Klasterlarga meva-sabzavot muzlatkichlari kerakmi?
Buning uchun esa 6134 gektar yer ajratilgan. Bahorda 1 773 gektarda intensiv bogʻlar tashkil etildi.
Oʻzbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashidan maʼlum qilishlaricha, joriy yilda klasterlar va ularga biriktirilgan fermer xoʻjaliklari 603 milliard soʻmlik 380 ortiq loyihani amalga oshirish belgilangan. Buning uchun esa 6134 gektar yer ajratilgan. Bahorda 1 773 gektarda intensiv bogʻlar tashkil etildi.
Shuningdek,yangi tokzorlar yaratish maqsadida ham 9417 gektarda 297 ta loyihani amalga oshirish moʻljallangan. Albatta, kelgusida ushbu katta maydondagi bogʻ va tokzorlarda yetishtirilgan uzum va mevalarni sarxil holida qish mavsumiga saqlash uchun muzlatgich omborxonalar barpo etish ham eʼtiborda.
Bu borada qilinayotgan ishlar koʻzga koʻrinib qoldi. Misol uchun, yil oxiriga qadar 1 trillion 51,7 milliard soʻmlik 80 ziyod investitsion loyiha amalga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, hozirda 38 loyiha bajarildi.
Ayni vaqtda toʻrtta loyiha toʻliq ishga tushirildi. Bular Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida 6200 tonnalik meva-sabzavotlarni qayta ishlash liniyasi, Shahrisabz tumanida 200 tonnalik muzlatgich omborxona, Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida 2000, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi 30000 muzlatgichli omborxonalar.
Yilning yarmi oʻtib ketgan boʻlsa, kamiga pishiqchilik mavsumi allaqachon boshlangan boʻlsada, atigi bir necha muzlatgich omborxona ishga tushganini qanday baholash mumkin.
Maʼlumotlarga koʻra, Andijon viloyatidagi “Qoradaryo sayxun” korxonasi qiymati 1 milliard soʻmlik 500 tonna quvvatga ega muzlatgich omborxona, “Ishkomli hamkor” 8,7 milliard soʻmlik 2 ming tonna, “Zafarjon Arifjonov” 1 milliard soʻmlik 1 ming tonna quvvatga ega qayta ishlash korxonasi, Buxoro viloyatidagi “Emir Fruit Industry” qiymati 15,5 milliard soʻmlik 2 ming tonna quvvatga ega qayta ishlash korxonasi, Namangan viloyatidagi “Yangiqoʻrgʻon Agro Invest” qiymati 119 milliard soʻmlik 30 ming tonna quvvatga ega muzlatgichli omborxona va qayta ishlash korxonalari qurish rejalashtirilgan boʻlsada, hech bir yumush bajarilmagan.