1441 yil (bundan 580 yil oldin) – tarixchi Fasih Axmad Xavofiyning qayd etishicha, Hirot shahridagi Bozori Iroqda Nizomiya madrasasining sharqiy tomonida joylashgan Falakiddin minorasi qulab tushdi.
Ustiga minora tushgan Nizomiya madrasasining bir qismi buzildi. Havo juda ham issiq bo‘lgani va madrasada odamlar dam olayotganlari tufayli minora qulab tushganida ular xarobalar ostida qoldilar.
1874 yil (bundan 147 yil oldin) – Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi Amudaryo bo‘limini boshqarish bo‘yicha Nizom ishlab chiqildi. Unga asosan bo‘limni maxsus boshliq boshqarar edi. U Harbiy vazir, ichki ishlar vaziri va Turkiston general-gubernatori bilan oldindan kelishilgan taqdimnomaga ko‘ra, Rossiya imperatori tomonidan lavozimga tayinlanar va bo‘shatilar edi. Amudaryo bo‘limi boshlig‘i qo‘liga ma’muriy, politsiya, sudlov va harbiy hokimiyat berilgandi. Shu bilan bir qatorda u diplomatik vazifalarni ham bajarib, Rossiyaning Xiva xonligidagi diplomatik vakili hisoblanardi.
1937 yil (bundan 84 yil oldin) – O‘rta Osiyoni Rossiyadan ajratib, mustaqil turkiy davlat tuzish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan eng sobitqadam arboblardan biri Turor Risqulov Moskvada hibsga olindi.
1946 yil (bundan 75 yil oldin) – patent-axborot sohasidagi olim, ixtirochi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Oqil Azimov tavallud topdi. Uning ilmiy ishlari patent-axborot tahlili va ilmiy-texnikaviy ijodkorlik sohalariga doir. Oqil Azimovning ixtirolari bir qator sanoat va suv xo‘jaligi ob’ektlariga tatbiq etilgan.
1996 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Yaman Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.
2009 yil (bundan 12 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2012 yil (bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Al-Saudning taklifiga binoan Ar-Riyod shahrida bo‘ladigan arab-musulmon mamlakatlari va AQSH sammitida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga bordi. Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev bir qator davlat rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldi.
2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi