Yaxshi she’r, dilga yaqin satrlar barhayot
Anqaraning Yildirim Boyazid universitetida Chori Avaz kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“Tortilgan kamon”, “Kuz ertasi”, “Uyg‘onishdan o‘zga tole izlama”, “Baxtiyorlik shu emasmi”, “Saylanma”, “Yashil so‘qmoq” singari she’riy kitoblar muallifi Chori Avazni she’r ixlosmandlari yaxshi biladi.
Iste’dodli shoir va tarjimon Chori Avaz 1992 yil, 35 yoshida olamdan o‘tgan. Ijodkor qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa-da uning qalamidan to‘kilgan satrlar barhayot. Uning asarlari muxlislarning ko‘nglidan joy olgan.
E’tiborlisi, keyingi yillarda ijodkorning rafiqasi Zebo Omonova tashabbusi bilan Chori Avaz ijodi qator chet tillariga tarjima qilinib, xorijiy davlatlarda taqdimotlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, uning she’rlari 2022 yil ingliz tiliga tarjima qilinib, bejirim kitob holida chop etildi. O‘tgan yili Misrda ushbu kitobning taqdimoti o‘tkazilgan edi.
Bu yil esa shoir Rahmat Bobojon tarjimasida uning she’rlari turk tiliga o‘girildi hamda “Aydinlik hayaller” nomi ostida chop etildi. Anqaraning Yildirim Boyazid universitetida ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov, Yildirim Boyazid universiteti professori Aktach Aydin, Zebo Omonova va boshqa ijodkorlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar talabalarga shoirning hayoti va ijodi haqida so‘zlab berdi, she’rlar o‘qildi.
O‘zA