Vatanimizning yuksak mukofotlari topshirildi
Prezidentimiz Islom Karimov 5-dekabr kuni Oqsaroyda bir guruh yurtdoshlarimizga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirdi.
Prezidentimiz Islom Karimov 5-dekabr kuni Oqsaroyda bir guruh yurtdoshlarimizga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirdi.
Davlatimiz rahbarining farmonlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 23-yilligi arafasida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga katta hissa qo‘shgan, el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini yanada mustahkamlashda fidoyilik ko‘rsatgan, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-ma’rifiy hayotida alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari – faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Oqsaroyda 5-dekabr kuni ana shu yuksak mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘ldi.
– Avvalambor, siz, azizlar bilan bugun mana shunday yaxshi kayfiyatda shu muhtasham zalda ko‘rishganimdan, sizlarga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromimni izhor etishdan xursandman, – dedi Islom Karimov. – Sizlarga ma’lumki, odatga aylanib qolgan an’anaga ko‘ra, har yili Konstitutsiya kuni arafasida Vatanimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashib, ularni shu buyuk sana bilan tabriklash, ana shu mukofotlarni topshirishni o‘zim uchun haqiqatan ham katta sharaf, deb bilaman.
Shu bilan birga, siz, azizlar qatori davlat mukofotlari bilan taqdirlangan barcha vatandoshlarimni g‘oyibona bo‘lsa ham bag‘rimga bosib, muborakbod etish menga chuqur mamnuniyat yetkazadi, quvonchimga quvonch bag‘ishlaydi.
Biz jahondagi eng rivojlangan davlatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish, xalqaro maydonda Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirish kabi oliy maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz. Ana shu yo‘lda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, belimizni mahkam bog‘lab, oldimizga qo‘ygan vazifalarni amalga oshirish, marralarni egallashga barcha kuchimizni safarbar qilishga intilmoqdamiz, dedi Prezidentimiz.
Buning tasdig‘ini oxirgi 10-yilda dunyodagi kamdan-kam davlatlar qatorida O‘zbekistonimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelayotgani misolida ko‘rish mumkin. Jahonda hamon davom etayotgan iqtisodiy inqiroz oqibatida ko‘pgina davlatlarda iqtisodiy o‘sish pasayib, hatto rivojlanishdan to‘xtash holatlari yuz berayotgan bir paytda mamlakatimizning izchil va barqaror rivojlanib borayotgani, yangi – 2015-yilda ham bunday o‘sish sur’atlari davom etishi kutilayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlab, ko‘pgina davlatlarning havasi va hayratini uyg‘otmoqda.
Iqtisodiyotimizning barcha tarmoq va sohalarida ilgari misli ko‘rilmagan natijalarga erishmoqdamiz. Qishloq xo‘jaligini oladigan bo‘lsak, mirishkor dehqonlarimiz bu yilgi mavsumda tabiiy va iqlim qiyinchiliklariga, suv taqchilligiga qaramasdan, qahramonona mehnat qilib, 8 million 50 ming tonna g‘alla, 3 million 400 ming tonnadan ziyod paxta xirmoni bunyod etgani, barcha qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirgani har qanday tahsin va tasannoga munosibdir, dedi Yurtboshimiz.
Ana shunday yutuqlarimiz qatorida yuqori texnologiyalarga asoslangan, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan o‘nlab, yuzlab sanoat korxonalari, magistral yo‘l va ko‘priklar, zamonaviy transport-kommunikatsiya tarmoqlari, shifoxonalar, maktab, litsey va kollejlar, madaniyat va sport maskanlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushirilayotgani, keng ko‘lamdagi obodonchilik ishlarimiz – bularning barchasi o‘tib borayotgan 2014-yilning el-yurtimiz hayotida naqadar yorqin iz qoldirayotganidan yaqqol dalolat beradi.
Iqtisodiyotimizda tobora hal qiluvchi o‘rin egallayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, servis va xizmat ko‘rsatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida avval tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan yuksak natijalarga erishayotganimiz haqida ko‘p gapirish mumkin.
Keyingi yillarda shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizning qiyofasi tubdan o‘zgarib, yanada go‘zal va obod bo‘lib borayotgani haqida siz, azizlarning har biringiz o‘zingiz yashab turgan hudud hayotidan ko‘plab misollarni keltirishingiz mumkin.
Ayniqsa, nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlarda ham katta qiziqish uyg‘otayotgan dasturimiz, ya’ni qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida shu yilning o‘zida 11 mingta shinam uy-joy barpo etilgani qancha-qancha oilalarga xursandchilik bag‘ishlagani, ularning turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan e’tiborlidir, deb ta’kidladi Islom Karimov.
Biz uchun eng muhim, eng ustuvor vazifa bo‘lgan yosh avlodimizni sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalash, inson salomatligini asrash borasida o‘zini ayamasdan, jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan ustoz va murabbiylar bo‘ladimi, shifokorlarimiz bo‘ladimi – ularning oliyjanob mehnatini bugun albatta hurmat bilan tilga olamiz.
Shular qatorida ilmu fan, madaniyat va san’at, sport sohalarida, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish bo‘yicha joriy yilda erishgan yutuqlarimiz Vatanimizning shon-shuhratini butun dunyoga tarannum etishga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilganini ta’kidlash lozim.
Bugungi kunda oramizda shunday insonlar borki, mamlakatimizni barqaror sur’atlar bilan rivojlantirish, yurtimizda hech kimdan kam bo‘lmaydigan, erkin va obod hayot barpo etishda, tinchlik va osoyishtalik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashda ularning o‘rni va ta’siri beqiyosdir, dedi Prezidentimiz.
Bu borada mahalla, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar tashkilotlari faollarining hissasi g‘oyat katta ekani barchamizga yaxshi ayon.
Bizning tinch va osuda hayotimizni, musaffo osmonimizni ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan, bugungi notinch va tahlikali bir vaziyatda shu yo‘lda ko‘kragini qalqon qilishga tayyor bo‘lgan mard va jasur harbiylarimizning mashaqqatli va sharafli xizmatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Mana shunday dovyurak, botir o‘g‘lonlarimizning shonli mehnatini e’zozlashimiz, qadrlashimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.
So‘ngra Prezidentimiz davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.
– Bugun sizlarning har biringiz uchun haqiqatan ham unutilmas kun, qutlug‘ ayyom, – dedi Islom Karimov. – Vatanimizning sizlarga berilgan nufuzli mukofotlari xalqimiz, davlatimizning barchangizga bildirgan yuksak ishonchidan, oliyjanob mehnatingiz munosib qadr topganidan dalolat beradi.
Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan barcha-barcha yurtdoshlarimizga, siz, azizlarga aytadigan tabrik va tilaklarim: bunday yuksak unvon, orden va medallar hammangizga buyursin, yangi yutuq va omadlar, baxt, sog‘lik-salomatlik, fayzu baraka keltirsin. Yurtimiz, elimiz omon, osmonimiz musaffo bo‘lsin, dedi pirovardida davlatimiz rahbari.
Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqan O‘zbekiston Qahramoni, Qamashi tumanidagi «Bozor o‘g‘li Abdi» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Abdimurod Bozorov, O‘zbekiston Qahramoni, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi bo‘lim mudiri Zayniddin Nizomxo‘jayev, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari Sharap Usnatdinov, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Iqbol Mirzo, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, gimnastika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiyi Tatyana Rogovaya, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi, «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi xonandasi Ozodbek Nazarbekov davlatimizning ushbu yuksak mukofotlari bundan buyon ham Vatan taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona mehnatni yanada yuqori sur’at va shijoat bilan davom ettirishga undashini, yangi marralarni egallashga ilhomlantirishini ta’kidladilar, yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimiz Islom Karimovga samimiy minnatdorlik bildirdilar.