Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun viloyat nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli Xudoyberganova Rimajon Matnazarovna Prezidentimiz farmoniga binoan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Viloyat hokimi Farhod Ermanov yuksak mukofotni o‘z egasiga tantanali ravishda topshirdi.
Onaxon Prezidentimizning e’tibori, yuksak mukofot uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.

– Hayotimizda juda ko‘p qiyinchiliklar bo‘ldi, – deydi Rimajon Xudoybeganova. – Men hamisha xalqimiz ko‘mgiga tayanib ishladim. Sobiq Sovet ittifoqi davrida rahbar bo‘lib ishlash juda qiyin edi. Shunga qaramasdan yurtimiz ravnaqi, elimiz tinchligi uchun mehnat qildim. Muhtaram Prezidentimiz mening arzimas mehnatlarimni shunchalik qadrlab menga orden berdi. Men bundan juda xursandman. Mening farzandlarim, nevarayu chevaralarim ham xalqimiz xizmatidan tolmaymiz. Davlatimiz rivoji uchun bor kuch g‘ayratimizni safarbar qilamiz.

Ma’lumot uchun, Rimajon Xudoyberganova ko‘p yillar to‘qimachilik, pillachilik korxonalarini boshqargan, 1988-1991 yilda Xorazm viloyati hokimi lavozimida ishlagan.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA