Test sinovlari boshlandi
Yurtimizda oliy oʻquv muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha test sinovlari boshlandi.
Yurtimizda oliy oʻquv muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha test sinovlari boshlandi.
Oliy taʼlim tizimidagi oʻqitishni sifat jihatdan yanada takomillashtirish masalasi doimiy eʼtiborda boʻlib kelmoqda. Abituriyentlar uchun koʻplab yangiliklar joriy etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan test sinovlarini belgilangan talab va meʼyorlar asosida oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi.
Test sinovlari oʻtkaziladigan binolarga borish yoʻnalishlarida yoʻl koʻrsatgichlari oʻrnatilib, har bir hududda test sinovlari jarayoni uchun zarur axborot, texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratilishiga jiddiy ahamiyat berildi. Xususan, abituriyentlarning hudud tashqarisidagi va ichkarisidagi toʻplanish joylarida soya-salqin joylar – maxsus soyabonlar, “mikroklimat” tizimi tashkil etildi.
Yoʻlovchi tashuvchi transportlarning oʻz vaqtida va uzluksiz qatnovi taʼminlanmoqda. Bino rahbarlari va guruh nazoratchilarining test sinovlariga belgilangan vaqtda yetib kelishini taʼminlash uchun barcha tashkiliy ishlar – transport, yigʻilish joylarini va vaqtini belgilab olish kabi tadbirlar amalga oshirilmoqda. Test sinovlari oʻtkaziladigan hududlarda tibbiy navbatchilik yoʻlga qoʻyilgan. Test oʻtkaziladigan binolar kuzatuv kameralari va shaxsni identifikatsiyalash vositalari bilan jihozlandi.
Test sinovlarining umumiy jarayoni DTM tomonidan ruxsat berilgan Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi aʼzosining kuzatuvi ostida abituriyentlarga xalaqit bermagan holda birinchi smenada 10:00 dan 10:20 gacha, ikkinchi smenada 17:00 dan 17:20 gacha boʻlgan vaqtlarda ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan suratga olinishiga ruxsat etiladi.
Davlat test markazi maʼlumotiga koʻra, respublika boʻyicha jami 60 oliy taʼlim muassasasi va ularning 30 filialiga kirish uchun 1 million 66 ming 925 abituriyent roʻyxatdan oʻtgan. Ularning 718 ming 97 nafari kunduzgi taʼlim shakliga, 13 ming 821 nafari kechki taʼlim shakliga, 335 mingdan ziyodi sirtqi taʼlim shakliga hujjat topshirgan.