Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev mavjud muammolarga aniq va manzilli yechim topilishi haqida aholiga so‘z bermoqda.
O‘zA KUZATUVI: O‘zbekiston amaldorlari qanday ishlar bilan shug‘ullanmoqda?
Ma’lumki, bundan ikki yil oldin Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalla vazirligi rahbariyati faoliyati jiddiy tanqid qilinib, qoniqarsiz deb topilgan edi.
Ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun hayfsan olgan amaldorlar orasida bo‘lgan Botir Parpiyev hukumat tomonidan tizim rahbarlariga berilgan jazo adolatli ekanini ta’kidlagan.


“O‘zA kuzatuvi” loyihasi doirasida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ullarining faoliyatiga nazar tashladik.
Xo‘sh, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev bugun qayerda? Tizimdagi qaysi muammolarga yechim topmoqda?
O‘tgan hafta davomida B.Parpiyev Surxondaryo viloyatiga xizmat safarida bo‘ldi.
9 fevralda vazir o‘rinbosari Botir Parpiyev Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bilan birgalikda hududiy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida viloyatdagi ijtimoiy ahvoli og‘ir hududlaridagi aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini bartaraf etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan.


10 fevral. Yangi mahalla binosining ochilish marosimi. Viloyatning Qumqo‘rg‘on tumani markazidan 35 km uzoqlikda joylashgan "Xo‘jamulki" mahallasida bugun 6 minga yaqin aholi istiqomat qiladi. Shu vaqtga qadar esa mahalla idorasi o‘z binosiga ega bo‘lmagan. Muqim bir manzilga ega bo‘lmagan mahalla idorasining yo‘qligi fuqarolar uchun ham noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda edi. Botir Parpiyev tashabbusi bilan bugun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan yangi, zamonaviy, zaruriy sharoitlarga ega bo‘lgan mahalla binosi qad ko‘tardi. Mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini binosida endilikda besh nafar xodimning faoliyat yuritishi uchun zaruriy shart sharoit yaratib berildi.
Vazir o‘rinbosari Botir Parpiyev viloyatda “mahallabay” ishlar holati bilan tanishish maqsadida Termiz shahridagi “Pattakesar”, “Bog‘ishamol”, “Chegara”, “Manguzar”, “Temir yo‘lchi” mahallalarida mavjud muammolar o‘rganib chiqdi va hududdagi “Temir yo‘lchi” mahallasida 1 km, “Manguzar” mahallasida 1 km va “Pattakesar” mahallasida 0,4 km ichki yo‘llarga tosh shag‘al yotqizishga ko‘maklashdi.
Hafta davomida mutasaddilar ishtirokida Sariosiyo tumanidagi 61 ta mahalla raislari va hokim yordamchilari uchun amaliy seminar o‘tkazildi. “Yashil makon” loyihasi doirasida “Yoshlar bog‘i” hududida 1 ming 335 tup manzarali daraxtlar ekildi.


B.Parpiyev “Tortuli” mahallasi “Guliston” ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan yashovchi fuqarolar bilan uchrashdi va ularning dardlariga quloq tutdi. Fuqarolar respublikadan kelgan mutasaddiga o‘z muammolari yuzasidan murojaat bilan chiqdi. Jumladan, ko‘p qavatli uy oldida bolalar maydonchasi, novvoyxona qurish, fuqaro F.Mirzayevani ishga joylashtirish, V.To‘rayevaga gilam to‘qish uskunasi olib berish, S.Abdurahmonovga baliqchilik havzalarini kengaytirish masalalarida chora-tadbirlar belgilandi.
11 fevral kuni ham amaldor ishtirokida og‘ir hududlarga kiruvchi mahallalar faoliyati o‘rganildi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanida bo‘ldi va bir qator mahallalarda olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari bilan ham tanishdi.

Vazir o‘rinbosari Termiz tumanidagi “Namuna” va “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, tomorqadan foydalanish, ko‘chat ekish, qurilish, ta’mirlash, ichki ko‘chalarga shag‘al yotqizish ishlari holatini o‘rganib, tegishli taklif va tavsiyalar berdi. Shuningdek, fuqarolar uy-joylaridagi eskirgan avariya holatidagi tashqi to‘sin devorlarni boshqatdan qurish, ta’mir talablarini suvoqlash va ohaklash, eski sim yog‘ochlarni beton tayanch ustunlarga almashtirish, mahalla hududidan o‘tgan melioratsiya tizimi zovurlarini tozalash masalalarida mas’ullarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olinishini ta’kidladi.
12 fevral kuni mutasaddilar tomonidan Termiz shahridagi “Chegara” mahallasidagi qator masalalariga e’tibor qaratildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur mahalla ham muammolardan holi emas.
Inson qadrini ulug‘lash hamda odamlarning o‘z hayotidan mamnun bo‘lib yashashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, buning uchun joylardagi uzoq vaqtdan beri hal etilmay kelinayotgan muammolarga manzilli yondashish bugun barcha sohadagi rahbarlarning asosiy dasturulamaliga aylanib borar ekan, vazir o‘rinbosari B.Parpiyev ham joylardagi mavjud muammolarga aniq va manzilli yechim topilishi haqida aholiga so‘z berdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA