O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.
Tashrifdan asosiy maqsad hududda ko‘p yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar yechimini topish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojiga turtki berish, shu boradagi yangi vazifalarni belgilashdir.
Davlat rahbari viloyatga safarini Shahrisabz shahridagi Oqsaroy Vortex mas’uliyati cheklangan jamiyatda sintetik aralashmali ip va mato ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda Oqsaroy Group kompaniyasi tarkibiga kiruvchi Shahrisabz Textile va Oqsaroy Textile korxonalari tashkil etilgan bo‘lib, ularda umumiy qiymati 54 million dollar bo‘lgan 3 ta loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish, 1 ming 610 ta ish o‘rni yaratish, yiliga 22 million dollarlik mahsulot eksport qilish belgilangan edi.
Birinchi bosqichda 2014 yili Milliy bank invest kompaniyasidan Oqsaroy Textile korxonasining 21 million dollarlik 100 foiz ulushi sotib olinib, modernizatsiyasi natijasida bu yerda yiliga 9 ming tonna ip kalava, 4 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu korxonada 2019 yilda 6 million dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 8 million dollarni tashkil etdi.
Ikkinchi bosqichda joriy yilning oktyabr oyida Oqsaroy Vortex korxonasi tashkil etilib, sun’iy va tabiiy toladan kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Loyiha qiymati – 15 million dollar, yiliga 3 ming tonna kalava ip, 5,5 ming tonna sun’iy tolali ip, 3,5 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eksport hajmi yiliga 7 million dollarni tashkil etadi.
Uchinchi bosqichda ushbu korxonalar yonida yana bitta to‘qimachilik fabrikasi barpo etilib, kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan. Kelasi yil ishga tushadigan loyiha natijasida 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezident korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Prezident korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarini, kalava ip va tayyor mato namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Uning an’anaviy ip-yigiruv korxonalaridan asosiy farqi – bu yerda Yaponiyaning «Murata» kompaniyasida ishlab chiqarilgan Vortex texnologik uskunalari o‘rnatilgan. Ushbu texnologiyaning afzalligi kalava ip to‘qilayotganda tola markazlashgan aerodinamik havo bosimi orqali o‘tkaziladi. Natijada ipning tukdorligi kamayadi, sifati ortadi.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatining paxta yetishtiriladigan to‘qqizta tumanida Oqsaroy Vortex korxonasi namunasidagi to‘qimachilik kombinatlari tashkil etish, ularni barpo etishda arzon konstruksiyali texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha topshiriq berdi. Chunki qurilish qancha qimmat bo‘lsa loyiha o‘zini oqlashi shuncha qiyin bo‘ladi.
Mutasaddilarga Qashqadaryo viloyatida to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, bunda xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan tizim yaratish, klasterlar faoliyatini tahlil etib borish yuzasidan vazifalar berildi.