Olmazor tumanida yangi sanoat zonasi tashkil etiladi
Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi “Oniks Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.
Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi “Oniks Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.Korxona Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, bir sutkada 20 tonna natriy-kalsiylik zamonaviy shisha idishlar ishlab chiqaradi. Yevropaning yetakchi mamlakatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan korxonada 200 kishi mehnat qiladi.
Prezidentimiz korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Davlatimiz rahbariga 2017-2018-yillarda Olmazor tumanining sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ko‘rsatildi. Unda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlardan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev tumandagi bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish, ular bazasida zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“O‘zsanoatqurilishbank” , “Asakabank”, Xalq banki, O‘zmilliybank, “Ipoteka-bank” “Ipak yo‘li” banklari tomonidan Olmazor tumanida ishga tushirilayotgan yangi loyihalarga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. “Art vud grup” MChJ tomonidan yog‘och mahsulotlaridan LDSP va LMDF ishlab chiqarish loyihasi shulardan biri. Korxona mahsulotlaridan zamonaviy mebel va buyumlar tayyorlashda foydalaniladi. “Ijod-ijod” xususiy korxonasi sopol buyumlar, “Euroasia Alliance Teks" MChJ dag‘al ip gazlama, “Stanko Stroitel” MChJ metall va yog‘ochga ishlov beradigan dastgohlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.
“Inter kapital” MChJga qarashli bo‘lgan bino va inshootlarda dori vositalari ishlab chiqarish, “Galenika” MChJda esa yiliga 60 dan ortiq turdagi 225 million dona tabletka, kapsula, sashe va boshqa import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqariladi.
Prezidentimiz mazkur loyihalarni ishga tushirish muddati va yaratiladigan ish o‘rinlari bilan qiziqdi.
Loyihalarda qurilish materiallari, yog‘och, metall, polisterolbeton plitalari, oynani qayta ishlash, maxsus ishchi kiyimlari, qandolatchilik mahsulotlari, tibbiyot buyumlari, non va non mahsulotlari, oziq-ovqat, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.