Prezidentimiz Termiz shahridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi.
Oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan uch qavatli muhtasham binoda viloyat va Termiz shahar “Oila” markazlarining samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Birinchi qavat “Oila” markazi bilan hamkorlikda ishlaydigan nodavlat tashkilotlarga ajratilgan. Ikkinchi qavatda shahar “Oila” markazi, “Oila” kutubxonasi, oʻquv zallari, trenerlar uchun maxsus jihozlangan xonalar hamda fuqarolarni qabul qilish xonasi joylashgan.
“Oila” markazining viloyat boshqarmasining maʼmuriyati uchinchi qavatda joylashgan. Bu yerdagi keng, yorugʻ faollar zali zamonaviy jihozlangan. Yer toʻlada oshxona va omborxona qurilgan. Barcha qavatlarga kuzatuv kameralari oʻrnatilgani, xonalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari bilan taʼminlangani ham xodimlarning ish sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda vohada maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, notinch va muammoli oilalarni aniqlab, manzilli roʻyxatlarini shakllantirish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash singari xayrli ishlarda markaz xodimlari yaqindan koʻmaklashayotir. “Oila– jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy tamoyilini keng targʻib qilishga intilmoqda. Yangi binoda markaz bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat boʻlimi, “Barqaror hayot” nodavlat notijorat tashkiloti, Ombudsmannning viloyat boʻlimi va boshqa qator xoʻjalik yurituvchi tashkilotlarga ham xonalar ajratilgan. Bu ularning markaz bilan yaqin aloqada boʻlib, ish yuritishida muhim oʻrin tutadi.
Viloyatda 600 mingga yaqin oila mavjud. Shundan 149 mingdan ziyodi yosh oilalar. Markaz xodimlari oilalar oʻrtasida “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga izchil tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirishga bel bogʻlagan. Shu maqsadda zamonaviy oilani rivojlantirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilaning ichki munosabatlari, boy madaniy, tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlar muammolari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish asosida oila institutini mustahkamlashga eʼtibor qaratmoqda.
Markaz qoshida maxsus oʻquv kurslar tashkil etilgan va 2018-yil sentyabr oyidan faoliyat yuritmoqda. Xususan, “Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”da joriy yilda 1700 yoshni oilaviy hayotga tayyorlash moʻljallangan. Mashgʻulotlarga tajribali psixolog, sotsiolog, huquqshunoslar va dinshunoslar, reproduktiv markazi mutaxassislari jalb etilgan. Yosh oilalar, yigit-qizlar, nikohlanuvchi shaxslar ishtirokida seminar-trening mashgʻulotlari tashkil etilmoqda. Muxtasar aytganda, yangi binoda barcha ishlarni sifatli, tezkor amalga oshirib, jamiyatimizning asosiy boʻgʻini boʻlgan oilalarni yanada mustahkamlash uchun barcha sharoit yaratilgan.
Prezidentimizga Vazirlar Mahkakamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va muammolar, aholi murojaatlari bilan ishlash, oila institutini mustahkmalash sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari, zamonaviy namunali oila modelini targʻib qilish, oilalardagi ijtimoiy-demografik holat haqida maʼlumot berildi.
Xususan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilgan saʼy-harakatlar natijasida joriy yilning olti oyi holatida 13 mingdan ortiq notinch oila yarashtirilgan. 21 mingdan ortiq bola yetimlikdan asrab qolingan. Markazga oilaviy muammolar, moddiy yordam, ish bilan taʼminlash, huquqiy maslahat soʻrab qilingan 21 mingdan ortiq murojaatning 75 foizi ijobiy hal etilgan.
Prezidentimiz oilalarni ilmiy tadqiq etishda har bir hududning oʻziga xos urf-odatlari va qadriyatlarini eʼtiborga olish zarurligini qayd etdi. Oila munosabatlariga oid ilmiy ishlarni yuzakilik bilan emas, hayotiy misollarga asoslanib, olib borish zarurligini alohida taʼkidladi.
Oilaning muqaddas qoʻrgʻon ekanligini keng targʻib qilishda olimlar, yozuvchi va shoirlar, umuman, ziyoli qatlamni jalb etish va bu harakatdan hech kim chetda qolmasligi lozim, dedi davla timiz rahbari.