prinsipi va jurnalist etikasi, internet tarmogʻi foydalanuvchilari tomonidan tarqatilayotgan kontent va uning ommaga taʼsiri, jamoatchilik bilan aloqalar faoliyatidagi oʻzgarishlar, axborot xizmatlarining aholini xabardor qilishdagi roli tahlilga tortildi.
Ayni kez gazetalar faoliyati qanday ahvolda, bugun radioni kim eshityapti? Televideniye qarshisida aholi qanday maʼlumotlarni kutyapti? Har kuni yana qancha bemor aniqlanyapti? Shular boʻyicha aholining diqqat-eʼtibori juda katta. Zamonaviy media sohasi mutaxassislari esa bu holatlarning faqatgina kuzatuvchisi emas, jurnalist, olim sifatida uning faol tahlilchisi boʻlishi kerak.
OʻzJOKU rektori, dotsent Sherzodxon Qudratxoʻjayev bu borada asosiy eʼtiborni OAV faoliyatida roʻy berayotgan “infodemiya” jarayoniga qaratish kerak deb taʼkidladi, yaʼni pandemiya davrida qaysi media kanalning auditoriyasi ortgani, qaysilari esa tang ahvolda qolayotganini aynan pandemiya belgilab berib, xar bir sohadagi faoliyat endilikda “pandemiyaga qadar” va “pandemiyadan keyingi” bosqichlarga boʻlinishiga urgʻu berdi. Uning taʼkidlashicha, bugun ayniqsa gazeta-jurnallar ahvolida juda katta inqirozli vaziyatlar vujudga kelmoqda.
OʻzJOKU ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, dotsent Nozima Muratova amalga oshirgan tahlillarga koʻra, Oʻzbekistonda SOVID-19 mavzusini yoritishda 3 ta asosiy omil hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi:
mavzuni yoritish boʻyicha alohida rasmiy axborot uzatuvchi @koronavirasinfouz kanalning tashkil etilgani;
mamlakat OAV faoliyatida roʻy bergan va hamon roʻy berayotgan media oʻzgarishlar;
pandemiyaga oid maʼlumotlarni taqdim etishda antifeyk siyosatini amalga oshirilishi.
Hozirgi jarayonda sifatli va professional jurnalistikaga ehtiyoj ortgan payt. Muxbirlar, operatorlar, rejissyorlar, boshlovchilar, montajchilar chinakam yangiliklar jurnalistikasi sharoitida shifokorlar, harbiylar qatorida “pandemiya oʻchogʻi”ga kirib borib, aholiga tezkor va haqqoniy axborot yetkazish uchun tun-u kun xizmatda.
Ilmiy-seminarda onlayn jurnalistika bilan bir qatorda anʼanaviy jurnalistikada roʻy berayotgan oʻzgarishlar xususida alohida toʻxtalib oʻtildi. Universitet doktoranti G.Najmiddinova kuzatishlariga koʻra, COVID-19 tufayli bepul tarqatiladigan gazetalar, koʻngilochar kontent tayyorlashga ixtisoslashgan jurnallar ham qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Evening Standard bepul gazetasi adadi mart oyining oʻrtalarida 800 mingdan 620 ming nusxaga tushib ketdi. Esquire jurnali yillik sonlarini 10 tadan 8 taga tushirdi. Stylist, Time Out jurnallari esa bosma formatdan vaqtinchalik voz kechishini maʼlum qildi. Tadqiqotchining taʼkidlashicha, koronavirus pandemiyasi sababchi boʻlgan iqtisodiy qiyinchiliklar OAVda reklama daromadlarining keskin qisqarishiga sabab boʻlmoqda. Boisi, reklama beruvchilar oʻz reklamasining koronavirus haqidagi kontent bilan birga, yoki uning tarkibida tarqalishini istamayapti. Pandemiya mavzusi brendlar imiji uchun nobop, hatto xavfli deb topilmoqda. Buning oqibatida esa media daromadlarining kattagina qismini yoʻqotayapti.
“Dunyo mamlakatlari: SOVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashmi yoxud manfaatlar kurashimi?” deb nomlangan ilmiy chiqishida Universitet tadqiqotchisi J.Sagatov BBC muxbiri Jonatan Markus tomonidan eʼlon qilingan “Koronavirus aslida AQSH va Xitoy oʻrtasidagi urushmi?” sarlavhali maqolasini tahlil etib berdi. Maʼruzada koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash davrida Xitoyning jahondagi roli haqida eʼlon qilingan salbiy va ijobiy boʻyoqqa ega boʻlgan bir qator maqolalar ham tahlil etildi.
“Pandemiya davrida rasmiylar OAV minbarida, jurnalistlar xalq eʼtiborida” nomli ilmiy chiqish esa bevosita OAV jonli efirida davlat organlari rahbarlarining doimiy chiqishlar qilishining xalq uchun ahamiyati tahlil ostiga olingan boʻlsa, “Favqulodda vaziyat jurnalistikasida kontentning oʻziga xosliklari” degan ilmiy tahlil zamonaviy jurnalistlarning bugungi faoliyati boʻyicha munozarani aks ettiradi.
Pandemiya davrida fotojurnalistika haqidagi chiqishda esa asosiy eʼtibor Universitetda fotomuxbirlikni sinab koʻrayotgan yoshlarning Oʻzbekistonning turli burchaklaridan, uzoq qishloq va tumanlaridagi vaziyatni aks ettiruvchi karantinda aholi turmush tarzi va yashash sharoiti bilan bogʻliq qator fotosuratlar aks etgan loyihaning amalga oshirilayotgani haqida toʻxtalib oʻtildi.
Ushbu mavzusiga doir tayyorlangan turkum ilmiy maqolalarning toʻliq shakli Respublika ilmiy nashrlarida chop etilishi koʻzda tutilgan.
Dilshod ROʻZIQULOV,
OʻzJOKU mustaqil izlanuvchisi