O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham aholining sog‘lig‘i, jismonan salomatligi, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi.

COVID-19 koronavirus infeksiyasi avvalo yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kasalligiga chalingan fuqarolarimizning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada, bugungi pandemiya oramizdan ko‘plab fuqarolarimizni bevaqt dunyodan ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi.

Barchamiz bundan jiddiy xulosa qilgan holda zararli odatlardan voz kechib, ommaviy sport bilan doimiy shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish, xususan, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini me’yoridan ortiq iste’mol qilmaslikni, bir so‘z bilan aytganda, sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotimizga aylantirishimiz zarur ekanligini bugungi davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish hamda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo bo‘lishini ta’minlash, zararli odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklash va reabilitatsiya ishlari hamda ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish, bu borada tegishli infratuzilma va boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

har bir oila, mahalla va tuman (shahar)da, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida hamda boshqa tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishga shart-sharoitlar yaratish;

ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha oilalar, sinflar, mehnat jamoalari va hududlar o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda o‘tkazish;

aholi turli guruhlarining sog‘lom ovqatlanishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishni ta’minlaydigan shart-sharoitlar yaratish, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini iste’mol qilishni qisqartirish, zararli odatlardan, xususan, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishdan voz kechish yo‘li bilan kasallikka chalinish, ortiqcha vazn holatlari (semizlik) va bevaqt vafot etishni kamaytirish;

aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini keng targ‘ib qilish, shu jumladan, tartibsiz va kechki uyqu oldidan ovqatlanish odatlaridan voz kechish;

sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishini oilalar, mahallalar, maktabgacha ta’lim va umumta’lim muassasalari darajasida sog‘lom turmush tarzining ajralmas qismi sifatida targ‘ib qilish;

maktabgacha ta’lim, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida, korxona, tashkilot va boshqa turdagi barcha muassasalarda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini shakllantirish.

2. Respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 2021 yildan boshlab dasturlar to‘liq bajarilgunga qadar har yili 104 milliard so‘mdan;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 2021 yildan boshlab dasturlar to‘liq bajarilgunga qadar har yili 10 milliard so‘mdan mablag‘lar ajratiladi.

4. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasini yaratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:

O‘zbekiston hududida bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so‘mdan;

har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 million so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkaziladi.

Belgilansinki:

“Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishlab chiqish va unga xizmat ko‘rsatish va keyinchalik modernizatsiyalash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalari Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yuklatiladi;

“Sog‘lom turmush tarzi” platformasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan IT-park direksiyasi rezidentlari bilan birgalikda 2021 yil 1 martga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishlab chiqiladi va doimiy ravishda texnik qo‘llab-quvvatlanadi.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qurilish vazirligi bilan birgalikda 

2020 yil 15 noyabrga qadar

 har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun 

“Salomatlik yo‘laklari”

ni tashkil etish bo‘yicha tegishli loyihalarni ishlab chiqib, keng jamoatchilik muhokamasiga joylashtirsin, 2021 yil 1 yanvardan boshlab qurilish ishlarini boshlasin va 

2021 yil 1 mayga qadar

 tugatsin.

Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:

piyodalar va velosiped yo‘laklarining umumiy uzunligi 3-5 kilometrni tashkil etishi hamda o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lishi;

zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorug‘lik qaytaruvchi, yo‘laklarning boshlanishi, oralig‘i va yakunini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari bilan to‘liq ta’minlanishi;

piyodalar va velosiped yo‘laklarini barpo etishda alohida harakatlanish imkoniyatlari yaratilishi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “to‘siqsiz muhit” tashkil etilishi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil uchun investitsiya dasturi doirasida markazlashgan kapital qo‘yilmalar hisobidan markaziy ko‘chalarni modernizatsiya qilish uchun jami 1,4 trillion so‘m mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

6. Toshkent shahar hokimligi 2021 yil davomida bosqichma-bosqich barcha tumanlarda aholi uchun qulay bo‘lgan ko‘chalarda umumiy uzunligi 50 kilometr bo‘lgan piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari”ni tashkil etsin.

Mazkur maqsadlar uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Toshkent shahar hokimligiga 2023-2024 yillarda qaytarish sharti bilan 20 million AQSH dollari miqdorida foizsiz ssuda ajratsin.

Ushbu tajribadan kelib chiqib, 2022 yildan boshlab Nukus, Buxoro, Nurafshon, Samarqand, Termiz, Xiva, Shahrisabz va Qo‘qon shaharlarida hamda 2023 yildan boshlab respublikaning barcha yirik shaharlarida piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etilishi ta’minlansin.

7. Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 1 iyunga qadar yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini hamda paralimpiya harakatini rivojlantirish, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, “Sog‘lom ayol – buyuk kelajak” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturlarini tasdiqlash to‘g‘risida Hukumat qarorlarini qabul qilsin.

8. Qurilish vazirligi 2021 yil 1 yanvarga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda yangidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylarni qurish bo‘yicha tasdiqlangan amaldagi shaharsozlik normalariga quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritsin:

aholi soni va uy-joylarning joylashuvini inobatga olgan holda, shuningdek, tashkilot va idoralarning tegishli hududlarida velosiped turar joylari va zamonaviy sport (shu jumladan, Workout) maydonchalarini tashkil etish;

mahallalar, qishloqlar, tumanlar va shaharlarni bog‘lovchi avtomobil yo‘llari, piyoda hamda velosiped yurishi uchun mo‘ljallangan “Salomatlik yo‘laklari”ni qurish;

avtomobil harakati yuqori bo‘lgan va katta yo‘l kesishmalarida aholiga qulay o‘tish joylarini barpo etish.

9. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

har chorakda har bir tuman (shahar)da “Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovini tashkil etsin;

bir oy muddatda tanlovni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlarini ishlab chiqib, tasdiqlasin. Bunda, mahalla aholisi doimiy ravishda jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga jalb etilishi, sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya etilishi, mahallada zarur sport infratuzilmasi mavjudligi, o‘tkazilgan musobaqalar soni, mahalla aholisining kasallanish darajasi pasayib borishi ko‘rsatkichlari nazarda tutilsin;

“Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan tanlovda birinchi o‘rinni egallagan mahallaga 10 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 5 million so‘m va uchinchi o‘ringa 3 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishini ta’minlasin.

Belgilab qo‘yilsinki, pul mukofoti mablag‘lari mahalla fuqarolar yig‘inlarining tijorat bankida ochilgan hisobraqamiga o‘tkaziladi hamda mahallada sport maydonchalarini tashkil etish va ularni jihozlash, sport tadbirlarini o‘tkazish maqsadlariga istisno tariqasida tender savdolarisiz yo‘naltiriladi.

10. Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov va A.Abduxakimov 2020 yil 1 noyabrga qadar Xalq ta’limi vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining takliflariga asosan 2021 yilda:

umumta’lim maktablariga 50 ta sport zali qurilishi uchun 100 milliard so‘m;

sport ta’lim muassasalariga 48 ta sport inshooti qurilishi uchun 400 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin va tarmoq jadvallarini tasdiqlasin.

11. Xalq ta’limi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi 2021 yil 10 aprelga qadar 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan umumta’lim maktablarini sport zallari bilan to‘liq ta’minlash, har bir tuman(shahar)da moddiy-texnika bazasiga ega bo‘lgan bolalar va o‘smirlar sport maktablarini hamda boshqa jismoniy tarbiya va sport muassasalarining sport inshootlarini qurish va jihozlash dasturini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, kelgusi yillarda umumta’lim maktablari sport zallari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari va sport ta’lim muassasalarining sport inshootlarini qurish parametrlarini sezilarli oshirib borsin.

12. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarining kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi jamoa shartnomalarida:

ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;

texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlarga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar belgilanadi.

13. 2021 yil 1 yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida:

sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash yo‘lga qo‘yilsin;

ish vaqtidan so‘ng tanlangan kunlarda (haftada kamida bir marta) rahbar va barcha xodimlarning jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari (yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqalar) bilan shug‘ullanishi ta’minlansin;

har shanba soat 14:00 dan keyin xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etilsin. Bunda, musobaqalar bayramona ruhda, “shou” ko‘rinishida o‘tkazilishiga, g‘olib va sovrindorlar munosib rag‘batlantirilishiga alohida e’tibor qaratilsin;

mehnat jamoasining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishni (trenajyor zali, “Workout” maydonchasi, sport maydonchalari va xonalari, sport mashg‘ulotlari va musobaqalari) moliyalashtirish davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilsin;

birinchi rahbarlar “Shaxsiy namuna” tamoyili asosida o‘zlarining antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash) yaxshilash orqali xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio, gazeta, Internet tarmog‘i) orqali bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, sog‘lom turmush tarziga amal qilishning ahamiyati muntazam ravishda yoritib borilishini ta’minlasin.

14. Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduxakimov Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 iyuldan boshlab:

vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini), boshqa o‘tkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash baholash mezonlarini ishlab chiqib, reyting asosida tahlil qilish hamda natijalarni onlayn kuzatib borish tizimini;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli hududda ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchilar sonining oshishiga, sog‘lom ovqatlanishiga, xususan, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini iste’mol qilishni qisqartirishga, zararli odatlardan, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishdan voz kechish yo‘li bilan kasallikka chalinish, ortiqcha vazn holatlari (semizlik) va bevaqt vafot etish ko‘rsatkichlari kamayishiga qarab ishiga baho berish bo‘yicha reytingini raqamlashtirilgan dastur yordamida monitoring qilish tizimini joriy etsin hamda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalariga Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduxakimov tomonidan taqdim etilgan reyting ko‘rsatkichlari asosida:

reyting ko‘rsatkichlari eng past bo‘lgan davlat organlari rahbarlarining faoliyatini har yarim yillikda tanqidiy muhokama qilish;

reyting ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan davlat organlari rahbarlarini rag‘batlantirish tizimini joriy etish tavsiya etilsin.

16. Xalq ta’limi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda:

ikki oy muddatda umumta’lim, professional va oliy ta’lim muassasalarida darslar oralig‘ida (katta tanaffus vaqtida) “Sport daqiqasi” jismoniy mashqlari, darslar boshlanishidan oldin 2 daqiqa nafas olish mashqlarini o‘tkazishni amaliyotga joriy etsin;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar, talabalarning yosh toifasiga qarab ularning jismoniy ko‘rsatkichlarini (yugurish, otish, sakrash, tortilish) baholash mezonlarini ishlab chiqib, “Kundalik” reyting daftariga alohida sahifada kiritsin hamda har chorak tahlillari va natijalari aks ettirilishini ta’minlasin.

17. Bosh vazir o‘rinbosari B.Musayev Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda umumta’lim maktablarida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘quv soatlari doirasida jismoniy tarbiya fanini barcha sinflarda haftada 2 soatdan o‘qitishni tashkil etsin.

18. Sog‘liqni saqlash vazirligi:

a) bir oy muddatda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi bilan birgalikda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning vrach va o‘rta tibbiy xodimlarini diyetologiya bo‘yicha tayyorlash, shu jumladan, amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil qilsin;

b) 2021 yil 1 martga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ortiqcha vaznga ega bo‘lgan shaxslar uchun o‘rtacha kunlik ovqatlanish me’yori va ratsioni hamda jismoniy mashqlar kompleksini ishlab chiqsin va uni aholi orasida doimiy targ‘ib qilib borsin;

v) quyidagilarni:

maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tibbiyot xodimlari hamda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalaridan umumta’lim maktablariga biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan tarbiyalanuvchilar va o‘quvchilar sog‘lig‘i va jismoniy kamoloti doimiy ravishda nazoratga olinishini, ularning sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishini, badantarbiya mashqlari o‘tkazishini va muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishini, sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilinishini, davolash-profilaktika tadbirlari o‘tkazilishini, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya etilishini;

mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori me’yoridan ortiq bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklar, non mahsulotlari iste’molini kamaytirish bo‘yicha oilalar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borishni;

2021 yil 1 martga qadar tibbiyot xodimlari tomonidan bolalarning sog‘lig‘ini inobatga olgan holda, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi ustidan nazorat o‘rnatilishini va bolalarning salomatligi asosida tibbiy-sog‘lomlashtirish guruhlariga ajratilishini hamda shunga qarab jismoniy chiniqtirish miqdori belgilanishini ta’minlasin;

g) Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda bolalarning jismoniy rivojlanishini baholash uchun raqamlashtirilgan dastur yordamida monitoring qilish tizimini ishlab chiqsin.

19. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2025 yilga qadar hududiy va tegishli tarmoq dasturlari doirasida ta’lim muassasalarini, xususan, maktabgacha ta’lim, umumta’lim va sport muassasalarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

20. Moliya vazirligi:

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Maktabgacha ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan ro‘yxat asosida maktabgacha va umumta’lim muassasalarini birlamchi sport jihozlari va anjomlari bilan ta’minlash xarajatlari uchun Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablag‘larni nazarda tutsin, bunda ushbu maqsadlar uchun 2021 yilda har bir davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 2 million so‘mdan, umumta’lim muassasasiga 5 million so‘mdan ajratsin;

2021 yil 1 yanvarga qadar aholi salomatligi uchun zararli bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga maxsus yig‘im joriy etish va ushbu tushumlarning bir qismini “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini saqlash xarajatlarini hamda mazkur Farmonning 4-bandida nazarda tutilgan to‘lovlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

jismoniy tarbiya va sport muassasalarida markazlashgan tartibda raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, barcha tizim tashkilotlariga yagona elektron dasturiy ta’minotni yaratish bo‘yicha texnik talablarni ishlab chiqish uchun mablag‘ ajratsin.

21. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021 yildan boshlab Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi” platformasida ro‘yxatdan o‘tgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sport natijalariga qarab vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining har chorak yakuni bo‘yicha reytingi tuziladi va ular faoliyatiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan baho beriladi.

22. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hududlarda xususiy tadbirkorlar tomonidan barpo etilgan sport inshootlari bazasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sport muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki davlat sport muassasalari faoliyati turini o‘zgartirmaslik sharti bilan ularni xususiylashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, 2021 yil 1 martga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, talab yuqori bo‘lgan sport turini tanlab olib, mazkur yo‘nalishdagi muassasalarni Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tashkil etish, saqlash va moliyalashtirishni bosqichma-bosqich qisqartirish, davlat sport muassasalarining bo‘sh yer maydonlarida sport maydonchalari va inshootlari, mehmonxonalar, sport kiyimlari va jihozlarini sotishga mo‘ljallangan do‘konlar, sog‘lom ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, fitobarlar, fitnes markazlari uchun binolar qurilishiga ruxsat berilishini nazarda tutsin.

23. Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021 yildan boshlab har yili:

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar uchun 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda grant mablag‘lari;

jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kadrlar ulushini oshirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga tayanch doktorantura va doktorantura uchun kamida 10 ta o‘rin ajratilishini ta’minlasin.

24. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Polvonlar milliy markazi bilan birgalikda 2021 yil 1 sentyabrga qadar respublika hududlarida ekspeditsiya tashkil qilgan holda milliy sport turlari hamda xalq o‘yinlari tarixini o‘rganish asosida “O‘zbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq o‘yinlari ensiklopediyasi”ni tayyorlasin va chop etsin.

Belgilansinki, “O‘zbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq o‘yinlari ensiklopediyasi”ni tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

25. Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda tuz, qand va yog‘ miqdori me’yoridan ortiq bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasiga quyidagi cheklovlar o‘rnatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin:

ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport muassasalari hududida hamda jamoat transportida reklama qilish;

bolalar, animatsion personajlar va bolalar ko‘rsatuvlari qahramonlari ishtirokida reklama qilish;

ommaviy axborot vositalarida bolalar uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuvlardan 30 daqiqa oldin va keyin namoyish qilish.

26. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda:

a) muntazam ravishda:

yoshlar, xususan, bog‘cha yoshidagi bolalarda jismoniy tarbiya va sport tushunchasini paydo qilish va ularni qiziqtirish maqsadida “Bolalikdan sportga”, “Tonggi gimnastika”, umumta’lim maktablarida “Biz bilan bajar, bizdek bajar, bizdan yaxshiroq bajar!”, “Quvnoq startlar” sinflararo, “Katta yoshdagilar uchun aerobika”, “Boshlang‘ich yoga mashg‘ulotlari”, “Ortiqcha vazndan voz kech!” kabi sport mashg‘ulotlarini hamda oilalar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Otam, onam va men – sportchilar oilasi!” televizion sport musobaqalarini telekanallarda namoyish etish;

barcha telekanallar, shu jumladan, xususiy telekanallar efirida har kuni uch marta (soat 7:00, 12:00 va 17:00 da) nufuzli sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari ishtirokidagi 5 daqiqadan iborat ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlarini uzatish;

ayollar va keksalar uchun sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha “Sog‘lom turmush tarzi” ko‘rsatuvlarini namoyish etish;

b) 2021 yil 1 yanvardan boshlab “Sport” telekanalida:

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi, xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasidagi ommaviy sport musobaqalarini, shuningdek, mazkur Farmon doirasida o‘tkazilayotgan sport musobaqalarini doimiy ravishda yoritib borish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish;

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mazkur Farmon ijrosi asosida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, ularda faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlar, aholining antropometrik (semizlik darajasini, vazn indeksini), boshqa o‘tkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash ko‘rsatkichlari reytingi natijalarini yoritib borish;

v) mazkur Farmonning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida barcha davlat va xususiy telekanallar, ijtimoiy tarmoqlarda hamda blogerlar ishtirokida tanqidiy muhokamalar tashkil qilish va yoritish tavsiya etilsin.

27. Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

28. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman, shahar hokimliklari, davlat organlari va tashkilotlari:

har yili 1 dekabrga qadar keyingi yil uchun yil davomida o‘tkaziladigan haftalik musobaqalarni o‘tkazish kalendar rejasini tasdiqlasin;

yillik xarajatlar smetasini shakllantirishda mazkur maqsadlar uchun mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

29. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Andijon va Samarqand viloyatlari hokimliklarining Andijon shahridagi markaziy stadion nomini “Bobur Arena”, Samarqand shahridagi markaziy stadion nomini “Afrosiyob Arena” deb nomlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda aholi orasida so‘rov o‘tkazish orqali hududlardagi yirik sport inshootlariga ular joylashgan hudud xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek, O‘zbekiston tarixi va sportida nom qoldirgan tarixiy shaxslarning nomlari berilishini tashkil etsin.

30. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 

va Senatining barcha qo‘mitalar, deputatlar, senatorlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘rtasida 

“Parlament o‘yinlari”

 sport musobaqalarini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.

31. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga doir Hukumat qarorini tasdiqlasin.

32. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 

2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

33. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

34. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020 yil 30 oktyabr

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida