18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlatlari rahbari sammitida bildirgan tashabbuslariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis senatorlari va deputatlari, yetakchi tadqiqot markazlarining rahbarlari va ekspertlar, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektorlari, qator oliy o‘quv yurtlarining professor va tadqiqotchilari hamda vazirlik va idora vakillari ishtirok etishdi.
Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning hozirgi xalqaro vaziyat, mintaqaviy va ichki kun tartibining ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, SHHT doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid takliflari chuqur tahlil qilishdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanjar Valiyev asosiy ma’ruza bilan chiqish qilib, SHHT dagi eng muhim tendensiyalarga e’tibor qaratdi hamda ushbu tashkilot platformasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda O‘zbekistonning yangicha faol rolini ochib berdi.
Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakilining so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi global o‘zgarishlarning kuchli katalizatori bo‘ldi, hayotimizdagi deyarli barcha sohalarga daxl qildi va SHHT doirasidagi amaliy hamkorlikka ta’sir ko‘rsatdi. Hozirgi sharoitda 10 noyabrda bo‘lib o‘tgan SHHT davlatlari rahbarlari sammitining qarorlari yangi hayot shakllantirayotgan qator muammolarga nisbatan jamoaviy javob bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining ijtimoiy-iqtisodiy sohada hamkorlikning yangi yondashuv va mexanizmlarini shakllantirish, sog‘liqni saqlash tizimlarining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, xavfsizlikni ta’minlash masalalarida aloqalarni kengaytirish bo‘yicha pragmatik va aniq takliflari umumiy manfaatlar uchun SHHT mamlakatlari salohiyatidan kengroq foydalanishga zamin yaratadi.
Tahlilchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz va mintaqani rivojlantirish manfaatlariga asoslangan ochiq tashqi siyosati hamkorlikni rivojlantirishga kuchli turtki bo‘ladi, deb o‘z ma’ruzasiga yakun yasadi. Buning samarasida mamlakatimizning SHHT va boshqa xalqaro tashkilotlarda nufuzi ma’lum darajada mustahkamlanmoqda.